Bayrut aeroporti hududida kuchli portlashlar ro‘y berdi. Zarbalar nishoni Nasrullohning vorisi bo‘lishi mumkin
AQSh prezidenti Jo Bayden esa Yaqin Sharqda katta urushning oldini olish mumkin deb hisoblamoqda.
Jumaga o‘tar kechasi Livan poytaxti Bayrut shahri janubiy chekkasida joylashgan Rafiq Haririy nomidagi xalqaro aeroport hududida kuchli portlashlar seriyasi kuzatildi.
«Hizbulloh»ga yaqin manbaning AFP muxbiriga aytishicha, Isroil armiyasi guruh obektlari bo‘ylab kamida 11 ta zarba yo‘llagan.
«Isroil shaharning janubiy chekkasiga qatorasiga 11 bor zarba yo‘lladi», — degan agentlikning anonim manbasi.
Livan milliy axborot agentligi (NNA) «10 dan ortiq ketma-ket zarba qayd etilgani, bu esa Bayrut janubi tomon eng kuchli zarbalardan biri bo‘lgani» haqida xabar bergan.
NNA ma’lumotiga ko‘ra, portlash ovozlari Bayrut tashqarisidagi tog‘li hududlarda ham eshitilgan.
Isroil mudofaa armiyasi zarbalar yuzasidan izoh bermagan, ammo oldinroq Bayrut janubi aholisini evakuatsiya to‘g‘risida ogohlantirgandi.
«Siz „Hizbulloh“ obektlari yaqinida turibsiz va Isroil armiyasi yaqin vaqtlar ichida ular bo‘yicha ishlaydi», — deya yozgan TsAHAL vakili Avixay Adrai X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida arab tilida.
Bayrut aeroporti «Hizbulloh»ning tayanch hududi bo‘lgan va muntazam ravishda isroilliklarning aviazarbalariga nishon bo‘lib kelayotgan Dahiya tumani bilan yonma-yon joylashgan.
Axios portali va CNN telekompaniyasi manbalarga tayanib xabar qilishicha, Bayrut bo‘ylab navbatdagi zarbalar nishoni «Hizbulloh»ning o‘ldirilgan yetakchisi Hasan Nasrullohning amakivachchasi Hoshim Safiuddin bo‘lishi mumkin.
Uni guruhda Nasrullohning ehtimoliy vorisi deb bilishadi. Zarbalar oqibatida unga zarar yetgani-yetmagani — noma’lum.
Safiuddin «Hizbulloh»ning siyosiy qanotini nazorat qilgan va guruhning «Jihod kengashi» a’zosi bo‘lgan. U bir necha bor Isroilga eskalatsiya bilan tahdid qilib, dushmanlarni «yig‘lash va aza tutishga tayyorlanish»ga chaqirgan.
2017 yilda AQSh Davlat departamenti uni qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.
Safiuddinning o‘g‘li Rizo eronlik general, 2020 yil yanvarida Iroq poytaxti Bag‘dodda AQSh aviazarbasi oqibatida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyning qiziga uylangan.
Sulaymoniy harbiy strateg va Eron tashqi siyosati mafkurachisi edi. Safiuddin u bilan quda bo‘lishi «Hizbulloh»ning Tehron bilan qanchalik yaqin aloqa bog‘laganini ko‘rsatardi.
1 oktyabr kuni Eron joriy yilda ikkinchi marta Isroil bo‘ylab yopirilma raketa zarbalari yo‘lladi.
Juma kuni Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy besh yil ichida ilk bor Tehronning markaziy masjidida imomlik qildi.
Payshanba kuni kechqurun AFP Isroilning yana bir zarbasi Bayrut aeroporti yaqinidagi omborxona tomon yo‘naltirilgani haqida xabar bergandi. Bu yerda aynan nima saqlangani ma’lum emas.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kun davomida isroilliklarning zarbalari oqibatida 37 kishi halok bo‘lib, 151 kishi yaralangani haqida xabar bergan.
Isroil esa «Hizbulloh» jangarilarini payshanba kuni Livandan Isroil hududiga 230 ga yaqin raketa uchirishda ayblagan.
«Hizbulloh» kun davomida Isroil hududini raketalar bilan o‘qqa tutgani hamda Livan janubida quruqlik amaliyoti o‘tkazayotgan isroillik askarlarga hujum qilingani haqida xabar berib turgan.
Payshanba kuni Falastin rasmiylari Isroilning Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi qochqinlar lageriga yo‘llagan aviazarbasi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Isroil hukumati Tulkarm shahri bombardimon qilinishi oqibatida Hamasning mahalliy bo‘limi rahbari hamda guruhning boshqa a’zolari o‘ldirilganini xabar qilgan.
Isroillik rasmiylar Tehronning o‘z hududiga ballistik raketa hujumiga javob berish variantlarini ko‘rib chiqishda davom etmoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni, uning fikricha, Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urushdan qochish mumkinligini aytdi.
«Eshiting, men total urush bo‘ladi deb o‘ylamayman. O‘ylaymanki, biz bundan qochishimiz mumkin. Ammo hali ko‘p ish qilish kerak bo‘ladi», — degan u jurnalistlarga.
Amerika qo‘shini Isroilga yuborilishi ehtimoli yuzasidan berilgan savolga Bayden shunday javob qaytargan: «Biz allaqachon Isroilga yordam ko‘rsatyapmiz. Biz Isroiln himoya qilmoqchimiz».
Avvalroq Bayden G7 yetakchilari bilan maslahatlashgani va ularning barchasi Isroil «javob berish huquqiga ega, ammo proporsional javob berishi lozim» degan fikrdaligini aytgandi.
«Biz isroilliklar bilan ular nima qilishlari haqida gaplashamiz…», degan u.
Jurnalistning Isroilning Eron yadroviy obektlariga zarba berishini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi savoliga Bayden «Yo‘q» deb javob berdi.
Shu bilan birga, Amerika rasmiylari Isroilga ta’sir kuchi cheklangan bo‘lishi mumkinligini tan olmoqda, deya qo‘shimcha qildi nashr.
Amerikaning «Atlantika kengashi» tahliliy markazi eksperti Jonatan Panikoff FT’ga bergan izohida Eron yadroviy obektlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum Tehron tomonidan javob berishni talab qiladigan jiddiy tahdid sifatida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
«Tehron o‘z yadroviy dasturiga zarba berishni rejim barqarorligiga asosiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum sifatida qarashi mumkin, bu esa barcha tomonlarni keskinlashuv zinapoyasida yuqoriga ko‘taradigan javobga olib kelishi mumkin», deydi Panikoff.
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024