Sport | 16:19 / 12.10.2024
37034
18 daqiqa o‘qiladi

Futbolda murabbiy nimaga kerak? Eronga qarshi futbol o‘ynamaganimiz haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Eron bilan durang o‘ynadi va Jaloliddin Masharipov aytganidek, guruhda birinchi o‘rinda borishda davom etyapmiz. Aslida tan olish kerak, Eron bilan durang jamoamiz uchun ham, muxlislar uchun ham qoniqarli natija hisoblanadi. Ammo biz o‘yinga kelajak uchun, bizni kutib turgan BAA va Qatarga qarshi o‘yinlar nuqtayi nazaridan qarashga majburmiz. Agar guruhda peshqadamlikni saqlab qolish uchun bu uchrashuvlarda g‘alaba qozonishimizga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, Eronga qarshi o‘yinning oxirgi uchdan biri, ya’ni bir kishi ko‘p bo‘lib to‘p surgan davrimiz tahlil uchun o‘rinli daqiqalar hisoblanadi. Ungacha bo‘lgan daqiqalarni O‘zbekiston futbolchilari aktiviga ijobiy tomondan qayd etish mumkin, zero Osiyoning eng kuchli jamoalaridan birini yaxshi to‘xtata oldik, tengma-teng o‘ynadik. Ammo g‘alaba qozonishimiz mumkin bo‘lgan 60-90 daqiqalardagi o‘yin juda ko‘p savollarni keltirib chiqardi. Qaytaraman, durang qoniqarli hisob, ammo masala shu – bu o‘yin bilan BAA yoki Qatarga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozona olamizmi?

Nega qizil kartochkadan unumli foydalana olmadik?

Rakursni shu taxlit burganimizda, vaziyat o‘ylaganimizdan yomonroq ekani ko‘zga tashlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir mulohaza o‘qib qoldim – «kuchlar bir biriga yaqin bo‘lgani ikki jamoa to‘qnashganda qizil kartochka biror tomonga yengillik bermaydi, aksincha, bir kishi kam bo‘lib qolgan jamoa himoyaga urg‘u berib, vaziyat yaratish yanada qiyinlashib ketadi». Qisman, to‘g‘ri, Misol sifatida, yaqinda Angliyada bo‘lib o‘tgan «Manchester Siti» – «Arsenal» o‘yinini keltirish mumkin. Londonliklar qizil kartochka olgach, butun jamoa bo‘lib himoyaga yotib oldi. Mezbonlarning vazifasi qiyinlashib ketdi va faqat eng oxirgi daqiqalardagina hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi xolos. Agar futbolchilar soni teng bo‘lganida, ikki tomonlama o‘yin bo‘lishi va balkim «Siti» ko‘proq zonalarga ega bo‘lib, ertaroq hisobni tenglashtirishi va balki g‘alabaga erishishi mumkin edi, to‘g‘rimi?

Ammo bitta katta farq bor. «Arsenal» bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, yana bitta gol urish imkoniyati deyarli nolga tenglashdi. Asosiy savol «Manchester Siti» gol ura oladimi yoki yo‘qmi, bo‘lib qoldi xolos. O‘yin statistikasi to‘liq bunga dalolat qiladi. Endi savolni Toshkentdagi o‘yinga ko‘chiradigan bo‘lsak, Eronning qizil kartochkasi bizning vazifamizni og‘irlashtirdi, deya olamizmi? Eronning gol urish imkoniyati bormidi? Bizning asosiy muammomiz Eron himoyasini yorib o‘tish edimi? Bunga harakat qildikmi o‘zi?

Biz bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan daqiqalar statistikasiga ko‘z yugurtirsak, aniq zarbalar soni 0-4 Eron foydasiga, burchak to‘plari ham 0-4, to‘p nazorati deyarli teng – 52-48, biz rostan ham bir kishi ko‘p bo‘lib to‘p surdikmi? Tarkibimiz salohiyati, legionerlar to‘p suradigan klublar darajasi, ichki chempionatlarimiz raqobatbardoshligi nuqtayi nazaridan biz Eronga yetib olmagandikmi? Rostan ham tarkibni birma-bir solishtirganda Eron bilan katta farq ko‘rmayman, demak, maydonda bu qadar ojiz ko‘rinishimizning sababi nimada?

Men o‘ylaymanki, agar butun o‘yin davomida Eron bilan 11ga 11 futbolchi bilan o‘ynaganimizda ham bemalol durang o‘ynay olardik. Ana o‘shanda, jamoamizga rahmat aytgan, rostan ham guruhdagi birinchi o‘rnimiz bilan faxrlangan va keyingi o‘yinlarga umid bilan qaragan bo‘lardik. Qizil kartochka hamma taassurotni buzib yubordi.

Sababi, shundaki, Srechko Katanets qurgan jamoa g‘alaba qozonishga emas, mag‘lubiyatga uchramaslikka asoslangan. Bu Eronga qarshi o‘yinda ijobiy xulosa taqdim eta oladi, ammo yutish kerak bo‘lgan o‘yinlarda pand beradi. Shimoliy Koreya va Qirg‘izistonga qarshi o‘yinlar bizga kichik bashoratlar bergan, ammo buni vakillarimizning yetarsiz motivatsiyasi bilan bog‘lagan bo‘lishimiz mumkin. Yaxshiyamki, Eron bir kishi kam bo‘lib qoldi va bizda g‘alaba qozonish vazifasi paydo bo‘ldi. Biz bu vazifani uddalay olmadik, jamoamizning asosiy muammosi yaqqol ko‘zga tashlandi. Yaxshiyamki.

Keling, avval milliy jamoamiz qanday sxemada harakat qilgani va bu bilan nimalar ko‘zlanganiga e’tibor qaratamiz.

Aslida Katanets doim qo‘llaydigan 3-4-3 chap rasmdagi joylashuvni taqozo qiladi – bu sxemaning ustunligi markazda tashabbus beradi. Masharipov va Fayzullayev markazga yaqinroq joylashgan holda ham Shomurodovga yordam berishi, ham to‘p nazoratida markaziy yarimhimoyachilarga (Shukurov va Hamrobekov) qo‘shilishlari mumkin. Qanot bo‘ylab o‘ynaydigan Sayfiyev (Alijonov) va Nasrullayev raqib himoyasini kengaytirishlari kerak. Hammasi tushunarli.

Ammo negadir, bu dastlabki ko‘rsatmalarmi yo Eron shunga majbur qildimi, sxemamiz o‘ng tomondagi rasmga o‘xshab ketdi. Fayzullayev ham, Masharipov ham qanotga yaqin to‘p surishdi. Bu ham masalan, Fayzullayevning kuchli tomonlarini namoyish qilishga imkon bermadi, ham kerakli zona – markazda ustunlik qilishimizga to‘sqinlik qildi. Agar aytaylik, Shukurov yoki Hamrobekovda oldinga surilib, hujumkor yarimhimoyachiga aylanish salohiyati bo‘lganida, qanotlarga o‘yinni surish orqali markazda zona ochish va tayanch futbolchilarimiz yordamida to‘ldirish rejasi ishlashi mumkin edi. Lekin birinchidan, Shukurov aynan hujumga qo‘shilish borasida bir yil oldingi formasida emas, ikkinchidan, hatto bir kishi kam bo‘lib qolganimizda ham ko‘rsatma asosida bunday «fishkalar»ga murojaat qilinmadi. Aslida qizil kartochkadan keyin Hamrobekov o‘rniga Iskandarov chiqishi, yoki O‘runov qanotga chiqib, Fayzullayev biz ko‘zda tutayotgan pozitsiyani egallashi mumkin edi. Qisqa qilib aytganda, o‘yin ssenariysi murabbiylardan taym-menejmentni, ya’ni o‘yin paytida kerakli o‘zgartirishlar orqali burilish yasash imkonini bergan bo‘lsa-da, bu amalga oshmadi. Katanets ham, uning yordamchisi ham, tabiiyki, yuqimli holatda futbolchilarning o‘zi ham gipperehtiyotkorlikni namoyish etishdi. Qaysidir jihatdan Sautgeytning Angliyasini eslatib yuborgan bo‘lishi ham mumkin.

Taktikamizning mohiyati nimada?

Ehtiyotkorlik haqida aslida alohida katta bob yozish mumkin. Ammo zeriktirib qo‘ymaslik uchun bu bo‘limda asosan skrinshotlarga e’tibor qaratamiz.

Bilasizmi, futbolda turli sxemalardan maqsad nima? G‘alaba qozonish, gol urish, o‘z darvozasi daxslsizligini ta’minlash, futbolchilarning kamchiligini yashirib, ustunligini yuzaga chiqarish va hokazo, to‘g‘rimi? Agar buni biroz futbol tiliga o‘girsak, sxemalar taqdim etadigan baza shuki, jamoa maydonning turli qismlarida son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishi kerak. Ya’ni jamoa ma’lum sxema asosida harakatlanar ekan, qaysidir xududda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishga intiladi va shu orqali to‘pni raqib jarima maydoni tomon olib boradi. Bu xududlar murabbiy tomonidan tanlanadi va aynan mana shu tanlovdagi farqlar turli sxemalarni vujudga keltiradi. Qaysidir murabbiy qanotlarni ustun ko‘radi, kimdir markazda to‘pni nazorat qilishga urinadi va hokazo. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda har qanday jamoa raqibdan kelib chiqib, to‘p bilan boshqa, to‘psiz boshqacha sxemani tanlamoqda.

Shuning uchun ham qizil kartochkalar futbolda katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy futbolda har qanday o‘yinda bir futbolchi kam bo‘lib qolgan jamoa birdaniga ustunlikni ham berib qo‘yadi. Ha, kam bo‘lib ham g‘alaba qozonish mumkin, ammo bunday g‘alabalarning taktik asosi bo‘lmaydi, ko‘pincha, omad, realizatsiya, ayrim ijrochilarning mahorati hal qilib qo‘yishi mumkin xolos. Nega? Sababi, qizil kartochka bugungi futbolning asosiy mazmunini hal qilib qo‘yadi – endi ma’lum zonalardagina emas, umuman butun maydonda sizda bir futbolchi ko‘p. Tasavvur qilyapsizmi? Endi to‘p oldida son jihatdan ustunlikni ta’minlash uchun bosh qotirish shart emas – bazaviy harakatlarni to‘g‘ri amalga oshirsangiz, ya’ni shunchaki, bolalikdan o‘rgatiladigan kvadrat o‘ynasangiz ham siz to‘pni, o‘yinni nazorat qilishingiz mumkin. Xo‘sh, murabbiylarimiz nima qilishdi?

Raqibdan bir o‘yinchiga ko‘p bo‘lgan holda o‘yinni nazorat qila olmaganimizning sababi, biz doim to‘pni son jihatdan ustunlik qilinish mumkin bo‘lgan xududlarga emas, aksincha, son jihatdan kamchilik zonalarga uzataverdik. Bu ba’zi bir futbolchilarning yomon o‘yini tufayli emas, sistematik ravishda har bir vakilimiz tomonidan amalga oshirilaverdi.

Fayzullayev va Masharipov Shomurodovga yaqinroq harakat qilmagani bois yagona hujumchimiz Eronning butun himoyasiga qarshi yolg‘iz qolaverdi va eng qizig‘i, Shomurodovga bo‘lgan bu qadar yuksak ishonch qayerdan? Nega futbolchilarimiz Eldor to‘pni raqib darvozasidan ancha uzoqda teskari holda qabul qilib, yonidagi futbolchilarni aldab o‘tib, gol urishi mumkin, degan rejani kim tuzdi?

Yuqoridagi rasmlarga e’tibor bering – bu bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynayotgan jamoaning xavfli vaziyat yaratish rejasi. Go‘yoki Eron emas, biz bir kishi kam bo‘lib qolib, Shomurodovning tezligi yoki texnikasiga tayanib qolganga o‘xshaymiz. Sharh paytida Samvel Babayan ham ta’kidlab o‘tdi – agar vertikal o‘ynaydigan bo‘lsangiz, «podbor»da doim futbolchilarga ega bo‘lishingiz lozim. Yuqoridagi vaziyatlarda hatto Eldor yuqori qavatda ustunlik qilgan taqdirda ham, uni kim qo‘llaydi?

Mana quyida Eldor mana shunday vertikal paslardan birini egallab oldi ham deylik. O‘runov ancha uzoqda va sherigiga yordam bermoqchi ham emas, Eldorning bir fint bilan raqibini aldab o‘tishini kutmoqda. Natijada eronlik himoyachilar to‘pga yetib kelib, ko‘pchilik bo‘lib to‘pni qaytarib olishdi. Son jihatdan ustunlik? Nima u?

Savol tug‘iladi, shu paytda qolgan futbolchilarimiz qayerda edi? Xo‘p, maydonning qaysidir burchagida kurash bo‘lib, kutilmaganda Eldorga yetib kelgan deb hisoblasak ham, kadrda Eronning olti futbolchisi. Demak, qayerdadir boshqa kadrda bizning 8, Eronning 3 futbolchisi turibdi, to‘g‘rimi? Ana o‘sha yerda son jihatdan ancha ustunmiz. Unda nega to‘p aynan bu xududga, ya’ni son jihatdan Eron yaqqol ustunlik qilayotgan xududga yetkazib berildi? Berilaverdi?

Endi aynan qayerlarda son jihatdan ustunlik qilganimizni ham ko‘rib chiqaylik.

Yuqoridagi kadrlar aynan Shomurodov tomon vertikal pas oshirishdan avval olingan. Biz bemalol to‘pni saqlab turishimiz, son jihatdan ustunlik yordamida hujumni rivojlantirish imkoni bo‘la turib, futbolchilarimiz kamchilik bo‘lgan xududga to‘p oshirishda davom etishmoqda. Sababi ma’lum — biz oz futbolchilarning individual mahoratiga tayanib, turli vaziyatlar yaratishimiz kerak, ammo shu bilan birga, himoyachilarimiz o‘z o‘rnida qolishi, Eronning potensial xavfidan ehtiyot ham bo‘lishimiz shart. Albatta, bu o‘yin bilan Eronga yutqazmaslik qiyin emas, ammo ancha kuchsizroq jamoalarni ham yutib bo‘lmaydi. Xo‘sh, risk qilish kerak bo‘lganda, g‘alaba qozonish shart bo‘lganda qanday vaziyatlar yaratamiz? Boshqacha uslubda himoya chizig‘imiz shu qadar o‘z mustahkamligini saqlab qola oladimi?

Sizga yana bir nechta ko‘zni qonatadigan rasmlar havola qilaman:

Bild-ap bunday bo‘lmaydi, o‘rtoqlar. Yana o‘sha qizil kartochkaga qaytaveramiz – bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynayotgan jamoa markazda va oldingi chizikda son jihatdan ustunlikni ta’minlash o‘rniga ataylab, bir necha futbolchini nofaol holda qoldirmoqda. Bunday shartlarda nafaqat Eron, himoya chizig‘i yetarlicha saviyali bo‘lgan, umuman hozirgi bosqichdagi har qanday jamoa bemalol himoyalana oladi. To‘pning orqasida sug‘urta uchun 2-3 futbolchimizni qoldirib, oldingi chiziqda faqat kimningdir individual mahoratiga suyanishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. U holda murabbiylarning vazifasi nimada? Aynan kerakli xududlarda son ustunlikni ta’minlash, to‘g‘ri harakatlanishni avtomatlashtirish emasmi? Mana, Erondan dars:

Deyarli barcha futbolchilar to‘p chizig‘idan oldinga o‘tgani bois, to‘pni kerakli zonalarga yetkazish imkoniyati ko‘proq. Hatto vakillarimiz pressing qilgan taqdirda ham, eronlik himoyachi vertikal uzun pas uzatadi va hatto o‘sha xududda ham to‘p uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoladi. Bizning holatimizda esa har qanday uzun pas to‘pni raqibga taqdim etish deganidir, chunki biz oldingi xududlarda son jihatdan ikki barobar kamchilikka egamiz. Shuning uchun Eronning onda-sonda qilgan pressinglari ham kerakli natijani beraverdi – O‘tkir Yusupovning o‘zida 10 ta uzun pas bo‘lib, atigi 2 tasi aniq yetib bordi va faqat bir holatda to‘pni o‘zimizda saqlab qolishni uddaladik.

Ikkinchidan, ikkinchi taymda, ayniqsa, oxirlariga borib, futbolchilarimizdagi charchoqni sezgan bo‘lsangiz kerak. Ikki tomonlama nazorat taymi bo‘lgan birinchi va bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan ikkinchi taymdan so‘ng bu qadar charchab qolishimiz ham murabbiylarning xatosi – biz to‘pni nazorat qilish o‘rniga juda ko‘p to‘p yo‘qotdik, noaniq egasiz paslar tufayli uni egallash uchun ham, yo‘qotilgan to‘pni qaytarib olish uchun ham ko‘p kuch sarflab yubordik.

Xulosa

Murabbiyning vazifasi nimada? Aytaylik, klubda biroz boshqacha, u yerda umumiy boshqaruv, o‘zaro munosabatlar, jamoaning oila bo‘lib shakllanishi, uzoq vaqt samara beradigan shaklni yaratish muhim hisoblanadi. Milliy jamoada esa biroz farqli – murabbiy o‘yindan o‘yinga yashaydi. Jamoaga mos taktika va konkret raqibga mos reja ishlab chiqish bosh murabbiyning eng muhim vazifasidir.

Futbolning ijrochilari —futbolchilar. Juda ko‘p o‘yinlar, natijalar aynan ularning individual mahorati, qarorlari tufayli yuzaga kelsa-da, taktikaning vazifasi buni minimallashtiradigan, ijrochilarning mahoratidan qat’i nazar tizimli ravishda gol urish imkoniyatlarini taqdim etishi kerak. Shu bilan birga, raqibning taktikasiga zarba berib, uning ustunliklariga to‘siq bo‘ladigan va ojiz tomonlarini yuzaga chiqaradigan reja ham kerak bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan baho bersak, Eronga qarshi o‘yin uchun tanlangan taktika va reja yomon emasdi. Ammo bu bir mag‘lubiyatga uchramaslik rejasi edi, boshqa tomondan, g‘alaba uchun o‘ynash lozim bo‘lgan paytda futbolchilarimiz ishonchli ko‘rinishmadi. Bu esa o‘ziga yarasha ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib jarangladi.

Yuqorida Angliya milliy jamoasini bekorga eslamadim. Albatta, shu yo‘l bilan finalga yetib borgan Sautgeyt jamoasiga Bellinghemning chalqancha zarbasi, Uotkinsning 0.05 imkoniyatni golga aylantirgani va hokazolar ham yordam berganini unutmasligimiz kerak. Ya’ni bunday o‘yin aksincha, kuchsizroq raqiblarga qarshi imkoniyatimizni tenglashtirib qo‘yishi ham mumkin. Duranglar bilan jahon chempionatiga chiqib bo‘lmaydi. BAA va Qatarga qarshi o‘yinlarda g‘alaba uchun o‘ynashga majburmiz. Bu o‘yinlarga prototip sifatida olingan «10 kishi qolgan Eron» bilan o‘yinimiz esa sinovdan o‘tmadi. Uch ochko ololmaganimiz esa turnir jadvalidagi holatimizni xavfli qilib qo‘ydi — BAA ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyat bizni guruhda uchinchi o‘ringa tushirib yuboradi. Bu faktor esa murabbiylarimizni yanada ehtiyotkor bo‘lishga majbur qilib, yana hujumda muammolarga duch kelishimiz ehtimoli katta. Ishqilib, Eldor o‘sha uch futbolchini aldab o‘tib gol ursin-da...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid