Jahon | 09:30 / 01.10.2024
6346
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: O‘ldirilgan Nasrullohning amakivachchasi «Hizbulloh» yangi rahbari bo‘ldi

Nasrulloh o‘ldirilganidan keyin «Hizbulloh»ga Safi ad-Din rahbarlik qiladi. Ommaviy axborot vositalari uning o‘lgan amakivachchasiga tashqi qiyofasi o‘xshashligini qayd etadi.

Foto: AFP

«Hizbulloh» harakati Isroil armiyasi tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan so‘ng yangi yetakchini sayladi. Nasrullohning amakivachchasi Hoshem Safi ad-Din guruhning yangi bosh kotibi bo‘ladi, deb xabar bermoqda 30 sentabr, dushanba kuni arab OAV. «Hizbulloh» hozircha guruhning yangi rahbari saylanishi haqidagi ma’lumotga izoh bermagan.

Al Arabia 1994 yildan beri Nasrullohning o‘rniga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq uzoq vaqtdan beri o‘zining nufuzli qarindoshi soyasida yurgan «Hizbulloh» asoschilaridan biri sifatida 60 yoshli Safi ad-Dinni tilga oladi. Ommaviy axborot vositalari ad-Dinning amakivachchasi bilan tashqi ko‘rinishi va hatto nutqida ham o‘xshashlikni qayd etadi. Bundan tashqari, ad-Dinning o‘g‘li Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘linmalaridan biriga qo‘mondonlik qilgan eronlik general Qosim Sulaymoniyning kuyovi bo‘lgani xabar qilingan. Sulaymoniy 2020 yilda AQShning Iroqdagi havo hujumida o‘ldirilgan.

Hasan Nasrulloh 27 sentabr kuni Isroil mudofaa kuchlarining Bayrut chekkasida joylashgan «Hizbulloh» yerosti qo‘mondonlik markaziga bergan aviazarbalari natijasida halok bo‘lgan edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, guruh qarorgohidan faqat xarobalar va 30 metr chuqurlikdagi ulkan o‘ra qolgan. Nasrulloh 32 yil davomida Livandagi harakatga rahbarlik qilgan. U bilan birga yana bir qancha yuqori martabali jangchi qo‘mondonlar, shuningdek, Islom inqilobi muhofizlari korpusi «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni o‘rinbosari halok bo‘ldi.

29 sentabr kuni Reuters va AFP agentliklari «Hizbulloh»dagi manbalariga tayanib, guruh marhum rahbarining jasadi topilgani haqida xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Nasrullohning tanasida ochiq jarohatlar yo‘q. Bu uning portlash to‘lqini ta’siridan o‘lishi mumkinligini anglatadi.

Isroil Livan janubida «Hizbulloh»ga qarshi operatsiya boshladi

Isroil Livan janubidagi chegara hududida «Hizbulloh» guruhi nishonlariga qarshi «cheklangan, mahalliylashtirilgan va maqsadli reydlar» boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 1 oktyabrga o‘tar kechasi bayonot berdi.

Bayonotda, Isroil havo kuchlari va TsAHAL artilleriyasi hududdagi harbiy nishonlarga «aniq zarbalar» berib, Isroil quruqlikdagi kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi. «Shimol o‘qlari» operatsiyasi mavjud vaziyatni baholashga muvofiq va G‘azo sektori va boshqa hududlardagi janglar bilan parallel ravishda davom etadi, deya ta’kidlaydi TsAHAL.

Dushanba kuni kechqurun Al Arabiya va Al Hadath telekanallari Isroil tanklari Rmeysh qishlog‘i hududida joylashgani haqida xabar berishdi. Bundan oldin Isroilning zirhli texnikalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida Livanning chegara hududlariga kirib kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bir necha soat oldin TsAHAL Isroil shimolida — Metula, Misgav-Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekinishgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid