Jamiyat | 15:55 / 09.10.2024
31261
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda inson a’zolari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan talaba jinoiy jazoga tortildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘lgan 21 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlarda buyrak, jigar hamda suyak iligini sotib olish haqida e’lon bergan. Unga murojaat qilgan fuqaroga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini, ko‘chirib o‘tkazish Germaniyada amalga oshirilishini, buning uchun oldindan 350 dollar to‘lashi kerakligini aytgan. Talaba ushbu pulni olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Foto: Ben Edwards

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi B.A. inson a’zolari oldi-sotdisida ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2003 yilda tug‘ilgan B.A. mo‘may daromad orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga inson a’zolarini sotib olishi haqida e’lon joylashtirgan. U tarqatgan e’lonlarida buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.

Ushbu e’londan so‘ng unga a’zolarini sotmoqchi bo‘lganlar aloqaga chiqa boshlagan. Jumladan, fuqaro J.R. u bilan muloqotga kirishgan. B.A. unga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini aytgan.

“Sheriklarim Germaniyada. Buyrakni ko‘chirib o‘tkazish o‘sha yerda amalga oshiriladi. Buning uchun Germaniyaga borishingiz kerak. Safar uchun oldindan 350 dollar berishingiz kerak”, degan talaba fuqaroga.

B.A. 2024 yil 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida J.R.dan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhoqaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Talaba sudda bu ishni pulga muhtoj bo‘lib qolgani sabab qilganini, aslida Germaniyada hech qanday tanishlari yo‘qligini, 350 dollarni ehtiyojiga ishlatib, keyin qaytarib bermoqchi bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u akasi, singlisi va o‘zi talaba ekanini, barchasi kontrakt asosida o‘qishlarini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.

Bu ish orqali yaxshigina daromad ko‘rish mumkinligini eshitgandim. Telegram’dagi “buyrak sotish” guruhiga kirib, kim buyragini sotmoqchi bo‘lsa xaridor topib beraman, degan ma’noda e’lon qoldirdim. Oradan taxminan 4-5 kun o‘tib menga bir nechta fuqaro aloqaga chiqdi. Ularga tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishlari uchun Germaniyaga borishlari kerakligini, u yerdagi shifoxonalarda tanishlarim borligini, o‘zlari kutib olgan holda barcha xarajatlarini qoplab berishlarini, faqat chipta uchun oldindan 350 dollar to‘lashlarini aytdim.

Aslida maqsadim pulni qo‘lga kiritib, keyinchalik ish o‘xshamaganini aytgan holda qaytarib berish edi. Germaniyada hech qanday shifoxona yoki tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tanishlarim yo‘q”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid