Jahon | 21:03 / 27.09.2024
6088
2 daqiqa o‘qiladi

Botsvana ocharchilik tufayli 20 ming filni o‘ldirmoqchi

Fil go‘shti muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga yordam berishi mumkinligi ta’kidlanyapti.

Foto: Getty Images

Botsvana 20 ming bosh filni o‘ldirish haqida o‘ylamoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Mokgvitsi Masisi bayonot berdi.

Davlat rahbari Botsvana ayni damda so‘nggi 50 yildagi eng dahshatli qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotganini alohida ta’kidladi. Odamlar och qolmoqda va fil go‘shti muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga yordam berishi mumkin.

«Odamlar och qolganda, biz ularni boqishimiz kerak. Va men sizga ayta olaman: ular fillarni yeydi. Shuning uchun, men qo‘rqamanki, odamlarni fillarning bir qismi yoki barchasi bilan boqishdan boshqa ilojimiz yo‘q», dedi prezident.

Ilgari Mokgvitsi Masisi Germaniyaga 20 ming bosh fil yuborishni rejalashtirgan edi. Bungacha Yevropa davlati ov o‘ljalarini olib kirishga cheklovlar joriy etishga qaror qilgan edi.

Botsvana prezidentining aytishicha, uning xalqi kambag‘al va ovchilikdan olinadigan daromadga muhtoj. Yevropa Ittifoqidagi ov o‘ljalarining eng yirik importchilaridan biri bo‘lgan Germaniya tomonidan kiritilgan cheklovlar Botsvana aholisini yanada qashshoqlashtiradi.

Botsvanada 130 mingga yaqin fil yashaydi - bu dunyo fillarining uchdan bir qismi. Ulkan hayvonlar ekinlarni payhon qilishi va yeyishi orqali mahalliy aholiga muammo tug‘diradi.

Mavzuga oid