Jahon | 16:05 / 11.10.2024
2901
2 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik uchun Nobel mukofoti Hirosima va Nagasakidagi atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgan tashkilotga berildi

Mukofot “yadroviy quroldan xoli dunyoni barpo etish borasidagi sa’y-harakatlar uchun” taqdim etildi.

Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi. 2024 yilgi sovrin Hirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalaridan tirik qilganlarni birlashtirgan Yaponiyaning Nihon Hidankyo tashkilotiga nasib qildi.

Mukofot “yadroviy quroldan xoli dunyoni barpo etish borasidagi sa’y-harakatlar uchun” berildi. Nobel qo‘mitasi ta’kidlashicha, tashkilot “boshdan o‘tkazganlarning guvohligi bilan yadro quroli boshqa hech qachon qo‘llanilmasligi kerakligini ko‘rsatadi”

O‘tgan yili mukofot eronlik faol Nargis Muhammadiyga “ayollar zulmiga qarshi kurashi, shuningdek, barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilgani” munosabati bilan berilgandi. U 2016 yilda 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Tinchlik mukofoti bilan shu haftada Nobel topshirish yakuniga yetdi. Bundan oldin fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo hamda adabiyot sohalari bo‘yicha mukofot sovrindorlarining nomlari e’lon qilingandi.

14 oktabr kuni iqtisod bo‘yicha 2024 yilning so‘nggi Nobel sovrindorlari e’lon qilinadi (u Shvetsiya banki tomonidan 1968 yilda ta’sis etilgan).

Mukofotlar Stokholm va Osloda 10 dekabr kuni — Alfred Nobel vafot etgan kuni topshiriladi.

Mavzuga oid