Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
«Biz migrantlarni umumiy ta’qiblar va «tozalashlar» orqali haydab chiqaramiz. Ertaga esa boshqalari keladi», deb yozdi Checheniston rahbari.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada migratsiya siyosati keskinlashganini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ba’zilari – «yumshoq qilib aytganda, qayg‘uga solmoqda».
«Kimdir qasddan Rossiyani qo‘shni qardosh mintaqalarga qarshi qo‘yayotgandek tuyuladi. Duch kelgan xorijlikka xuddi quturgandek tashlanishmoqda, migratsiya siyosati bunday jirkanch tarzda o‘zgartirilmasligi kerak. Ular takallufsiz hibsga olinmoqda va oxirgi paytlarda bu voqealar juda shafqatsiz tusga kirgan», deb yozdi Qodirov.
Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «muhokama qilinayotgan muammoni» migrantlarni ommaviy haydab chiqarish yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi. Va bu muammo Rossiyaga kelayotgan odamlarning aybi bilan emas, balki «bir paytlar migratsiya siyosatini yuritishi kerak bo‘lganlarning beparvoligi, o‘z vakolatlari doirasidagi muammolarni hal qilolmasligi va har qanday keskin jarayonlarga zudlik bilan javob bera olmasligi tufayli yuzaga kelgan.
Qodirovning aytishicha, Rossiya rasmiylari «migrantlarga nisbatan nafrat uyg‘otish» bilan hech narsaga erisha olmaydi. Checheniston rahbari «migratsiya nazoratining vakolatli tizimini yaratish, bu sohada to‘g‘ri siyosat qurishni» taklif qildi.
«Men bu o‘rta asr yondashuvlaridan voz kechib, muammoni maqsadli hal qilish ustida ishlashni so‘rayman. Asosiysi, migrantlar orasida qonunbuzarlar ham borligini, qonunni hurmat qiluvchilar ham borligini tushunish kerak. Aytgancha, ikkinchisi ancha ko‘p va bu muhim. Mayli, biz bugungi migrantlarni to‘liq ta’qiblar va tozalashlar orqali haydab chiqaramiz, lekin ertaga boshqa davlatlardan boshqalar keladi va ular yaxshiroq bo‘lishiga kim kafolat beradi?» deb xulosa qildi u.
Moskvaning «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi teraktdan so‘ng Rossiya hukumati migratsiya siyosatini keskinlashtirdi. Birinchi navbatda Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga qarshi turli choralar ko‘rmoqda. Xavfsizlik kuchlari muntazam ravishda noqonuniy migrantlar ishlashi mumkin bo‘lgan korxonalarda reydlar o‘tkazadi, deputatlar va mansabdor shaxslar migrantlarga qarshi bayonotlar bilan chiqadi. Davlat Dumasi Rossiyadagi migrantlar hayotini sezilarli darajada murakkablashtirishga qaratilgan bir nechta qonun loyihalarini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, yangi qoidalar bunday odamlarning huquqlariga tubdan ta’sir qiladi.