O‘zbekiston | 10:50 / 02.10.2024
4167
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida havo ifloslanishi ortyapti. Ekologiya vazirligi izoh berdi

Oxirgi haftalarda Toshkent shahri havosida zaharli PM2.5 zarrachalari 15 martagacha oshishi kuzatildi. Bunga kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transporti ko‘pligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi kabilar sabab bo‘lyapti, deb izoh berdi Ekologiya vazirligi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 2 oktyabr kuni 9:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi JSST tasdiqlagan me’yordan 8.4 barobarga ko‘paygan. Sentyabr oyida ham shaharda havo ifloslanish darajasi bir necha marta ortgandi. Kun.uz so‘roviga javoban Ekologiya vazirligi ifloslanish manbalari haqida ma’lumot berdi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi. “Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda”, – deyiladi vazirlik izohida.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qo‘shimcha ravishda bir kunda poytaxtga o‘rtacha 150 mingdan 300 minggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkent shahrida transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021 yilda 212,4 ming tonna, 2022 yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan, ya’ni zararli tashlamalar 190,6 ming tonna (47,3 foiz)ga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, 29 sentabr soat kechki vaqtda Toshkent shahrida RM2,5 mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m3 ni tashkil etib, xalqaro IQair ma’lumotlar bazasida dunyoda eng ifloslangan shaharlar reytingida 2-o‘rin deb e’lon qilingandi.

Mavzuga oid