O‘zbekiston | 19:38 / 08.10.2024
3879
3 daqiqa o‘qiladi

“2030 yilga borib gaz importi 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkin” - energetika vaziri

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, Ustyurtdagi geologik ishlar kutilganidek bo‘lmasa, O‘zbekistonga xorijdan gaz import qilish 2030 yilga borib 10-11 mlrd kubmetrga yetishi mumkin. Vazir ayni paytdagi ichki qazib olishning pasayib borayotganini o‘z vaqtida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmagani, yangi konni ochib, uni o‘zlashtirishga 3 yildan besh yilgacha vaqt ketishi bilan izohladi. Shuningdek, ishlab turgan konlarning ishdan chiqishi 85 foizga yetgan.

Foto: Kun.uz

O‘tgan yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi. Bu – ishlab chiqarish hajmi 7 yil ichida 33 foizga oshishi kerakligini anglatadi. Lolazor podkastining navbatdagi sonida iqtisodchi Otabek Bakirov energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ichki qazib chiqarishni oshirish bo‘yicha rejalar, shuningdek, import yana qanchagacha oshirilishi mumkinligi haqida savol berdi.

“Tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish oshib boryapti. Bu tabiiy, chunki iqtisodiyot va aholi soni o‘syapti. Bizning 2030 yilgacha qilgan rejamizda tabiiy gaz importi 10-11 mlrd kub metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Sababi yangi konni ochib, uni o‘zlashtirishga 3 yildan 5 yilgacha vaqt ketadi. O‘z vaqtida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmagan. Konlarimizning ishdan chiqishi 85 foizga yetdi. E’tibor bersangiz, deyarli barcha konlarda siquv kompressor stansiyalari o‘rnatilgan. Hatto eng ko‘p gaz qazib olinadigan Ustyurt hududida ham samaradorlikni oshirish uchun siqish kompressor stansiyalari qurilmoqda. Birinchidan, Ustyurtning geologiyasi juda murakkab chiqyapti. Surgil loyihasini amalga oshirishda Amerikaning DeGoler and MacNaughton kompaniyasi kelgan, u zaxiralarni, konni o‘zlashtirish loyihasini to‘liq audit qilgan. Hammasi tasdiqlab berilgandan keyin kredit beruvchilar va banklar tomonidan loyihani moliyalashtirish nazarda tutiladi. Hattoki, DeGoler tomonidan ko‘rsatilgan narsalar ham o‘z tasdig‘ini topmadi. Sababi kon juda murakkab”, dedi vazir.

Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, Ustyurtdagi geologik ishlar natijasiga qaraladi. Agar natijalar yaxshi bo‘lsa, prognoz qilinayotgan 10-11 mlrd kubmetr gaz importi kamayadi, aks holda bu miqdor saqlanib qoladi.

O‘zbekiston pandemiya davridan boshlab xorijga gaz sotishni keskin kamaytirgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarishning to‘xtovsiz qisqarib borishi va ichki talabning oshishi tufayli gaz import qilishga muhtojlik yuzaga keldi. Natijada Rossiyaga energetik bog‘liqlik sezilarli kuchaymoqda. Yil boshidan buyon O‘zbekistonning gaz importi qiymati milliard dollarga yetgan.

Mavzuga oid