Jahon | 09:31 / 10.10.2024
13088
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik sobiq teleboshlovchi Farida Qurbongaleyeva xalqaro qidiruvga berildi

Rossiya hukumati avvalroq «chet el agenti» sifatida tan olingan va «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilgan «Vesti» ko‘rsatuvining sobiq teleboshlovchisi Farida Qurbongaleyevani armiya haqida «feyklar tarqatish» ayblovi bilan xalqaro qidiruvga berdi.

Foto: Tatarstan.ru

«Rossiya 1» telekanalidagi «Vesti» dasturining sobiq boshlovchisi Farida Qurbongaleyeva xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda 9 oktyabr, chorshanba kuni o‘z ixtiyoridagi hujjatlarga tayanib, «RIA Novosti» davlat agentligi xabar berdi.

«Qurbangaleyeva va boshqa noma’lum shaxslarga nisbatan 2024 yil 11 may kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deya qo‘shimcha qildi agentlik. Rossiya Ichki ishlar vazirligi jurnalistni 20 iyun kuni qidiruvga bergan. «Mediazona» avvalroq xabar berganidek, u bilan birga bu ishda «Rossiya ozodligi» legioni ko‘ngillisi Aleksey Baranovskiy ham ishtirok etmoqda.

Boshlovchi allaqachon «chet el agenti» maqomiga ega

Avvalroq Farida Qurbongaleyeva Rossiyada «chet el agenti» deb e’lon qilingan va Rosfinmonitoring tomonidan tuzilgan «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilgan edi. U «terrorizmni oqlash» uchun ommaviy chaqiriqlar va «milliy adovat asosida» Rossiya armiyasi haqida «feyk» ma’lumotlarni tarqatishda ayblanmoqda. Moskvaning Zamoskvoretskiy sudi jurnalistni Rossiya hududida amalda ushlab turilgan paytdan boshlab ikki oy muddatga hibsga olishga yoki ekstraditsiya yoki deportatsiya qilingan taqdirda Rossiya huquqni muhofaza qilish organlariga topshirishga qaror qildi.

Farida Qurbongaleyeva 2007 yildan 2014 yilgacha «Vesti» dasturi boshlovchilaridan biri bo‘lgan, biroq Qrim Rossiya tomonidan qo‘shib olinganidan so‘ng darhol bu lavozimdan ketgan. 2018 yildan beri u Pragada yashab, ishlaydi. 2018 yildan 2021 yilgacha Qurbongaleyeva «Nastoyashcheye vremya» telekanalida ishlagan va hozirda o‘zining «Praga do‘li» Telegram kanalini boshqaradi.

Qurbongaleyeva: O‘z ishimni bajarishda davom etaman

«Bu (xalqaro qidiruvga berish) yozda, menga terrorchi va ekstremist maqomi berilgandan so‘ng sodir bo‘lgan deb o‘ylagandim, ammo endi ma’lum bo‘ldi», — deb yozdi Farida Qurbongaleyeva Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida va o‘z Telegram-kanalida. Uning ta’kidlashicha, ukrainaliklar yoki rossiyalik siyosiy mahbuslar boshdan kechirayotgan «dahshatning kichik qismini» ham boshdan kechirmagan.

«Shunday qilib, men o‘z ishimni bajarishda davom etaman, barchamizga o‘z kuchimizni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni taklif qilaman», — deya xulosa qildi jurnalist.

Mavzuga oid