O‘zbekiston | 20:04 / 07.10.2024
1761
2 daqiqa o‘qiladi

9 oyda 10 millionga yaqin odam tez yordam chaqirdi

Yanvar-sentabr oylarida tez yordamga 9,9 million chaqiruv bo‘lgan. Ularning aksari shoshilinch ko‘rsatma va surunkali kasalliklar bilan chaqirilgan.

Foto: Kun.uz

2024 yilning o‘tgan 9 oyi davomida tez yordamga qancha chaqiruv bo‘lgani haqida ma’lum qilindi. Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurovga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida 9 million 958 ming 507 ta murojaat bo‘lgan. Chaqiruvlarning 7 million 107 ming 703 tasi shoshilinch ko‘rsatma, surunkali kasalliklar 2 million 531 ming 699 ta va tug‘uruqlar 64 ming 446 tani tashkil qilgan.

Eng ko‘p murojaatlar:

Farg‘ona viloyati — 1 040 546 ta;

Andijon viloyati — 1 013 131 ta;

Toshkent shahri — 1 007 327 ta;

Toshkent viloyati — 933 600 ta;

Namangan viloyati — 905 000 ta qayd etilgan.

Eng kam chaqiriq Navoiy viloyati (296 046ta), Sirdaryo viloyati (335 010 ta), Jizzax viloyati (399 342 ta) va Buxoro viloyatida (482 325 ta) hamda Xorazm viloyatida (489 761 ta) kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, Respublika “Tez yordam” xizmatida jami 2853 ta tibbiy brigada ish olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil davomida “103” xizmatiga 13 million 522 ming chaqiriq bo‘lgan. Bu – 2022 yildagidan 500 mingtaga ko‘p. Shuningdek, 2023 yilda tez yordamga kelgan chaqiruvlarning 3,5 mingtasi yolg‘on ekani qayd etilgan.

Mavzuga oid