O‘zbekiston | 13:55 / 03.10.2024
7281
2 daqiqa o‘qiladi

Umra litsenziyasi bo‘yicha yangi talablar yaqin kunlarda e’lon qilinishi aytildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 5 oktyabrdan Umra ziyoratiga olib boruvchi firmalarning litsenziyalari o‘z kuchini yo‘qotishi, ular qo‘mitadan yangi litsenziya olishi kerakligini ma’lum qilgandi. Yangi tartib kuchga kirishiga 2 kun qoldi, ammo yangi litsenziya shartlari hali e’lon qilinmadi. Qo‘mita vakili qaror loyihasi hukumatga kiritilgani, hujjat “1-2 kunda” imzolanishi mumkinligini aytdi.

Foto: Kun.uz

2024 yil 2 iyulda qabul qilingan qonun bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilangan. Ushbu yo‘nalishdagi sayyohlik firmalari joriy yil 5 oktyabrdan (qonun rasman kuchga kiradigan sana) Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan yangi litsenziya olishlari kerak bo‘ladi.

Yangi tartib kuchga kirishiga 2 kun qoldi, lekin vakolatli organ hozirgacha yangi litsenziya shartlarini e’lon qilmagan.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati bosh mutaxassisi Yahyo Hayitaliyevning ma’lum qilishicha, qaror loyihasi allaqachon ishlab chiqilib, hukumatga kiritilgan.

Ish bizda qolmagan, hukumat qarori chiqishi kutilmoqda. Bir-ikki kunda chiqib qolsa kerak”, dedi qo‘mita mas’uli.

Hayitaliyev qaror loyihasida litsenziya olish uchun qanday talablar qo‘yilganini ochiqlamadi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Umra litsenziyasini olish shartlari qiyinlashishi, xususan majburiy ravishda qo‘yiladigan garov puli miqdori oshirilishi haqida gap-so‘zlar tarqagan edi.

Mavzuga oid