Jahon | 15:06 / 09.10.2024
7644
6 daqiqa o‘qiladi

Bayden Germaniyaga tashrifini qoldirdi: Florida 100 yillikdagi eng kuchli to‘fonga tayyorlanmoqda

Amerikaning Florida shtati sohillariga yaqinlashib kelayotgan «Milton» to‘foni mintaqada so‘nggi yuz yillikdagi eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri bo‘lishi mumkin, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden.

Foto: Getty Images

«Bunday bo‘lishidan xudo asrasin, ammo hozirda barchasi aynan shunday bo‘lib ko‘rinmoqda, — degan u mahalliy aholini evakuatsiyaga chaqirgan holda. — Bu hayot-mamot masalasi».

Shuningdek, prezident mintaqadagi barcha siyosiy kuchlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, ularga «talab qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday yordam»ni va’da qilganini aytgan.

Avvalroq Oq uy matbuot xizmati to‘fon tufayli prezident taqvimida shu kunlarga rejalashtirilgan Germaniya va Angola safarlarini qoldirishga qaror qilingani haqida xabar bergandi.

«„Milton“ to‘fonining prognoz qilinayotgan trayektoriyasi va kuchini inobatga olib, prezident Bayden „Milton“ to‘foniga tayyorgarlik va reaksiya ko‘rsatish choralarini nazorat iqlish uchun Germaniya va Angolaga bo‘lajak safarlarini qoldirmoqda», — degan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer.

Amerika yetakchisi Germaniyaga tashrifi chog‘ida GFR kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birgalikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan uchrashuvda ishtirok etishni rejalashtirgandi.

Bundan tashqari, Bayden Kiyev ittifoqchilaridan iborat koalitsiyaning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkaziladigan Ramshtayn aviabazasiga borishi ko‘zda tutilgandi. Bayden Germaniyadan Angolaga yo‘l olishi kerak edi.

GFR hukumati matbuot kotibi Shteffen Hebeshtrayt Berlindagilar Baydenning qaroridan afsusdaligi, ammo buni to‘g‘ri qabul qilishlarini bildirgan.

Bir kun oldin «Milton» to‘foni maksimal darajada kuchayib — beshinchi toifaga yetgandi. Mutaxassislar Florida sohillarida halokatli oqibatlar ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Seshanba kunining ikkinchi yarmida to‘fon biroz kuchsizlandi va to‘rtinchi toifaga tushdi, shamol tezligi soatiga 250 kilometrdan oshmadi, ammo keyin yana beshinchi toifagacha kuchaydi.

To‘fon markazida shamol tezligi soatiga 270 kilometr atrofida bo‘lmoqda, uning tezligi yanada oshishi mumkin.

Yevropa va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qabul qilingan Bofort shkalasiga ko‘ra, shamol tezligi soatiga 117 kilometrdan oshganida to‘fon hisoblanadi va taxminan shu darajadan uning darajasi Amerikaning Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha hisoblana boshlanadi.

Seshanba kuni kechqurungi holatga ko‘ra, sinoptiklar «Milton» Florida sohillariga yetib kelganida uchinchi toifaga (178-208 km/soat) tushishi prognoz qilishgan, ammo bunday shamol, sunamidagi kabi kuchli to‘lqin va kuchli yomg‘irlar kombinatsiyasi ham baribir halokatli bo‘ladi.

«Milton» sohilga, katta ehtimol bilan, chorshanba kuni kechqurun (O‘zbekistonda payshanba tongi) yoki biroz keyinroq yetib kelishi kutilmoqda.

AQSh Dovullarni kuzatish milliy markazi (NHC) yaqin soatlar ichida Floridada tropik yomg‘irlar va suv toshqinlari ro‘y berishi xavfidan ogohlantirgan.

AQSh tarixidagi eng vayronkor to‘fonlar

Foto: Getty Images

AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari agentligi (NOAA) dovullar ma’lumotlari bazasiga ko‘ra, 1924 yildan keyingi davrda Atlantika okeanida kamida 40 ta dovul beshinchi toifaga chiqqan.

Quyida sohil aholisi uchun eng halokatli oqibatlarga olib kelgan dovullar keltirilgan:

  • 1969 yilda Missisipiga yopirilgan «Kamilla» dovuli o‘zi bilan 7,5 metr balandlikdagi to‘lqin olib keladi (olimlar buni «pikdagi to‘lqin» deb atashadi) va sohildagi deyarli barcha qurilmalarni yuvib ketadi. Dovul qurbonlari soni 259 kishi bo‘lgan, shuning aksari Virjiniya shtatida yashovchilar edi, yetkazilgan moddiy zarar miqdori 1,4 mlrd dollar atrofida bo‘lgan.
  • 1992 yilda Florida janubiga «Endryu» to‘foni yopiriladi va uning markazida shamol tezligi soniyasiga 70 metrdan oshadi. Bu tabiiy ofat oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan, ammo yana o‘nlab o‘limlar bilvosita to‘fon bilan bog‘liq edi. Tabiiy ofat yetkazgan zarar miqdori 30 mlrd dollarni tashkil etadi, bu o‘sha vaqtda «Endryu»ni AQSh tarixidagi eng qimmatga tushgan tabiiy ofatga aylantirgan.
  • 2018 yilda Floridaga «Maykl» to‘foni kirib kelgan, bu o‘shanda shtat tarixidagi eng kuchli to‘fon deb atalgandi. Tabiiy ofat qurbonlari kamida 74 kishi bo‘lgan (shunan 59 nafari AQSh va yana 15 nafari — Markaziy Amerikada), yetkazilgan moddiy zarar miqdori 25 mlrd dollardan oshgan.
  • Yaqinlashib kelayotgan «Milton»dan ikki haftacha oldin AQSh sohillariga o‘limvor «Helen» to‘foni ham yopirilgandi. Uning oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 kishini tashkil etdi, qurbonlar soni bo‘yicha u faqat 2005 yilda Luizianada qariyb 2 ming kishini hayotdan olib ketgan «Katrina»dan ortda qoladi.

Mavzuga oid