The New York Times Hamasning 7 oktyabr kungi hujumdan oldingi uchrashuvlari protokollarini qo‘lga kiritdi
Guruh rahbariyati «Hizbulloh» va Eronni hujumga qo‘shilishga undagan.
The New York Times Hamasning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroil hududiga hujum qilish, «Hizbulloh» va Eronni bunga qo‘shilishga ko‘ndirish imkoniyatini muhokama qilgan maxfiy uchrashuvlariga oid protokollarni qo‘lga kiritdi.
Protokollar Hamas siyosiy va harbiy yetakchilari tomonidan ikki yil davomida o‘tkazilgan 10 ta yig‘ilishga tegishli bo‘lib, ular Isroil harbiylari tomonidan yanvar oxirida tashkilotning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan yer osti qo‘mondonlik punktida o‘tkazgan tintuvlari davomida kompyuterdan topilgan. NYT jurnalistlari hujjatlarning bir qismini o‘zlari tekshirib, ulardagi ma’lumotlarni sodir bo‘lgan voqealar bilan taqqoslagan, bir qismini esa Hamas faoliyatidan xabardor ekspertlar hamda guruh harbiy qanotining sobiq a’zolariga ko‘rsatgan.
Protokollarga ko‘ra, yig‘ilishlarning barchasida Hamasning asosiy yetakchilaridan biri Yahyo Sinvar ishtirok etgan (2024 yil iyul oyi oxirida Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin u siyosiy byuroning yangi yetakchisiga aylangandi). Yig‘ilishning boshqa ishtirokchilari nomi keltirilmagan, ammo Isroil razvedkasi tahlilchilari xulosasida aytilishicha, ular orasida Muhammad Deyf, Marvon Iso va Yahyo Sinvarning ukasi Muhammad Sinvar ham bo‘lgan.
Isroilga hujum uyushtirishga oid ilk qaydlar 2022 yil yanvardagi uchrashuvlarga tegishli va unda mazkur hujum «katta loyiha» deb aytilgan. Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, avvaliga Hamas hujumni 2022 yilning kuzida amalga oshirishni rejalashtirgandi.
Hamas 2021 yildan beri Isroil bilan yirik to‘qnashuvlardan qochib kelardi — bu 7 oktyabr kungi hujumning samarasini oshirishga qaratilgandi, deya yozadi nashr. Tashkilot rahbariyatining fikricha, bu Isroil hukumatini Hamas G‘azo sektorida «tinchlikni xohlashi»ga ishontirishi kerak bo‘lgan.
Protokollarga ko‘ra, 2022 yil aprelida o‘tkazilgan yig‘ilishda guruh yetakchilari odatda eng keskin davr bo‘ladigan Ramazon oyi jiddiy to‘qnashuvlarsiz kechgani, bu esa Hamasga o‘z niyatini yashirishda yordam berganini qayd etishgan. Iyundagi uchrashuvda Hamas navbatdagi eskalatsiyadan qutulib qolishga erishgani aytilgan. Bundan tashqari, shu yig‘ilishda Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar birinchi marta Isroilga yirik hujum G‘azo sektorida tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelishi mumkinligi haqida eslatgan. 7 oktyabrdan keyin esa Hamasning ayrim yetakchilari tinch aholi orasida katta yo‘qotishlar bo‘lganini tan olgan, ammo bu falastinliklar «ozodlik uchun to‘lashi kerak bo‘lgan to‘lov» ekanini aytishgan.
NYT’ning yozishicha, 2022 yil sentabrda hujum rejasi deyarli tayyor bo‘lgan. Ammo oxir-oqibat u qoldirilgan. Protokollarda buning sababi keltirilmagan, ammo ularda bir necha bor Hamas rahbariyatining Eron va «Hizbulloh»dan qo‘llab-quvvatlov olish borasidagi sa’y-harakatlari haqida so‘z boradi.
Xususan, 2023 yil iyulida Hamas vakili Livanda Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Said Izadiy bilan uchrashgan va undan hujumning ilk soatlarida Isroilning nozik obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘llashni so‘ragan. Izadiy esa Eron va «Hizbulloh» hujumni qo‘llab-quvvatlashini, ammo tayyorgarlik uchun ularga ko‘proq vaqt kerakligini aytgan.
Yozuvlarda, shuningdek Hamas Isroilga hujumni «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh bilan uchrashuvda batafsil muhokama qilishni rejalashtirgani aytiladi, ammo bunday uchrashuv bo‘lib o‘tgani aniq emas. Yakunda Hamas o‘z ittifoqchilarining umumiy qo‘lloviga ishonch hosil qilgan, ammo yolg‘iz harakat qilishiga to‘g‘ri kelishi haqida xulosaga kelgan, deya yozadi NYT.
Hujjatlarda Hamasni 2023 yil 7 oktyabr kuni hujum uyushtirishga majbur qilgan sabablar ham keltirilgan. Masalan, ulardan biriga ko‘ra, tashkilot Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanib borayotganini buzish bo‘lgan. Bundan tashqari, Isroil hukumatining Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga o‘rnashib olgani va Al-Aqso masjidi majmuasi ustidan nazoratni kuchaytirishga bo‘lgan urinishi ham rol o‘ynagan. Hujum 2023 yil oxiriga qadar amalga oshirilishi kerakligiga yana bir argument sifatida Hamas Isroil yangi havo hujumidan mudofaa tizimini ishga tushirishidan oldinroq zarba berishni istagani bo‘lgan.
2023 yil mayida Hamas rahbariyati hujum boshlanishi uchun ikkita ehtimoliy sanani muhokama qilgan — 25 sentabr, bu kuni Isroilda Yom Kipur nishonlanadigan kun («Qiyomat kuni», yahudiylar taqvimidagi eng muhim sanalardan biri), yoki shu yili Simxat Tora bayramiga to‘g‘ri kelgan 7 oktyabr kuni.
Eron rahbariyati Isroilga 7 oktyabrda uyushtirilgan hujumga qandaydir aloqasi borligini rad etgan. Eronning BMT huzuridagi missiyasi hujum to‘liq Hamasning G‘azo sektorida joylashgan harbiy qanoti tomonidan rejalashtirilganini, buni Eron yoki «Hizbulloh»ga bog‘lashga urinishlar «ishonchga sazovor emasligi va soxta hujjatlarga asoslangani»ni ma’lum qilgan. Bundan tashqari, amerikalik mulozimlar razvedka ma’lumotlariga asoslanib, Eronning asosiy yetakchilari hujumdan g‘aflatda qolishgani haqida aytishgandi.
Isroillik harbiylar izoh berishdan bosh tortgan. Hamas va «Hizbulloh» ham so‘rovlarga javob qaytarmagan.
Mavzuga oid
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024
Eron O‘zbekistonning qator mahsulotlariga eksport uchun ruxsatnoma beradi
16:32 / 19.12.2024
O‘zbekiston Eron bilan qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kuchaytiradi
14:47 / 18.12.2024