O‘zbekiston | 17:25 / 13.10.2024
24693
16 daqiqa o‘qiladi

Pora bilan qochgan tergovchi va havosi buzilgan Toshkent - hafta dayjesti

Poraxo‘r prokuratura tergovchisi qidirilmoqda: u 40 ming dollar bilan juftakni rostlagan. Qora ko‘mirning eng qora tomonlari: Toshkentning iflos havosi har yili uch ming kishini o‘ldiryapti. Eron bilan g‘alabaga teng durang: bu safargi saralash ham tahlikali tusga kirdi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim mavzulari – doimgidek Kun.uz dayjestida.

Toshkentda havo sifati: Jahon bankidan noyob hisobot

Toshkent shahri havosining eng mayda PM2,5 zarralari bilan ifloslanishi har yili 3 ming kishining hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi salomatligiga yetayotgan zarar qiymati har yili yarim milliard dollarga yetishi mumkin. Bu – Jahon banki e’lon qilgan Toshkent shahrida havo sifatini baholash natijalarida aks etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti PM2,5 zarralarini inson salomatligi uchun eng xavfli ifloslantiruvchilardan biri deb hisoblaydi. Chunki bu zarralar o‘ta maydaligi hisobiga, nafas yo‘llari orqali organizmga juda oson kiradi, o‘pkadan qonga o‘tadi va qon tarkibida butun organizmdagi to‘qimalarga yetib boradi. JSST tavsiyalariga ko‘ra, PM2,5 zarralarining yillik o‘rtacha konsentratsiyasi bir kub metr havo tarkibida 5 mikrogrammdan oshmasligi kerak. Jahon banki tadqiqotchilarining aniqlashicha, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich tavsiya etilgan darajadan 7 barobarga yuqori.

Havo ifloslanishi odam immunitetini pasaytiradi, bu – salomatligi zaif aholi qatlamlariga ayniqsa ko‘proq ta’sir qiladi. Kombinatsion hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkentda PM2,5 emissiyasining yuqoriligi yiliga 3 mingdan ortiq kishining bevaqt olamdan o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘limlarning 84 foizi insult, yurak ishemik kasalligi va quyi nafas yo‘llari infeksiyalari bilan bog‘liq.

Xo‘sh, poytaxt havosini nimalar ifloslantiryapti? Jahon banki hisoboti hamma bilgan omillarning umumiy muammodagi ulushini ochib bergani bilan muhim. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent havosi PM2,5 bilan bulg‘anishining yillik nisbatda o‘rtacha 28 foizi isitish sektori bilan bog‘liq. Qish oylarida asosan ko‘mir yoqilishi hisobiga bu omilning ulushi 45 foizgacha yetadi. Yillik nisbatda, shuningdek, sanoat korxonalari 13 foiz, barcha turdagi transportlar 16 foiz ulushga ega. Shahar atrofidagi hududlardan shamol orqali kirib keladigan chang PM2,5 bilan ifloslanishning uchdan bir qismini tashkil etadi. Yoz oylarida qurilishlar sabab shahardagi ichki changning umumiy ifloslanishdagi ulushi 14 foizgacha chiqadi. Odatda eng iflos havo kechki soat 20dan keyin (odamlar uyda bo‘lgan vaqtdagi isitish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin) va ertalabki soat 8–10 oralig‘iga (bir vaqtning o‘zida transportlar eng ko‘p harakatlanadigan vaqt) to‘g‘ri keladi.

Umuman, ingliz tilida 88 bet, rus tilida 106 betdan iborat hisobotda Toshkentdagi havo ifloslanishi haqida ko‘p qiziqarli ma’lumotlar jamlangan. Masalaga har tomonlama yondashilgan bunday ko‘lamdagi tahlillarni nega shu paytgacha davlat tashkilotlari qilmagani qiziq. Jahon banki hisobotida qator tavsiyalar ham berilgan bo‘lib, ularning asosiylari muammoning sabablariga borib taqaladi: iqtisodiy siyosatni isloh qilish, isitish sektorida sifatli yoqilg‘ilardan foydalanishga o‘tish, isitish moslamalari va binolarning energiya samaradorligini oshirish kerak. Shuningdek, xalqaro ekspertlar energosamarador isitish tizimlarini o‘rnatish uchun aholiga moliyaviy yordam berishga chaqirgan.

Ko‘plab masalalar qatori ekologiya ham bosh rejaga taqaladi. Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Loyihada havo ifloslanishi muammosi ham inobatga olingani, umuman bosh reja Toshkentni qiynayotgan barcha asosiy muammolarni qamrab olishi aytilyapti. Ayni paytda, ko‘pdan beri kutilayotgan bosh rejaning qachon tasdiqlanishi hamon noma’lumligicha qolmoqda.

Mahalla raisini paxtaga majburlashga majburlagan kim?

Hafta davomida paxta terimiga majburlash bo‘layotgani haqidagi xabarlar “qora tush” deb atalgan avvalgi davrni eslatgani bilan jamoatchilikni xavotirga soldi. Rost24 nashrining yozishicha, Shahrisabz tumanidagi Paxtakor mahallasi raisi “bola puli” oladigan odamlardan paxta terimiga chiqishni talab qilib, aks holda ularga nafaqa to‘lash to‘xtatilishini aytgan. Mehnat inspeksiyasining tasdiqlashicha, bunday tahdiddan keyin bir guruh ishsiz fuqarolar paxta terimiga chiqishga majbur bo‘lgan. Holat oshkor bo‘lgach, mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi, lekin uning o‘zini bunday topshiriq berishga kim majburlagan degan savol ochiq qoldi.

Tarmoqlarda tarqalgan boshqa bir xabarga ko‘ra, ba’zi joylarda maktab o‘qituvchilari paxta uchun har kuni ikkitadan terimchi topib berishga majburlanayotgan bo‘lishi mumkin. Maktab vazirligi va majburiy mehnatga qarshi milliy komissiya bu holatlarni qoralab bayonotlar chiqardi, lekin tarqalgan xabarda majburlash aynan qayerda bo‘layotganiga aniqlik kiritilmagani uchun tafsilotlar ochilmay qoldi.

Avvalroq Qashqadaryoning Kitob tumanida paxta terimi uchun yoshlar yetakchilarining oyligidan ushlab qolinayotgani ma’lum bo‘lgandi. Bu kabi holatlarni hukumat tomonidan paxta narxi fermerlarning zarariga sun’iy pasaytirilganining oqibatlari deyish mumkin. Oktyabr kelib, ikkinchi terim boshlanishi bilan 1500 so‘mlik narxda ishchi kuchini jalb qilish yanayam qiyinlashgach, chorshanba kuni respublikaning barcha hududlarida terim narxi 2500 so‘mga ko‘tarilgani e’lon qilindi. Bunda 2000 so‘m imtiyozli kredit orqali fermer hisobidan, 500 so‘m klaster hisobidan to‘lanadi.

Korrupsiya xabarlari

40 ming dollar pora olib qochib ketgan tergovchi qidirilmoqda. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, qidiruvdagi shaxs – Yunusobod tumani prokuraturasining katta tergovchisi. U jinoyat ishini manfaatdor shaxsning foydasiga hal qilib berish uchun fuqarodan pul so‘ragani aytilmoqda. Fuqaro tegishli joyga murojaat qilgach, tezkor tadbir tashkil etilgan, lekin 7 oktyabr kungi tadbirda tergovchi fuqarodan kelishilgan 40 ming dollarni olganidan keyin, juftakni rostlashga muvaffaq bo‘lgan. Tadbir tashkilotchilari uni qanday qilib tuta olmay qolgani ma’lum emas. Hozirda qochib ketgan organ xodimi sirtdan qamoqqa olinib, qidiruvga berilgan.

Shu hafta ma’lum bo‘lgan yana bir korrupsion holat ham Yunusobod tumaniga taalluqli. O‘tgan yili MIBning ushbu tumandagi bo‘limi xodimi depozit hisobraqamdagi mablag‘larning salkam 1 milliard so‘mini o‘margan. U pullarni avvaliga turli odamlarning nomiga ochilgan bank kartalariga o‘tkazib, keyin onlayn qimorga tikkan va yutqazib qo‘ygan. MIB xodimi sudda bergan ko‘rsatmasida aybini tan olgan, shu bilan birga, o‘g‘irlangan pullarning hammasini bir o‘zi olmagani, 200 mln so‘mini bo‘lim boshlig‘iga berganini aytgan. Boshliq esa buni rad etgan. Yakunda xodim 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Hafta davomida, shuningdek, qishloq xo‘jaligi vazirining yana bir sobiq o‘rinbosari korrupsioner deb topilgani oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yildan keyin innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Azimjon Nazarovga sud hukmi o‘qilgan. Hukmda yozilishicha, u Suv xo‘jaligi vazirligida ishlagan vaqtida, tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalardan biriga o‘zining kompaniyasini tiqishtirib, davlat mablag‘larini talon-toroj qilgan. Yetkazilgan zarar miqdori – 500 ming dollardan ortiq. Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilgan Alisher Nazarovga 4,5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq xo‘jaligi vazirining boshqa bir sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayev o‘ziga aloqador kompaniya orqali budjet pullarini o‘margani uchun 6 yilga qamalgandi. Ayni kunlarda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ustidan sud davom etmoqda. Sudlanuvchilar soni 50 tani tashkil etayotgan bu katta jinoyat ishi ham jamoatchilik uchun yopiq tarzda ko‘rib chiqilyapti.

Energetika vaziridan katta intervyu

Kelayotgan qish fasli uchun 5,1 mlrd kub metr gaz yerosti omborlariga g‘amlab qo‘yildi. Bu – o‘tgan yilgidan 27 foizga ko‘p. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastidagi chiqishida aytib o‘tdi. U qishda svet o‘chmaydimi degan savolga javoban, bu yil elektr energiyasi ishlab chiqarish keskin oshganini aytdi. Bir tarafdan generatsiya ko‘paygani, ikkinchi tarafdan narxlar oshirilgach aholi svetni tejay boshlagani tufayli, elektr energiyasi taklifi hajmi talab hajmidan oshib ketdi, dedi vazir. U qaysi metan-shoxobcha ishlayotganini ko‘rsatib turadigan ilovani 1 dekabrgacha taqdim etishga va’da berdi. Lekin bu ilovaga ulanish shoxobchalar uchun ixtiyoriy bo‘ladi.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi uchun 200 kilovatt-soatlik ijtimoiy norma oshirilishini kutmaslik kerak. U keltirgan jadvaldan ko‘rinishicha, bu yil yozning o‘rtasi – iyul oyida aholi xonadonlarining 76 foizi 200 kilovatt-soatdan oshmagan miqdorda elektr ishlatgan. Gazlashtirilmagan hududlarga adolatsizlik bo‘lyapti-ku, degan savolga javoban, vazir tabiiy gazga ulanmagan hovlilar uchun 50 foizlik chegirma berilishini aytdi. Ya’ni gaz bormagan joylarda aholi ijtimoiy norma doirasidagi svet uchun 450 so‘m emas, 225 so‘mdan to‘lov qilishi ko‘zda tutilyapti. “Buni 1 yanvardan boshlab joriy qilishga harakat qilamiz”, dedi Mirzamahmudov.

Boysundagi avariya haqida gap ketarkan, Energetika vazirligi rahbari ommaviy axborot vositalariga berib borilgan juda kam ma’lumotlarni yetarli deb hisoblashini bildirdi. Bu avariya AES qurilishi bilan bog‘liq xavotirlarni yanada kuchaytirgani haqidagi mulohazaga javoban, vazir quriladigan stansiya eng yuqori darajada xavfsizlik talablariga javob berishini ta’kidladi. “O‘zAtom”ning sobiq rahbarining fikricha, mamlakatda kam quvvatli atom stansiyasidan tashqari, “yirik atom reaktori ham baribir kerak”. U 2040 yilgacha O‘zbekistonda yirik AES qurilishi mumkinmi degan savolga “albatta” deb javob berdi.

O‘tgan yakshanba kuni qo‘shni Qozog‘iston hukumati AES qurish qarorini referendumda 71 foizlik ovoz bilan rasmiylashtirdi. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat AES qurilishi bo‘yicha “allaqanday bitta ta’minotchi, bitta pudratchiga bog‘lanib qolmoqchi emas”. Buning uchun 5 tagacha davlatdan iborat konsorsium tuziladi. Hozircha loyihada eng kamida Rossiya va AQSh qatnashish istagini bildirgan. Qurilish ishlari taxminan 10 yil davom etishi aytilyapti. Ta’kidlash kerak, referendumdan oldin qozoq hukumati ochiqchasiga AES qurilishini qo‘llab-quvvatladi, hamma joyda “atom targ‘iboti” olib borildi, AESga qarshilar esa hibsga olingan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Onlayn firibgarlarga qarshi yangi choralar e’lon qilindi. Markaziy bank xabariga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab onlayn tarzda kredit olgan fuqarolar 48 soat ichida bank bilan bog‘lanib, firibgarlar ta’sirisiz ariza berganini tasdiqlamaguncha, olingan pullarni ishlatish qisman imkonsiz bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, yil boshidan beri firibgarlar birovning nomidan onlayn kredit olish orqali 463 ta holatda 15 mlrd so‘m ishlab olgan. Allaqachon chet elga olib chiqib ketilgan bu pullarni banklar kimdan qaytarib olishi so‘roq ostida qolmoqda. Eslatib o‘tamiz, o‘z xavfsizligini o‘ylaganlar my.gov.uz portali orqali kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlab qo‘yishi mumkin.

“Dom” quruvchilar yana kotlovanni noto‘g‘ri qazib, buzg‘unchilik qildi. Bu safargi voqea 8 oktyabr kuni Toshkent tumanida ro‘y berdi. Kotlovan qazish jarayonida obektga tutash uyning darvozaxona qismi qulab tushgan. Devor qulagan paytda uy egasining ota-onasi uyda bo‘lgani, yetib kelgan qutqaruvchilar ularni uydan olib chiqish uchun qo‘shnining devorini buzishiga to‘g‘ri kelgani aytilyapti. Tuman hokimligi quruvchining aybini tasdiqladi, shu bilan birga, hech kim jiddiy jabrlanmagani, qulagan darvozaxona esa o‘zi aslida noqonuniy qurilma bo‘lganini ma’lum qildi.

Namangan shahridagi YTHda uch nafar o‘smir yigit halok bo‘ldi. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, jami 5 nafar maktab o‘quvchisi Gentra mashinasini noqonuniy ijaraga olib, yuqori tezlikda yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va yuk mashinasiga urilgan. O‘smirlar katta tezlikda yurganini Instagram'ga joylash uchun video olaman deb, telefonga chalg‘igani va boshqaruvni yo‘qotgani aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, yil boshidan beri Namangan shahrida maktab o‘quvchilari ijaraga olgan mashinalar kamida to‘rt marta halokatga uchragan, ularning barchasi o‘lim bilan tugagan. Bunday holatlarda mashinasini guvohnomasi yo‘q bolalarga ijaraga berganlar 200-300 ming so‘m ma’muriy jarima bilan qutulib ketyapti. Chunki bunday qilmish uchun qonunchilikda bundan ortiq jazoning o‘zi yo‘q.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bu safar ham Toshkentda Eronni mag‘lub eta olmadi. Jahon chempionati saralashi doirasida forslar bilan 0:0 hisobidagi, g‘alabaga teng durang qayd etildi. Eron 57-daqiqadan boshlab bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, bu umuman sezilgani yo‘q. 90+2-daqiqada O‘zbekiston darvozasiga belgilangan yaqqol penalti VAR tekshiruvidan keyin bekor qilingani esa o‘yin kulminatsiyasi bo‘ldi. Bu bahsdan keyin, O‘zbekiston va Eron 7 ochko bilan guruhni boshqarib turgan bo‘lsa-da, raqiblarimiz yaqqol favorit ekani aniq bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin uchun kurashadigandek ko‘rinayotgan O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi birinchi davra bahsi 15 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid