Qirg‘iziston O‘zbekiston tufayli go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonga va undan keyin Tojikistonga go‘sht eksportining sezilarli darajada oshgani ichki bozorda narxlarni ko‘tarib yuborgani ta’kidlanmoqda.
2024 yil sentabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga soldi, deb xabar berdi «Akchabar».
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mol go‘shti narxi 2024 yil avgust-sentabr oylarida sezilarli darajada oshgan. Avgust oyida mol go‘shtining o‘rtacha narxi bir kilogramm uchun 570,23 qirg‘iz so‘mi bo‘lgan, sentabr oyida bu ko‘rsatkich 608,77 qirg‘iz so‘miga yetgan.
Qirg‘iziston Monopoliyaga qarshi xizmati narxlarning oshishiga sentabr oyidagi to‘y mavsumi va ozuqa yetishmovchiligi sabab bo‘lgani haqida xabar bergan. Biroq, keyinchalik O‘zbekistonga va undan keyin Tojikistonga go‘sht eksportining sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgan.
«Hozir katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishni vaqtinchalik taqiqlashni taklif qildi», dedi Monopoliyaga qarshi xizmat vakili Sirg‘ak Omorov.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan haftada go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq bekor qilingan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Monopoliyaga qarshi xizmatning birgalikdagi faoliyati tufayli narxlar pasaygan.
«Endi narx barqarorlashdi, shuning uchun davlat tomonidan tartibga solishni joriy qilishning hojati yo‘q. Vaziyat o‘zgarsa, Iqtisodiyot vazirligiga tegishli taklif kiritamiz va tegishli qaror qabul qilinadi», deyiladi xizmat xabarida.
Go‘sht narxining asossiz oshib ketishiga duch kelgan fuqarolarga Monopoliyaga qarshi xizmatning hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.
Mavzuga oid
18:02
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
13:52 / 21.12.2024
O‘zbekiston eksportida xususiy sektor ulushi 60 foizga yetkaziladi
18:05 / 20.12.2024