«Bizga uzoqlik qiladigan joy yo‘q». Isroil Yamanda husiychilarga ham hujum qildi, Livanda Eron generali o‘ldirildi
So‘nggi zarbalardan keyin «Hizbulloh»ning yana 20 dan ortiq qo‘mondoni halok bo‘lgan. G‘arbdagilar bu hujumlar Isroil razvedkasi imkoniyatlarini namoyish etmoqda deb hisoblamoqda.
Isroil Livandagi davomli zarbalardan keyin Yamandagi Eron ta’siridagi husiychilar guruhi nazorati ostidagi hududlarga ham hujum uyushtirdi.
Husiychilar nazoratidagi media Yamanning Hudayda portiga aviazarbalar haqida yakshanba kunining ikkinchi yarmida xabar tarqatdi. Ko‘p o‘tmay TsAHAL o‘nlab jangovar, yonilg‘i tashuvchi va razvedkachi samolyotlar ishtirokida «yirik havo amaliyoti» o‘tkazganini tasdiqladi.
Bayonotda aytilishicha, amaliyot «husiychi terrorchilik rejimi»ning Hudayda va Ras Isso shaharlaridagi harbiy obektlariga qarshi qaratilgan, ammo bu obektlar elektr stansiyalar va neft importi uchun foydalaniladigan port edi. «Biz uchun hech qaysi joy uzoqlik qilmaydi», — degan Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant alohida bayonotida.
Husiychilar rasmiylari Hudaydada to‘rt kishi halok bo‘lib, 33 kishi yaralangani to‘g‘risida xabar bergan.
Husiychilar G‘azodagi Hamasga birdamligini izhor qilgan va Isroilga hujumlarini shu bilan izohlagan. Ular bir necha marta Isroil tomonga «Shaheed» dronlari va raketalarni uchirgan, ularning ayrimlari isroilliklarning havo hujumidan mudofaa tizimlaridan o‘tib ketgan. Isroil oldin ham, dronlardan biri Tel-Avivga qadar yetib borganida Yamanga aviazarbalar yo‘llagandi.
Shuningdek, husiychilar Yaman sohillari yaqinida, Qizil dengiz va Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalarga ham hujum qilib kelmoqda. Ular faqat Isroil, AQSh yoki Buyuk Britaniyaga aloqador bo‘lgan kemalarga hujum qilishlarini aytishadi; ammo boshqa davlatlarning kemalariga hujum uyushtirilgan holatlar ham bo‘ldi.
Husiychilar vakili Muhammad al Burhayti yakshanba kungi hujumni Isroilni himoyasiga olgan «Britan-Amerika tajovuzi» deb atadi.
Husiychilar Yamanning shimoliy qismini nazorat qiladi. Mamlakatning qolgan hududlarini xalqaro darajada tan olingan, lekin Saudiya Arabistoniga qaram bo‘lgan hukumat, shuningdek, alohida davlat qurish istagida bo‘lgan boshqa ayirmachi guruhlar nazorat qiladi.
Husiychilar Eron «Qarshilik o‘qi» deb ataydigan guruhning bir qismi sanaladi — bu Falastin hududlari, Livan, Suriya, Iroq va Yamanda Isroil va G‘arbga qarshi turuvchi qurollangan guruhlar tarmog‘idir, ularning eng yirigi Livandagi «Hizbulloh» harakatidir. Ular Erondan turli shakldagi yordamlarni olib turadi, jumladan qurollar yetkazib beriladi, ammo o‘z harakatlarida u yoki bu darajada mustaqillikka ham ega.
Livan bo‘ylab navbatdagi hujumlar
Shanba kuni isroillik harbiylar Livanda «Hizbulloh»ning yuzlab obektlariga zarbalar yo‘llagan, yakshanba kuni kunduzi esa Bayrut janubidagi Dahiya tumanidagi nishonlarga yangi hujumlar uyushtirilgandi.
Isroil mudofaa armiyasining yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida bunday nishonlar qatorida Isroil tomon qaratilgan raketa uchirish qurilmasi ham bo‘lgani aytilgan. Zarbalar «qurollar saqlangan va tashkilot harbiy infratuzilmasi hisoblangan binolar»ga berildi, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, TsAHAL isroilliklarning shanba kuni Bayrut bo‘ylab aviazarbasi oqibatida «Hizbulloh»ning yana bir yuqori martabali mulozimi Nabil Kauk o‘ldirilganini ma’lum qildi. U guruhda ichki xavfsizlik kengashini boshqargan va uning markaziy kengashining muhim a’zolaridan biri bo‘lgan.
TsAHAL Kaukni «Hizbulloh»ning «oliy rahbariyatiga yaqin» odam deb atagan va «Isroil davlati va uning fuqarolariga qarshi terrorchilik fitnalarini targ‘ib etishda bevosita ishtirok etgani»ni ta’kidlagan.
«Hizbulloh» yakshanba kuni kunduzi Kauk hamda boshqa bir qo‘mondon, guruhning janubiy fronti rahbari Ali Karakiyning o‘limini tasdiqladi.
Bu vaqtda Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi ham brigada generali, korpus qo‘mondonining amaliyotlar bo‘yicha o‘rinbosari Abbos Nilforushon Isroil 27 sentabr kuni Bayrutga yo‘llagan aviazarbalar vaqtida halok bo‘lgani haqida xabar qildi. Isroil ma’lumotiga ko‘ra, juma kungi reyd davomida «Hizbulloh»ning turli darajadagi 20 dan ortiq qo‘mondonlari o‘ldirilgan.
Nilforushon 2019 yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondonining operativ masalalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan, u bu lavozimda Ali Zohidiy o‘rnini egallagandi.
Korpus bayonotida Nilforushonning «Qarshilik fronti» va Eron mudofaasidagi roli e’tirof etilgan hamda uning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirilgan, ammo «sionist rejimning Livandagi jinoyati» qoralangan bo‘lsa-da, korpus tomonidan uning o‘limi uchun javob qaytarilishi borasida hech narsa deyilmagan.
Bungacha Islom inqilobi muhofizlari korpusi bir necha bor Hamasning iyul oyi oxirida Tehronda o‘ldirilgan yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘limi yuzasidan javob choralari ko‘rilishiga va’da bergandi.
Livandagi nashrlarga ko‘ra, isroilliklarning oxirgi zarbalari oqibatida mamlakat janubida kamida olti kishi, Livan shimoli-sharqidagi, «Hizbulloh»ning tayanchi hisoblanadigan Bekaa vodiysida yana to‘qqiz kishi halok bo‘lgan.
Arablarning «An-Nahar» gazetasi xabariga ko‘ra, Livan janubidagi Ankon shahrida uch kishi, boshqa bir aholi yashash manzili Nabatiyehda yana uch kishi qurbon bo‘lgan.
BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari ma’lumotiga ko‘ra, Livanda so‘nggi haftalarda 200 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Livandagi NNA davlat axborot agentligi Livan hukumatidagi manbaga tayanib xabar berishicha, o‘tgan haftada Livandan qo‘shni Suriyaga 80 mingga yaqin kishi — 36 mingdan oshiq suriyalik va 41 300 livanlik qochib o‘tgan.
116 000 dan ortiq qochqin boshpanalarda ro‘yxatga olingan. Hukumat hisobotiga ko‘ra, ayni vaqtda Livanda jamoat muassasalari, jumladan maktablar va qishloq xo‘jalik markazlarida 777 ta boshpana tashkil etilgan.
Jahon oziq-ovqat tashkiloti mintaqada milliondan ortiq kishiga yordam tarqatish uchun favqulodda amaliyot boshladi. «Bu dam olish kunlaridagi mojaroning navbatdagi keskinlashuvi zudlik bilan gumanitar choralar ko‘rishni taqazo etadi», — deyilgan agentlik bayonotida.
Eron qanday javob qaytaradi?
BBC fors xizmati sharhlovchisi Jiyar Golning qayd etishicha, Eron hukumati ko‘p yillar mobaynida o‘z fuqarolari uchun «Hizbulloh» va uning yetakchisi Hasan Nasrullohni mamlakat tashqarisida Islom respublikasi dushmanlariga qarshi kurashuvchi qudratli kuch sifatida gavdalantirib kelgandi. Endi esa, ko‘pchilik eronliklar uchun bu guruh haqidagi mif yo‘qqa chiqdi.
Ko‘p yillar mobaynida Eron «Hizbulloh» hamda Yaman, Iroq va Suriyadagi shialarning boshqa harbiylashgan tuzilmalariga jangchilar tayyorlash hamda qurollantirish uchun milliardlab dollar sarflagandi. Ammo Isroil atigi 9 kun ichida «Hizbulloh» yetakchisi va uning deyarli barcha yuqori martabali qo‘mondonlarini yo‘q qildi, peyjyerlar va ratsiyalar portlashi oqibatida guruhning o‘rta bo‘g‘indagi o‘nlab a’zolari halok bo‘lib, minglab kishi yaralandi.
«Hizbulloh» qo‘mondonlari kabi doimiy harakatda bo‘ladigan nishonlarga zarbalar berish uchun aniq razvedka ma’lumotlari talab etiladi. Bu ham Eron rasmiylarini jiddiy tashvishga solayotgan Isroilning razvedka imkoniyatlarini namoyish etadi.
Shu kunlarda Reuters agentligi Eronning oliy diniy rahnamosi nisbatan xavfsizroq joyga ko‘chirilgani haqida xabar tarqatdi.
Gol o‘tgan yillarda Eronning yadroviy va raketa energetikasi sohasidagi o‘nlab olimlari muhim strategik obektlarda ro‘y bergan portlashlar oqibatida o‘ldirilganini qayd etgan.
2012 yilda Eron razvedkasining sobiq xodimi Ali Yunusiy Isroil razvedkasi Islom Respublikasi tizimlariga kirgani, mamlakat rahbariyatining har bir a’zosi o‘z xavfsizligi to‘g‘risida qayg‘urishi lozimligini aytgandi.
Ammo hozircha Tehron Isroilga qasos bilan tahdid qilmayapti. Eron yetakchilari mamlakat elchisi Bayrutdagi peyjyerlar va ratsiyalar portlashi vaqtida yaralanganidan keyin ham munosabat berishda odatdagidan farqli o‘laroq ancha vazminlik namoyish etishgandi. Taqqoslash uchun, aprel oyida Isroil Eronning Damashqdagi konsulxonasiga hujum qilib, Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali sakkiz nafar qo‘mondonini o‘ldirganida Eron tezkor reaksiya ko‘rsatib, Isroil bo‘ylab yuzlab dronlar va raketalar uchirgandi.
Yakshanba kuni Eron yetakchisi, oyatulloh Ali Xominaiy «Hizbulloh»ning qudrati haqida gapirdi, ammo Eron ushbu guruhni qo‘llab-quvvatlash uchun vaziyatga aralashishi mumkinligi haqida so‘z aytmadi. Buning o‘rniga u islom davlatlarini Isroilga qarshi birlashishga chaqirdi.
Eron murakkab vaziyatda qolgan, mamlakat rahbariyati Isroilga hujum AQSh tomonidan harbiy javobni keltirib chiqarishi va mamlakat yanada kattaroq mojaroga tortilishi mumkinligidan xavfsiramoqda.
Shu bilan birga, agar Tehron «Hizbulloh»ni faol qo‘llab-quvvatlamasa, bu Eronning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan boshqa guruhlar uchun, inqirozli vaziyat yuzaga kelgan taqdirda Islom Respublikasi o‘zining omon qolishi va manfaatlarini ularning manfaatlaridan yuqori qo‘yishi mumkinligi haqida signal bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi BBC sharhlovchisi.
Isroil razvedkasining yangi metodlari: g‘arb nashrlari nimalar yozmoqda?
G‘arbdagi nashrlar «Hizbulloh» rahbariyati va guruhning qurol ishlab chiqarish korxonalari bo‘ylab yo‘llangan zarbalar — Isroil razvedkasining muvaffaqiyatli faoliyati natijasi ekanini qayd etmoqda.
Financial Times gazetasiga ko‘ra, «Hizbulloh» kuchayib borgani sari — xususan, 2012 yil Suriyadagi amaliyotlar chog‘ida, o‘shanda guruh Bashar Asad rejimiga muxoliflarining qarshiligini bostirishda yordam bergandi, Isroilda guruhning tuzilmasi, usullari va ichki ishlari bilan tanishish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bir tomondan, «Hizbulloh» jangchilari Suriyada yaxshi amaliyotga ega bo‘ldi, boshqa tomondan — guruh a’zolari soni oshdi, bu esa Isroil razvedkasi uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi, ular o‘z josuslarini guruh a’zolari safiga kiritdi, uni tark etganlar bilan aloqa o‘rnatdi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti dasturiy direktori Randa Slimga ko‘ra, Suriyadagi urush ichki nazorat mexanizmini zaiflashtirib, josuslarni kiritish uchun eshiklarni yangi darajada ochib bergan.
Shuningdek, Suriyadagi urush vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda Isroil razvedkasi erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan katta hajmdagi ma’lumotlar joylashtirilardi, «shahidlar» plakatlarida halok bo‘lgan jangchilar qayerdan bo‘lgani, qayerda o‘ldirilgani, do‘stlari va qarindoshlari kim ekani haqida batafsil aytib o‘tilardi. Ayrim dafn marosimlarida esa nisbatan yuqori lavozimdagi yetakchilar soyadan chiqib, ko‘rinish berardi.
Bundan tashqari, «Hizbulloh» Suriyada o‘z ma’lumotlarini korrupsiyaga botgani bilan tanilgan Suriya razvedkasi yoki Rossiya maxsus xizmatlari bilan ham bo‘lishardi, ularni esa muntazam ravishda amerikaliklar kuzatgan.
FT isroilliklar muntazam ravishda metodlarni takomillashtirib borganini, buning yordamida ular Nasrulloh so‘nggi yillarda yashab kelgan yerosti bunkerlaridan birini topishga muvaffaq bo‘lishganini qayd etadi. Hamas 2023 yil 7 oktyabrida qilgan hujumdan biroz vaqt o‘tib Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari razvedka «Hizbulloh» yetakchisi yashiringanini ko‘rsatgan joyni bombalash uchun uchib borgandi. Isroillik mulozimlardan biri nashrga o‘shanda reydni Oq uy talabi bilan bekor qilishga to‘g‘ri kelganini aytgan.
Wall Street Journal Nasrullohning o‘limidan ikki oy oldin «Hizbulloh»ning oliy martabali qo‘mondoni Fuad Shukrni o‘ldirish orqali Isroil o‘z josuslarini «Hizbulloh» ichkarisiga naqadar chuqur kiritganini namoyish etganini eslatadi. So‘nggi o‘n yillar mobaynida AQSh ta’qibidan muvaffaqiyatli yashirinib kelgan qo‘mondon Bayrutdagi turar joy binolaridan birining yuqori qavatidagi kvartirasida aviazarba oqibatida halok bo‘lgandi, o‘shanda uni bu yerga biroz oldinroq telefon orqali chaqirishgandi.
Isroil Milliy xavfsizlik kengashining sobiq katta direktori, hozirda esa milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha MIND Israel maslahat guruhi xodimi Avner Golovning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning «Hizbulloh» bilan kurashdagi muvaffaqiyati Hamasning o‘tgan yil oktyabridagi hujumi bilan solishtirilsa, bu mamlakat xavfsizlik xizmati himoyada emas, hujumda yaxshiroq ekanini izohlaydi.
«Isroil xavfsizlik doktrinasi mohiyati dushman hududida urush olib borishdan iborat. G‘azo bilan barchasi butkul boshqacha bo‘lgandi. Biz buni kutmagandik va shuning uchun bu muvaffaqiyatsizlik ro‘y berdi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.
Ikki tomon 2006 yilda bir oydan ortiq vaqt davom etgan urushdan keyin sulh imzolaganidan keyingi davrda Isroil «Hizbulloh»ning qurol-aslaha to‘plashini kuzatib keladi. O‘sha vaqtlarda Isroil maxsus xizmatlarining ko‘plab vakillari armiyaning urushdagi harakatlaridan hafsalasi pir bo‘lgan, chunki u «Hizbulloh»ga jiddiy zarar yetkaza olmagan va sulhdan keyin guruh Livan janubidagi pozitsiyalarini tiklay boshlagandi.
Natijada harbiylar «Hizbulloh» tuzilishini yaxshiroq tushunishga harakat qildi hamda bu guruh Eron tomonidan harbiy va moliyaviy yordam olishiga to‘sqinlik qilishni boshladi, jumladan Suriyadagi «urush ichidagi urush» deb nom olgan aviazarbalar kampaniyasi orqali.
New York Times Isroilning maxsus topshiriqli bo‘linmasi 8 sentabr kuni Suriyada «Hizbulloh» uchun qurol ishlab chiqarilgan yerosti zavodiga bostirib kirishini tasvirlaydi, o‘shanda avvaliga Isroil harbiy-havo kuchlari havodan qo‘riqchilarni yo‘q qilgan, shturmchi guruh esa 15 daqiqa ichida
korxonani egallagan (bu reyd haqida oldinroq xabar tarqalgandi: aviazarba haqida 9 sentabr kuniyoq Suriyadagi bir necha davlat nashrlari xabar bergandi, so‘nggi kunlarda esa desant tushirilishi tafsilotlari Suriyadagi inson huquqlarini kuzatish markazi, New York Times va Axios tomonidan ochiqlandi).
Suriya shimoli-g‘arbidagi Masyaf shahridan uzoq bo‘lmagan hududda joylashgan zavod rasman Suriya ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar markazi sifatida ma’lum. Rasman zavod Suriya mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lsa-da, g‘arblik mulozimlar ma’lumotiga ko‘ra, undagi ish jarayoni ustidan nazorat «Hizbulloh» va Eron tomonidan amalga oshiriladi.
Zavod Livan bilan chegaradan atigi 50 kilometr masofada joylashgan, shuning uchun, nashrning isroillik va amerikalik manbalari tasdiqlashicha, «Hizbulloh» qurollarni Erondan minglab kilometr masofa orqali tashib kelmasdan, aynan shu yerda ishlab chiqarishni afzal ko‘rgan.
Isroillik yuqori martabali mulozimlar reyddan keyin amerikalik hamkasblariga aytishicha, bu 7 oktyabr kungi hujumdan chiqarilgan saboq natijasi bo‘lgan. Isroil hukumati «Hizbulloh» yangi qurol ishlab chiqarishga harakat qilayotganidan xabar topgach, isroillik harbiylar buning oldini olish choralarini ko‘rgan.
Suriyadagi obekt «Hizbulloh» bu yerda yanada aniqroq harakatlanuvchi va ancha ko‘proq raketalar ishlab chiqarishi mumkinligi borasidagi xavotirlar tufayli isroilliklar uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ldi.
Isroilning «Bo‘linma 8200» nomi bilan mashhur bo‘lgan elektron razvedkasiga obektning batafsil rejasi bo‘yicha kompyuterni buzib kirish orqali qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar kelib tushganidan keyin harakatga kirishiladi. «Bo‘linma 8200» — Isroil razvedkasida 7 oktyabr kuni ro‘y bergan muvaffaqiyatsizlik uchun ayblanadigan bo‘linmaning o‘zi.
Bu safar razvedkachilar nafaqat obekt sxemasini qo‘lga kiritishadi, balki yerosti obektiga kirishda o‘rnatilgan qo‘riqlash postlari joylashuvini ham aniqlaydi. Natijada kommandos tezkorlik bilan harakatlanadi va sanoqli daqiqalarda muvaffaqiyat bilan yakunlanadi.
Gazetaning yozishicha, keyinroq — 17 sentabr kuni ro‘y bergan, Livanda «Hizbulloh»ning Isroil razvedkasi tomonidan minalashtirilgan peyjyerlari portlashi emas, balki aynan Masyafga amalga oshirilgan reyd Isroilning livanliklar guruhiga qarshi nisbatan keng amaliyoti debochasi bo‘lgandi.
Voqealar rivoji
17–18 sentabr. Butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» a’zolariga tegishli peyjyerlar va ratsiya vositalari portlab, kamida 39 kishi halok bo‘ldi va minglab kishilar yaralandi. Bu portlashlar ortida Isroil turgani aytilmoqda, ammo Tel-Aviv buning uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan.
20 sentabr. Isroil «Hizbulloh»ning Bayrut janubidagi tayanch punktlariga zarbalar yo‘lladi, buning natijasida 55 kishi halok bo‘ldi, jumladan yuqori martabali qo‘mondonlardan biri ham.
23 sentabr. Isroil Livanni yoppasiga o‘qqa tutib, «Hizbulloh»ning mamlakat janubi, sharqi va poytaxtdagi 1300 obektiga zarba yo‘lladi. Bir kun ichida 550 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
25–26 sentabr. BMTning Nyu Yorkdagi sammitida jahon davlatlari yetakchilari vaziyatni yumshatishga chaqirdi. Isroilning ittifoqchilari, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Yevroittifoq o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga chaqiruvchi koalitsiya shakllantirdi. Isroil bu taklifni qabul qilmadi, «Hizbulloh» ham e’tiborsiz qoldirdi. Livanda qurbonlar soni 630 kishidan oshdi.
27 sentabr. Netanyahu BMT sammitida chiqish qilib, «Hizbulloh»ni yengish»ga va’da berdi. Isroil guruhning Bayrutdagi qarorgohiga hujum qildi, buning natijasida uning rahbariyati a’zolari halok bo‘ldi, qurbonlar orasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh ham borligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
28 sentabr. TsAHAL Nasrulloh o‘ldirilganini e’lon qildi, bir necha soat o‘tib bu faktni «Hizbulloh» ham tasdiqladi.
Mavzuga oid
16:05
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjyerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024