Jahon | 14:10 / 14.10.2024
2187
5 daqiqa o‘qiladi

Jahon OAV Navalniyning xotiralaridan parchalarni chop etdi

Shimoliy qutb doirasidan tashqaridagi Rossiya koloniyasida vafot etgan Aleksey Navalniyning xotiralari shu yilning 22 oktyabrida nashr etiladi.

Foto: REUTERS

Bir qator jahon ommaviy axborot vositalari 12 oktyabr, shanba kuni Rossiya koloniyasida vafot etgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning xotiralaridan parchalarni chop etdi. «Patriot» kitobining bir nechta bo‘limlari Amerikaning The New Yorker, Germaniyaning Der Spiegel jurnalida, Fransiyaning El Pais va Britaniyaning The Times gazetalarida qayta nashr etilgan.

Kitobga kiritilgan Navalniyning kundaliklaridan parchalar 2021 yil 21 yanvarda — siyosatchi "Novichok" bilan zaharlanishdan omon qolgani, Germaniyadan Rossiyaga qaytib kelgani va "Sheremetevo" aeroportida chegara nazoratida qo‘lga olinganidan keyin psixologga tashrifidan boshlanadi.

Yozuvlar siyosatchi allaqachon Vladimir oblasti Pokrov shahridagi umumiy rejimli koloniyaga yuborilgan o‘sha yilning aprelini qamrab oladi. Unda Navalniy uni davolashdan bosh tortishganidan shikoyat etgan va shuning uchun 31 mart kuni ochlik e’lon qilgan. Navalniy bir necha hafta ochlik e’lon qilganini tasvirlar ekan, koloniya xodimlari qanday qilib cho‘ntagiga konfet solib qo‘ygani, hamma joyda unga ergashgan «ayg‘oqchilar» va uni ovqat hidi bilan «aldashga» urinishlar haqida gapirgan.

«Bugun men tushkunlikka tushdim. Hammomga bordik. Issiq dushga zo‘rg‘a chidadim. Oyoqlarim bo‘shashib ketayotgandi. Kechqurun - umuman kuchim yo‘q. Men faqat yotishni xohlayapman. Hissiy va ruhiy tushkunlikni his qilyapman», — degan Navalniy ochlik e’lon qilganining ikkinchi haftasini tasvirlab.

20 aprel kuni Navalniy mustaqil ekspertizadan o‘tkazilgan va 23 aprel kuni ochlikni to‘xtatayotganini ma’lum qilgan. «Men so‘zsiz ishonadigan shifokorlar kecha bayonot bilan chiqdilar, biz ochlikni to‘xtatishim uchun yetarli narsaga erishdik, deb o‘ylayman», — deb yozgan Navalniy.

El Mundo: «GRU» xodimi Rubsov Navalniyni Yevropada kuzatib yurgan

Jurnalist va «harbiy muxbir» bo‘lib yashirin ishlagan rossiyalik josus Pablo Gonsales (Rossiya pasportiga ko‘ra — Pavel Rubsov) Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan 2017 yilda siyosatchi Aleksey Navalniy shikastlangan ko‘zi bo‘yicha Yevropada davolanayotgan paytda uni kuzatish haqida topshiriq olgan. Bu haqda Ispaniyaning El Mundo nashri 6 oktyabr kuni Gonsalesga qarshi hozirda Polshada tergov qilinayotgan josuslik ishi bo‘yicha tergov hujjatlariga tayanib yozdi.

Ispaniya maxsus xizmatlariga tushgan materiallarga ko‘ra, Gonsales (Rubsov) Rossiya davlat buyurtmachilariga Aleksey Navalniy davolangan Barselona va Lozannadagi klinikalar haqida ma’lumot bergan. El Mundo nashriga ko‘ra, ayg‘oqchi siyosatchi bilan kamida ikki marta uchrashgan va uchrashuvlardan birida Navalniy 2020 yilda «Novichok» bilan zaharlanganidan keyin u bilan selfiga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. Gonsales suratga siyosatchi Rossiya hukumati tomonidan ta’qibga uchramadi, degan izoh qoldirgan, chunki Moskva unga «birinchi so‘rov bo‘yicha chet elga» chiqishi uchun «pasportni bir necha soat ichida» taqdim etgan, deya yozadi nashr.

El Mundo Gonsalesning Rossiya razvedkasiga bergan o‘nlab hisobotlari va Polshadagi «GRU» agentiga ayblov asosini tashkil etuvchi boshqa hujjatlarga ega. Materiallar Ispaniya maxsus xizmatlariga topshirildi, deb yozadi nashr. Polsha razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, rus josusi kuzatuv olib borgan, Rossiyaga ma’lumot uzatgan va «Rossiya hukumati siyosatiga mos keladigan dezinformatsiya»ni chop etgan. Shuningdek, Gonsales, Polsha razvedka xizmatlariga ko‘ra, quvg‘indagi muxolifatchilar to‘planadigan joylarda Wi-Fi parollarini Moskvaga uzatgan, bu ularning noutbuklarini hakerlik hujumlari oldida himoyasiz qilib qo‘ygan, deb yozadi nashr.

Mavzuga oid