Jamiyat | 10:43 / 25.09.2024
17109
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda odamlar ustiga Captiva haydagan erkak qamaldi. Uning mashinasi esa musodara qilingan 

Sayxunobod tumanida futbol maydonida odamlar ustiga mashina haydagan haydovchi 4,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Uning Captiva mashinasi esa jinoyat quroli sifatida topilib, davlat foydasiga musodara qilingan. Erkak sudda hammadan uzr so‘rashini bildirib, o‘ziga oxirgi imkoniyat berishni so‘ragan.

Foto: Videodan kadr

2024 yilning 29 may kuni Sayxunobod tumanida mast erkak Captiva’ni stadionga boshqarib tushib, atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda mashinani odamlar ustiga haydab borgan edi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277 - moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi tegishli tartibda qamoqqa olingan hamda mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgandi.

Ushbu shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Bu kun” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Haydovchi sudda kechirim so‘rab, qaytib odamlar to‘plangan joylarga bormasligini bildirdi.

Ikkinchi aylangan vaqtimda mashinamning burchagi bir bolaga tegib ketdi. Keyin shuncha voqea bo‘ldi, tavakkal dedim-da, stadion darvozasiga qarab haydadim. O‘sha orada mashinani toshbo‘ron qilishdi. Keyin to‘g‘ri chiqib, uyimga ketdim.

Hammadan uzr so‘rayman, tavba qildim. Endi umuman odam yig‘ilgan joyga, to‘yga ham bormayman, va’da beraman. Oxirgi imkoniyat berishingizni so‘rayman”, degan u. 

Sudda da’vogarlar undan shikoyati yo‘qligini bildirgan. Biroq erkakning mashinasi old qismi bilan ikki nafar shaxsni turtib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan. Sud hukmi bilan erkakka 4 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli kaloniyada o‘tash belgilangan.

Shuningdek, sud hukmi bilan Captiva mashinasi jinoyat quroli deb topilgan va davlat foydasiga musodara qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs muqaddam ham bezorilikda ayblanib, sudlangan. O‘shanda unga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Biroq erkak ozodlikni cheklash talablarini buzgani uchun ushbu jazo ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan bo‘lgan.

Mavzuga oid