O‘zbekiston | 08:00 / 04.10.2024
2328
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida maxfiy axborotni himoya qilish to‘g‘risidagi bitim ma’qullandi

Senatorlar Xitoy bilan maxfiy ma’lumotlarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

Senat 30 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xitoy bilan maxfiy ma’lumotlarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat prezidentga imzolash uchun yuborilgan.

Bitim 2023 yil 18 may kuni Tsian shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi doirasida imzolangan.

Bitim 19 ta moddadan iborat. O‘zbekiston tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati vakolatli organ etib belgilandi.

15-moddaga ko‘ra, xalqaro hujjat nomuayyan muddatga tuziladi. Bitim davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risidagi oxirgi xabarnomadan keyin kuchga kiradi.

Bitimda uzatilayotgan va qabul qilinayotgan har qanday shakldagi maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish, shuningdek, milliy qonunchilik bo‘yicha maxfiylik darajasi, maxfiylik («alohida muhimlik,» «mutlaqo maxfiy,» «maxfiy») belgilarini taqqoslash, maxfiy axborotni himoya qilish, uni uzatish va undan foydalanish bilan bog‘liq masalalarni aniqlashtirish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid