Jahon | 23:21 / 25.09.2024
8498
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Si Jinpingni tanqid qilgan mashhur iqtisodchi yo‘qolib qoldi - OAV

54 yoshli erkak yopiq chatda Xitoy iqtisodiyoti zaiflashgani haqida bir qancha xolis fikrlarni bildirgan, shuningdek, Si Jinping ham qachondir vafot etishi haqida yozgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Xitoydagi yetakchi iqtisodchilardan biri Chju Xenpen yopiq chatda XXR yetakchisi Si Jinpingning boshqaruvini tanqid qilganidan keyin yo‘qolib qoldi, deb xabar beradi Wall Streat Journal.

Nashrning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, bahorda 54 yoshli Chju Xenpen Xitoy iqtisodiyoti zaiflashgani haqida bir qancha xolis fikrlarni bildirgan, shuningdek, Si Jinping ham qachondir vafot etishi haqida qo‘rqmasdan yozgan. Iqtisodchi bu haqda Xitoyning WeChat ilovasidagi yopiq guruh chatida yozgani aytilmoqda.

Xenpenga qarshi jinoyat ishi ochilgan, u qo‘lga olingan va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Iqtisodiyot institutidan (Cass) haydalgan. Bu yerda u 20 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan bo‘lsa, shundan 10 yilida direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Chju Xenpenning oxirgi ommaviy chiqishi aprel oxiriga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u keksalarni parvarishlash masalalariga bag‘ishlangan an’anaviy forumda chiqish qilgan.

Iqtisodchi hozir qayerda ekani va unga nima bo‘lgani — noma’lum. Uning ismi Cass xodimlari ro‘yxatidan ham yo‘qolib qolgan, OAVning elektron maktublariga javob qaytarmagan, Pekindagi kvartirasi eshigini esa hech kim ochmayapti.

Avvalroq Xitoyda yuqori texnologiyalar sohasidagi yirik biznes-vositachi Bao Fan yo‘qolib qolganidan keyin uning bankida 11 million dollarlik sirli hisobraqam paydo bo‘lgani aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid