O‘zbekiston | 21:45 / 03.10.2024
3281
2 daqiqa o‘qiladi

Zomin tog‘lari YuNESKO Butunjahon milliy tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

Milliy tabiiy meros obektining dastlabki nomzodnomasi YuNESKO Butunjahon merosi markaziga yuborildi.

Foto: Kun.uz

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Zomin tog‘lari milliy tabiiy meros obektining dastlabki nomzodnoma hujjati tayyorlanib, YuNESKO Butunjahon merosi markaziga taqdim etish uchun YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasiga yuborildi.

Mazkur nomzodnoma Ekologiya vazirligi mutaxassislari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Geologiya va geofizika instituti, Fanlar akademiyasi Zoologiya va Botanika institutlari, shuningdek, Milliy universitet tadqiqotchi-ekspertlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘iga amalga oshirilgan ekspeditsiyalar davomida olingan ilmiy ma’lumotlardan foydalanilgan holda tayyorlangan.

Ta’kidlanishicha, Zomin tog‘lari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga nomzodnomasi taqdim etilayotgan ilk milliy tabiiy meros obektidir. Hozirga qadar mazkur nufuzli ro‘yxatga transchegaraviy tabiiy obektlar - G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan kiritilgan) va Mo‘’tadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi / 2023 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tomonidan) kiritilgan.

Shuningdek, O‘zbekistondagi Chotqol biosfera qo‘riqxonasi (1978 yilda) va Quyi Amudaryo davlat biosfera qo‘riqxonasi (2021 yilda) YuNESKO Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘idan joy olgan.

Qayd qilinishicha, Zomin tog‘lari milliy tabiiy meros obekti dastlabki nomzodnomasi YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi tomonidan YuNESKO Butunjahon merosi markaziga yuborilgan. YuNESKO mezonlariga muvofiq qabul qilingan nomzodnomalar ikki yil ichida ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid