O‘zbekiston | 07:30 / 30.09.2024
6401
2 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom neft» O‘zbekistonda yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurishi mumkin

Kompaniya rahbari Aleksandr Dyukov O‘zbekistonda jadal iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgani va neft mahsulotlari iste’moli ortib borayotganini ta’kidladi.

Foto: Wikipedia

«Gazprom neft» O‘zbekistonda qator yangi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, o‘z brendi ostida yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, dedi kompaniya rahbari Aleksandr Dyukov Rossiya energetika haftaligida jurnalistlarga.

«Biz hozir ham O‘zbekistonda ishlayapmiz, u yerga neft va neft mahsulotlari – benzin, dizel yonilg‘isi, moylash va bitum materiallarini yetkazib bermoqdamiz. O‘z brendimiz ostidagi yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish loyihasi muhokama qilinmoqda», — dedi u.

Dyukov O‘zbekistonda jadal iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgani va neft mahsulotlari iste’moli ortib borayotganini ta’kidladi. «Bu istiqbolli bozor, unda bo‘lish, albatta, to‘g‘ri», deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekiston bilan uglevodorodlarni qidirish va qazib olishdagi texnologiyalar sohasida hamkorlikni davom ettirish niyatida, dedi Dyukov. «Raqamli yechimlarimizdan foydalanib, biz O‘zbekistonda burg‘ilashni boshqarish markazini ochishga yordam berdik, bu esa respublika konlarida quduqlarni qurish vaqtini va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi», — dedi u.

VII Rossiya energetika haftaligi Rossiya Federatsiyasi hukumati, Rossiya Energetika vazirligi va Moskva hukumati ko‘magida o‘tkazilmoqda. Tashkilotchi — Roscongress fondi.

Mavzuga oid