Jahon | 20:12 / 28.09.2024
6684
2 daqiqa o‘qiladi

Eron oliy rahnamosi «Hizbulloh» rahbari o‘ldirilganidan keyin xavfsiz joyga ko‘chirildi

Isroil «Hizbulloh»ning Bayrutdagi shtabiga zarba berganidan keyin Ali Xominaiy Milliy xavfsizlik oliy kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi.

Foto: AFP

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy xavfsiz joyga ko‘chirilib, uni qo‘riqlash tizimi kuchaytirildi. Bu haqda Reuters vaziyatdan xabarbor ikki manbasiga tayanib xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati TsAXAL tomonidan berilgan zarbalar oqibatida «Hizbulloh» harakatining yetakchisi Hasan Nasrulloh halok bo‘lganidan keyin «Hizbulloh» va unga bog‘liq boshqa guruhlar bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.

27 sentabr kuni kechasi Isroil «Hizbulloh»ning Bayrutdagi shtabiga zarba berganidan keyin Ali Xominaiy Milliy xavfsizlik oliy kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirgan.

TsAXAL matbuot xizmati 28 sentabr kuni ertalab 30 yildan ortiq vaqt davomida «Hizbulloh»ni boshqarib kelgan Hasan Nasrulloh Bayrutga uyushtirilgan hujum oqibatida o‘ldirilganini ma’lum qildi. «Hizbulloh» harakati Nasrullohning o‘limini tasdiqladi.

31 iyul kuni Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya Tehronda suiqasd natijasida halok bo‘lgandi. U Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning inauguratsiyasiga kelgandi. Haniya to‘xtagan uyda bomba portlagan. Eron va HAMAS Isroilni qotillikni uyushtirganlikda aybladi, ammo Isroil rasman mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmadi.

Mavzuga oid