O‘zbekiston | 16:00 / 07.10.2024
3522
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mamlakatga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonini 15 mlnga yetkazmoqchi

Polshadagi ommabop Tiger's Media onlayn portalida "O‘zbekiston xorijiy sayyohlarni tobora ko‘proq mamlakatga jalb etmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Nashrda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqa olish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston 2030 yilga borib xorijlik sayyohlar sonini 15 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda.

"Bu raqam mamlakatga 2023 yilda kelgan 6,6 million sayyohdan ikki baravar ko‘p. 2023 yilda turizm iqtisodiyotga taxminan 2,1 milliard AQSh dollari foyda keltirdi, 70 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratdi", – deb ta’kidlangan manbada.

O‘zbekiston qadimiy Ipak yo‘lining muhim qismida joylashgan. Respublikaning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari qadimda yirik savdo markazlari bo‘lgan. Bugungi kunda bu shaharlar YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va o‘zining me’morchiligi, jumladan, madrasa, masjid va bozorlari bilan mashhur.

"Yosh sayohatchilar e’tiborini jalb qilish uchun O‘zbekiston 10 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarini ham jalb qilmoqda", – deb yozadi Tiger's Media.

Mavzuga oid