Jahon | 14:38 / 08.10.2024
19596
4 daqiqa o‘qiladi

«Ukrainasiz bo‘lsa - yo‘q». Harris urushni yakunlash masalasida Putin bilan bevosita muzokara olib bormasligini aytdi

AQSh vitse-prezidenti, Demokratik partiyadan Oq uy rahbarligi uchun nomzodini qo‘ygan Kamala Harris Kiyevning ishtirokisiz Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormasligini aytdi.

Foto: CBS

Dushanba kuni Harris CBS telekanalidagi «60 daqiqa» dasturi uchun katta intervyu berdi — bu AQSh siyosati to‘g‘risidagi asosiy ko‘rsatuvlardan biridir.

Boshlovchi Bill Uayteker Harrisdan «Ukrainadagi urushga barham berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun» rossiyaliklar prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazishga qanchalik tayyorligi haqida so‘ragan. «Ikki tomonlama bo‘lmaydi. Ukrainasiz — yo‘q. Ukraina o‘z kelajagini belgilash huquqiga ega», — deya javob qaytargan AQSh vitse-prezidenti.

Harrisning prezidentlik saylovlaridagi raqibi — respublikachilar nomzodi Donald Tramp bir necha marta urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya hukumati bilan ham, Ukraina hukumati bilan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorligini aytgan.

Tramp saylovda g‘alaba qozongan taqdirda bir kun ichida — inauguratsiya marosimidan oldin urushni yakunlashini va’da qiladi. U bunga qanday erishmoqchiligini izohlamagan, ammo uning raqiblari Kiyev hududlaridan voz kechishga majbur bo‘ladigan yoki mojaro muzlatib qo‘yiladigan ssenariydan xavotirlanishadi. Hozirda Ukraina hukumati bu ikki variantni ham rad etadi.

Kiyevning g‘arbdagi ittifoqchilari bir necha marta urushni yakunlash bo‘yicha har qanday muzokaralar faqat Ukraina hukumati vakillari ishtirokida o‘tishi kerakligini anglatuvchi «Ukraina haqida Ukrainasiz hech narsa» prinsipiga rioya etishlarini bildirishgan.

Harris CBS uchun intervyu vaqtida ham Trampning Ukrainadagi urush masalasidagi pozitsiyasini tanqid qildi.

«Agar Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirgan bo‘lardi, — degan u. — U aytadi: „Ha, men buning barchasini birinchi kuniyoq tugataman“. Ammo bilasizmi, aslida bu nima degani? Gap kapitulyatsiya haqida ketmoqda».

«60 daqiqa» dasturi mualliflari Trampga ham xuddi shu kabi intervyu o‘tkazish taklifi bilan chiqishgan, ammo rad etgan. Respublikachilarning prezidentlikka nomzodi avval Amerika nashrlari, xususan, CBS telekanali boshlovchilarini unga nisbatan noxolislik qilishda ayblagan.

Harris boshlovchining Ukrainadagi urush yakunini qanday ko‘rishi haqidagi savoliga javoban shunday degan: «Ukraina va BMT Xartiyasi bu muvaffaqiyat qanday ko‘rinishda bo‘lishini belgilashi kerak. Busiz muvaffaqiyat bo‘lmaydi».

Harris Isroil haqida nimalar dedi?

Harris bilan intervyu e’lon qilinishi u va Tramp Hamas guruhining Isroilga hujumiga bir yil to‘lgani munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlardagi ishtirokiga to‘g‘ri keldi.

Harris Uaytekerning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni — AQShning «ishonchli ittifoqchisi» degan gapga qanchalik rozi ekani haqida bergan savolga javob berishdan qochdi. Keyingi vaqtlarda Isroil hukumati rahbari va Amerika ma’muriyati G‘azodagi urush sababli bir necha bor bahslashgan.

«Biz Isroil rahbariyati bilan doimiy ravishda olib borayotgan diplomatik ish prinsiplarimizni aniq bildirishga qaratilgan, — degan u. — O‘ylaymanki, sizga hurmat saqlagan holda aytamanki — savolni Amerika va Isroil xalqi o‘rtasida muhim ittifoq bormi ko‘rinishida bergan ma’qul. Va bunga javob: „Ha“».

AQSh prezidentligi uchun saylovlar 5 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Harris va Tramp prezidentlikka saylanish uchun teng imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid