Jahon | 18:43 / 01.10.2024
2852
2 daqiqa o‘qiladi

Shigeru Ishiba Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi

Mamlakat parlamentining har ikkala palatasi 102-bosh vazirni tasdiqladi.

Foto: Kyodo News

Yaponiya parlamentining yuqori va quyi palatasi hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) rahbari Shigeru Ishibani mamlakatning yangi bosh vaziri etib sayladi. Bu haqda NHK xabar berdi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 67 yoshli Isiba nomzodi deputatlarning yarmidan ko‘pi – 465 nafardan 291 nafari tomonidan yoqlandi. Hukmron koalitsiya parlamentning har ikkala palatasida ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

1 oktyabr kuni sobiq bosh vazir Fumio Kisida boshchiligidagi Yaponiya hukumati to‘liq iste’foga chiqdi.

Shuningdek, Yaponiya imperatori Naruxito bosh vazir Isiba tomonidan taklif etilgan mamlakat hukumatining yangi tarkibini tasdiqladi. Tasdiqlash marosimi Tokiodagi Imperator saroyida bo‘lib o‘tdi.

Hukumatning yangi tarkibi avvalroq Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosima Xayasi tomonidan e’lon qilingan edi, u o‘z lavozimini saqlab qoldi. Sobiq mudofaa vaziri Takesi Ivaya Yaponiya tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qiladi. U 2018—2019 yillarda mamlakat Mudofaa vazirligini boshqargan. 2014 yildan 2016 yilgacha Mudofaa vaziri bo‘lgan Gen Nakatani yana lavozimiga qaytdi.

Yaponiya parlamenti quyi palatasi 9 oktyabrda tarqatib yuborilishi, 27 oktyabrda esa navbatdan tashqari umumiy saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

67 yoshli Shigeru Ishiba eng tajribali siyosatchilardan biri. Mudofaa vaziri (2007–2008), Qishloq xo‘jaligi vaziri (2008–2009) va Aholi sonini kamayishiga qarshi kurashish va mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish vaziri (2014–2016) lavozimlarida ishlagan. Uning otasi Jiro Isiba bir vaqtlar Ichki ishlar vazirligini boshqargan.

Mavzuga oid