Fan-texnika | 23:56 / 04.10.2024
6294
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla AQShdagi eng hamyonbop modeli savdosini to‘xtatdi

Mazkur elektromobilda Xitoyda ishlab chiqarilgan akkumulyatordan foydalanilgan. May oyidan boshlab Amerika hukumati Xitoy batareyalari uchun 25 foizli boj joriy etgandi.

Foto: Clean Technica

Tesla AQSh bozorida standart quvvat zaxirasiga ega Model 3 elektromobillari savdosini to‘xtatdi, deb xabar beradi Reuters.

Yaqin vaqtga qadar elektr sedan kompaniya sayti orqali 38 ming 990 dollardan sotilayotgan edi. U Tesla modellari qatorida hamyonbop variant maqomiga ega hisoblanadi.

Elektromobilda Xitoyda ishlab chiqarilgan litiy-temir-fosfatli akkumulyatordan foydalanilgan. May oyidan boshlab Amerika hukumati Xitoy batareyalari, shuningdek, alyuminiy, po‘lat va mineral resurslari uchun 25 foizli boj joriy etgandi.

O‘shanda XXRda ishlab chiqariglan quyosh fotoelementlari uchun boj 50 foizgacha, tayyor elektromobillar uchun esa 100 foizgacha ko‘tarilgan. Bundan tashqari, Xitoy ehtiyot qismlari foydalanilgan elektr transportlariga 7,5 ming dollar miqdorida federal soliq solingan.

Hozirda Tesla’ning eng arzon modeli — Model 3 varianti 42 ming 490 dollardan sotilmoqda.

Iyun oyida esa Tesla xavfsizlik kamarini taqishdagi ogohlantirish tizimida kuzatilgan nosozlik sabab AQShda 125 mingdan ziyod avtomobilini chaqirib olishi ma’lum bo‘lgandi. Aprelda esa Tesla 4 mingga yaqin Cybertruck elektromobillarini chaqirib olishi aytilgan edi. Ushbu mashinalarning gaz tepkisi detali almashtirilishi kerak.

Mavzuga oid