O‘zbekiston | 19:53 / 15.10.2024
11336
4 daqiqa o‘qiladi

“Sekin oshirib boramiz” – Toshboyev O‘zbekiston 24 minglik Haj kvotasidan to‘liq foydalanmayotgani haqida

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyevga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Haj uchun Saudiya podshohligi ajratgan 24 ming kishilik kvotani olish uchun tashkiliy jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. Shu sababli hozircha 15 ming bilan cheklanilyapti. Qo‘mita rahbari Haj ziyoratini keyinchalik turfirmalarga berish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligini istisno etmadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev 15 oktyabr kuni Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi. Xususan, qo‘mita raisi Saudiya Arabistoni O‘zbekiston uchun ajratgan 24 ming kishilik Haj kvotasidan to‘liq foydalanilmayotganiga izoh berdi.

“Bu kelajakda sekin-sekin [bo‘ladi]. Dastlab Haj uchun kvotamiz 3 mingta bo‘lgan. Keyin 5200 ga chiqdi, 7200 ga chiqdi. Mana, uch yildan beri… bu yilgi [rejamiz] ham 15 ming bo‘lib turibdi, sekin-sekin ko‘tarib boryapmiz.

Bir narsani hisobga olish kerakki, biz bunga tayyor ham bo‘lishimiz kerak. U yerdagi mehmonxonalar va boshqa masalalarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Men shu sohada 3 yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor, faqat Hajga olib borib kelmayapmiz. Mehmonxonasi, Mino, Arofat, Muzdalifaga tayyorgarligimiz bor. “Havo yo‘llari”ning tayyorgarligi bor, bu yil 14-15 kun tashib berdi, chunki u yerda slot olish qiyin bo‘layotgan davrlarimiz bo‘ldi.

24 mingta kvota olishimiz… kim tashib beradi bularni bizga? Ko‘pchilik aytishi mumkin, 100 mingta bo‘lsa ham tashib beramiz, deb. Lekin buning o‘ziga yarasha tashkiliy masalalari bor. Agar ertaga 15 ming emas, 50 ming odamga yaxshi xizmat ko‘rsatmaylik, O‘zbekistondan kelganlar shunaqa bo‘ldi, deb butun dunyoga aytadi. Mana shu masalalarimiz bor. Bu [kvota] sekin-sekin ko‘tarib boriladi”, – dedi qo‘mita raisi.

Sodiqjon Toshboyev keyinchalik Haj ziyoratini tashkil etish turfirmalarga ham berilishi mumkinmi, degan savolga javob berdi.

“Balki berilishi mumkin. Lekin hozircha Saudiya hukumati ham Haj masalasida faqatgina davlat bilan ishlash tarafdori bo‘lyapti. Ularning talablari shunaqa. Balki kelajakda bo‘lishi mumkin. Mana, Turkiyada ham shunaqa qilinadi, lekin Diyonat ishlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

Kelajakda shunaqa bo‘lishi mumkin, buni Saudiya bilan ishlab ko‘rishimiz kerak. Hozircha Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan shartnoma imzolaydi, Musulmonlar idorasi xizmat ko‘rsatib beradi”, – dedi u.

2022 yil sentabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Robiyani qabul qilgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik Haj kvotasini 24 ming nafargacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Lekin kelasi ikki yil davomida ham 15 ming nafardan fuqaro Hajga yuborildi. Kvotaning qolgan 9 minglik qismi Musulmonlar idorasi tomonidan foydalanilmadi, turfirmalarga ham bo‘lib berilmadi.

Mavzuga oid