O‘zbekiston | 20:04 / 14.10.2024
4280
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda salkam 44 ming dollarga qalbaki dori sotganlar ushlandi

Ikki fuqaro soxta sertifikatga ega “Xitofer-S” nomli dori vositasini (temir preparati) 43 700 dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Foto: Prokuratura departamenti

Toshkent shahrida 4 000 quti qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda 14 oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi, DXX va DBQ xodimlari hamkorligida tumandagi Chorbog‘ ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar A.A. va D.A. soxta sertifikatga ega jami 4 000 quti “Xitofer-S 5 ml” nomli dori vositasini fuqaro M.X.ga 43 750 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu dori vositalari qalbakilashtirilgani qayd etilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Namanganda uyidagi yashirin sexda qalbaki dori ishlab chiqargan feldsher va uning sheriklari qamalgan edi.

Mavzuga oid