Sport | 22:10 / 11.10.2024
13192
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – BAA o‘yini chiptalari bir necha soatga yetmay sotib bo‘lingani ma’lum qilindi

JCh-2026 saralash bosqich 4-turi doirasida 15 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga chiqarilgan chiptalar sotib bo‘lindi. Bu haqda iticket saytida ma’lum qilingan.

Kecha, 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Eron (0:0) uchrashuvidan keyin bugun, 11 oktyabr kuni sotuvga chiqarilgan O‘zbekiston - BAA uchrashuvi chiptalari bir necha soat ichida sotib bo‘lingan. Xususan, O‘FA matbuot xizmati O‘zbekiston – BAA uchrashuvi chiptalari sotuvi iticket sayti orqali amalga oshirilayotgani haqida soat 19:34da ma’lumot bergach, 40 mingdan 500 ming so‘mgacha narxlangan chiptalar ko‘p o‘tmay sotib bo‘lingan. Har holda, iticket saytida o‘yin uchun chiqarilgan chiptalar tugagani haqida ma’lum qilingan. 34 ming sig‘imli o‘yingohdagi chiptalarning qanchasi sotilgani ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – Eron uchrashuvidan bir kun avval Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari «Bunyodkor» stadioni kassasi oldidan reportaj qilib, muxlislar yopiq kassa oldida navbatda turgani, chayqovchilar qo‘lida esa chiptalar bir necha baravar qimmat narxda sotilayotganiga guvoh bo‘lgandi.

Mavzuga oid