Jahon | 20:42 / 26.09.2024
2170
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya o‘zining razvedka sun’iy yo‘ldoshini orbitaga uchirdi

Mazkur sun’iy yo‘ldoshni uchirish loyihasi ustidagi ishlar 1998 yilda Shimoliy Koreya raketalari sinoviga javob tarzida boshlangan.

Foto: news.satnews.com

Yaponiyaning IGS Radar 8 razvedka sun’iy yo‘ldoshi o‘rnatilgan o‘rta sinfga kiruvchi H-IIA tashuvchi raketasi orbitaga uchib ketdi, deb xabar beradi Mitsubishi Heavy Industries (MHI) kompaniyasi.

Qayd etilishicha, tashuvchi raketa Yaponiya vaqti bilan soat 14:24 ta Tanegasima kosmik markazi maydonchasidan start olgan.

Kosmik apparat Yaponiyaning Information Gathering Satellite (IGS) davlat dasturi doirasida, sun’iy yo‘ldoshdan olingan o‘zining razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lish uchun orbitaga uchirilgan. Loyiha ustidagi ishlar 1998 yilda Shimoliy Koreya raketalari sinoviga javob tarzida boshlangan.

Apparat Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Sun’iy yo‘ldosh axborot markazi tomonidan foydalaniladi. Shu bilan birga, u mamlakat milliy mudofaasi hamda tabiiy ofatlardan ogohlantirish maqsadlariga ham xizmat qiladi.

Sun’iy yo‘ldosh mavjud yapon orbital guruhining bir qismi sifatida faoliyat yuritadi. Uning tarkibidagi apparatlar optik-elektron va radiolokatsion apparatlar bilan jihozlangan. Yanvar oyida Yaponiya orbitaga Optical 8 sun’iy yo‘ldoshini uchirgan edi.

Avvalroq Eron Chamran-1 sun’iy yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi. Og‘irligi 60 kilogrammni tashkil etadigan sun’iy yo‘ldoshning asosiy vazifasi orbital manyovrchanlik texnologiyasini tekshirish uchun dasturiy va apparat ta’minotlarini sinovdan o‘tkazishdan iborat.

Mavzuga oid