Jahon | 10:20 / 08.10.2024
3703
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Biz kurashni davom ettiramiz

«G‘azoda o‘g‘irlab ketilganlar bor ekan, biz kurashni davom ettiramiz», dedi Isroil bosh vaziri videomurojaatida.

Foto: AFP / ABIR SULTAN

Falastinning Hamas harakati jangchilarining hujumi bir yilligi munosabati bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyani davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. «Biz kurashni davom ettiramiz va birgalikda g‘alaba qozonamiz», dedi u 7 oktyabr, dushanba kuni e’lon qilingan videomurojaatida.

Netanyahuning ta’kidlashicha, 7 oktyabr «kelajak avlodlar uchun uyg‘onishimiz narxining ramzi bo‘lib, ularga bizning qat’iyatimiz va ruhimiz kuchini isbotlaydi». U G‘azo sektoridagi urush maqsadlarini sanab o‘tdi: Hamasni ag‘darish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, kelajakda G‘azodan Isroilga har qanday tahdidning oldini olish, mamlakat janubi va shimolidagi aholini o‘z uylariga qaytarish. «Mamlakatimizda dushman bizning mavjudligimiz va tinchligimizga tahdid solayotgan ekan, G‘azoda o‘g‘irlab ketilganlar bor ekan, biz kurashni davom ettiramiz», — dedi bosh vazir.

7 oktyabr voqealari: BMT bosh kotibi mintaqada tinchlikka chaqirdi

2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga amalga oshirgan hujumi bir yilligi arafasida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Falastin guruhini qoraladi va «dahshatga soluvchi zo‘ravonlik va qon to‘kilishini» zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. «Shu kuni jahon hamjamiyati Hamasning harakatlarini, jumladan, odamlarni garovga olishini keskin qoralashi kerak», — dedi Guterrish 6 oktyabrga o‘tar kechasi. Shu bilan birga u Hamasni Qizil Xoch ishchilariga garovga olinganlar bilan uchrashishiga ruxsat berishga chaqirdi.

«7 oktyabrdan beri dahshatli zo‘ravonlik va qon to‘kishlar to‘lqini bo‘ldi, - dedi BMT bosh kotibi. - Garovga olinganlarni ozod qilish vaqti keldi. Qurollarni chetga qo‘yish vaqti keldi. Azob-uqubatlarga chek qo‘yish vaqti keldi. Bu mintaqada tinchlik, xalqaro huquq va adolat vaqti keldi». Guterrish, shuningdek, Isroil bilan harbiy mojaro «hayotlarni yo‘q qilishda davom etayotgani va G‘azo sektoridagi falastinliklarga, hozir esa Livan xalqiga chuqur insoniy azob-uqubatlar keltirayotganidan» xavotir bildirdi.

Mavzuga oid