Jahon | 13:30 / 05.10.2024
3420
3 daqiqa o‘qiladi

ZAES xodimi avtomobilda bomba portlashi oqibatida halok bo‘ldi

Energodar «shahar kengashi deputati» Andrey Korotkiy mashinasida qo‘lbola portlovchi qurilmaning portlashi natijasida halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Zaporijjyaning rossiyaparast «hokimiyati».

Foto: Alexei Konovalov/ITAR-TASS/IMAGO

Rossiya nazorati ostidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasi xavfsizlik boshqarmasi guruhi rahbari Energodarda mashinasida qo‘lbola portlovchi qurilmaning portlashi natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda Telegramʼda 4 oktyabr, juma kuni ertalab Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Shu bilan birga, Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan «gubernatori» Yevgeniy Balitskiy qurbon kim ekanini ochiqladi — «shahar kengashi deputati» Andrey Yurevich Korotkiy. U dalil keltirmasdan, sodir bo‘lgan voqealarda Kiyevni aybladi.

RF Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi umumiy xavfli usulda qotillik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qildi.

Energodarda ZAES xodimining mashinasi portlashi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma o‘rnatilgan mashina Energodar shahridagi Kashtanov bulvarida to‘xtab turgan. «Erkak mashinaga o‘tirganida, u ishlab ketdi. Jabrlanuvchi olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etdi», deyiladi Rossiya idorasi xabarida.

«Jinoyat ishi bo‘yicha mazkur jinoyatlarni sodir etishga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilib, voqea joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida olingan ashyolar, guvohlar bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizalar tayinlanib, o‘tkazildi. Hodisa guvohlari so‘roq qilindi. Tergov davom etmoqda», — deyiladi RF Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

«Energoatom»: Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya AES elektr ta’minoti liniyasiga zarar yetkazdi

2 sentabr kuni Rossiyaning Ukrainani navbatdagi ommaviy o‘qqa tutishi natijasida egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasida (ZAES) Ukraina energetika tizimidan keluvchi elektr uzatish liniyalaridan biri shikastlangan. Bu haqda 3 sentabr kuni «Energoatom» Ukraina kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi. «Ikkinchi liniya shikastlangan taqdirda, Zaporijjya AESining reaktor yadrolari va yonilg‘i saqlash havzalarini sovitadigan nasoslarga tashqi quvvat yo‘qolishi sababli favqulodda vaziyat yuzaga keladi», deyiladi xabarda.

Kompaniya matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Rossiya qo‘shinlari tomonidan obektni qayta-qayta o‘qqa tutishi tahdidi tufayli ukrainalik mutaxassislar hozircha shikastlangan joyni ko‘zdan kechirib, elektr tarmog‘ini ta’mirlash ishlarini boshlay olmayapti. «Mutaxassislarga xavfsizlik kafolatlangandan so‘ng, liniya ta’mirlanadi», - deya aniqlik kiritdi «Energoatom» va ayni paytda Zaporijjyaya AES Ukraina energetika tizimiga faqat bitta elektr liniyasi orqali ulanganligini ta’kidladi, bu esa atom stansiyasi yuqori xavf zonasida ekanligini bildiradi.

Mavzuga oid