Jahon | 23:19 / 11.10.2024
9407
2 daqiqa o‘qiladi

Everestda 100 yil oldin yo‘qolgan alpinistning qoldiqlari topildi

Everest yonbag‘irlaridan 1924 yilda bedarak yo‘qolgan britaniyalik alpinist Endryu Irvin jasadi qoldiqlari topildi, deb xabar beradi National Geographic.

Foto: National Geographic

Ta’kidlanishicha, Rongbuk markaziy muzligida etik ichidagi oyoq bo‘lagi topilgan. «E.K. Irvin» ismi tushirilgan paypoqlar sabab alpinistning shaxsiga oydinlik kiritilgan.

Bundan 100 yil oldin u va Jorj Mellori dunyodagi eng baland cho‘qqini zabt etishga kirishgan. Mellori bunga qadar Everestga ikki marotaba ko‘tarilgan, Irvin bo‘lsa, buni ilk bor amalga oshirmoqchi bo‘lgan. 1924 yil 6 iyunda ular 8 170 metr balandlikda lagerni tark etgan. Ularni oxirgi marta 8 iyunda, cho‘qqidan taxminan 240 metr uzoqlikda ko‘rishgan.

Mellorining jasadi 1999 yilda topilgan, ammo har ikki alpinistning cho‘qqini zabt etganini isbotlaydigan biror dalil yo‘q.

«Bu butun jamoamiz uchun o‘ziga xos hissiy lahza bo‘ldi. Umid qilamizki, bu nihoyat uning avlodlari va butun alpinistlar dunyosiga biroz xotirjamlik olib keladi», — deydi National Geographic jamoasi a’zosi Jimmi Chin.

Chin «o‘lja ovchilari» ko‘payib ketmasligi uchun alpinist qoldiqlari aynan qayerdan topilganini aytmagan. Ammo u boshqa buyumlar, hatto marhumlarning kamerasi ham shu atrofda yotgan bo‘lishidan umidvor.

Mavzuga oid