Fan-texnika | 13:55 / 09.10.2024
4686
4 daqiqa o‘qiladi

Shakar qarish jarayonini tezlashtirishi ma’lum bo‘ldi

Shakarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish semizlik va 2-turdagi qandli diabet kabi muammolarga olib kelishi barchaga ma’lum. Yaqinda olimlar ko‘p miqdordagi shakar odamlarda hujayra qarishini tezlashtirishi mumkinligini aniqladi.

Foto: Shutterstock

AQShning Kaliforniya universiteti olimlari tomonidan JAMA Network Open ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotlar shunday xulosa bermoqda, deb yozdi Health nashri.

“Shakar o‘z-o‘zidan yallig‘lanish keltirib chiqaruvchi mahsulot bo‘lib, organizmda oksidlanish stressini ham yuzaga keltiradi”, — deb ta’kidladi tadqiqot hammuallifi Doroti Chu.

Oksidlanish stressi hujayralarning shikastlanishiga olib keladi. U va yallig‘lanish jarayonlari biologik qarishni tezlashtirishi mumkin.

Olimlar AQSh Milliy yurak, o‘pka va qon instituti (NGHS) tomonidan 1987–1997 yillarda olib borilgan tadqiqot doirasida to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qildi. Ushbu ma’lumotlar 9 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan oq tanli va qora tanli qizlarning yurak-qon tomir salomatligi haqidagi axborotlarni o‘z ichiga oladi.

2015–2019 yillar davomida tadqiqotchilar Shimoliy Kaliforniyada yashovchi 350 ga yaqin ishtirokchilarni kuzatdi. Bu vaqt davomida ayollar o‘z ovqatlanish ratsionlari haqida ma’lumot bergan, shuningdek, ularning biologik yoshini tahlil qilish uchun zarur bo‘lgan so‘lak namunalarini taqdim etgan.

Dastlab, tadqiqotchilar ishtirokchilarning ovqatlanish tartibini o‘rganib chiqdi. Ular buni O‘rta Yer dengizi parhezi va surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradigan ovqatlanish rejasi bilan solishtirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, parhezga rioya qilgan ishtirokchilar odatda pastroq biologik yoshga ega bo‘lgan.

So‘ng olimlar shakar iste’molini tahlil qilib, ayollar kuniga o‘rtacha 60 grammdan ortiq shakar iste’mol qilishini aniqladi. Ular yeydigan yoki ichadigan qandning kunlik ortiqcha miqdori 3 grammdan 316 grammgacha bo‘lgan.

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi kuniga taxminan 2000 kaloriyali yegulik iste’mol qiladigan kishilarning ratsionida ovqat va ichimliklarga qo‘shimcha shakar miqdorini 50 grammdan oshirmaslikni tavsiya etadi — gap odamlar ovqat yoki ichimlikka o‘zi qo‘shadigan har qanday turdagi shakar haqida ketmoqda.

Shuningdek, tadqiqotchilar qo‘shimcha shakar iste’moli tufayli hujayralar yoshga nisbatan tezroq qarishini aniqladi — hatto sog‘lom ovqatlanishga rioya qilgan ishtirokchilarda ham. Ya’ni, vaqt o‘tishi bilan ularning hujayralari yoshi biologik yoshdan kattaroq bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Olimlarning taxminiga ko‘ra, qand miqdorining me’yordan ortib ketishi epigenetika — hayot tarzi va atrof-muhitning genlarga ta’sir qiladigan o‘zgarishlar keltirib chiqarishida muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, shakar orqali glikirlanish jarayoni (qondagi shakarning oqsillarga birikishi, uning natijasida zararli moddalar hosil bo‘ladi) tezlashadi. Bu moddalar yallig‘lanish va hujayralarning qarishini tezlashtiradigan oksidlanish stressini keltirib chiqarishi mumkin.

Ammo yaxshi xabar ham bor. Epigenetik jarayonlar tufayli yuzaga kelgan o‘zgarishlarni ortga qaytarish mumkin. Kunlik iste’mol qilinadigan qo‘shimcha shakarni 10 grammga kamaytirish vaqt o‘tishi bilan insonning biologik soatini taxminan 2,4 oyga orqaga suradi.

Mavzuga oid