Jahon | 15:43 / 16.10.2024
6881
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroilga yordamni qisqartirish bilan tahdid qildi

G‘azodagi gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun muhlat berilgan.

Foto: Anadolu/Getty Images

Amerika hukumati agar Isroil hukumati G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar tufayli yuzaga kelgan gumanitar vaziyatni yaxshilash choralarini ko‘rmasa va 30 kun davomida anklavga insonparvarlik yuklari kiritilishini ta’minlamasa, harbiy yordamni qisqartirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bu ogohlantirish Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotini qayta tiklashi ortidan yangramoqda.

O‘tgan yakshanba kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantga yo‘llangan maktubda, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin G‘azoga olib kiriladigan yordam hajmi oldingi darajaga ko‘tarilishini ta’minlash uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirgan, deya xabar beradi Davlat departamenti vakili Mettyu Miller.

«Sentyabrda G‘azoga kelib tushgan yordam hajmi o‘tgan yil ichidagi eng kami bo‘ldi, — deyilgan maktubda Axios xabariga ko‘ra. — Gumanitar vaziyatni o‘zgartirish uchun Isroil bugundan boshlab 30 kun ichida muayyan choralar ko‘rishi lozim».

Hujjatda qayd etilishicha, 1,7 mln kishi Al-Mavasiy hududiga evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan, bu yerda ular aholi haddan tashqari gavjumligi tufayli o‘limvor kasalliklarni «yuqtirish xavfi oshgan».

«Biz ayniqsa Isroil hukumatining so‘nggi harakatlaridan xavotirdamiz — jumladan, tijoriy importni to‘xtatib qo‘yish, sentabr oyida deyarli 90 foiz holatda G‘azo janubi va shimoli orasidagi harakatni taqiqlash yoki to‘sqinlik qilish, ikki maqsadli mahsulotlarga nisbatan keraksiz va murakkab cheklovlar qo‘yish hamda gumanitar personal va yuklar uchun bajarish qiyin bo‘lgan yangi bojxona talablari joriy etilishi o‘sib borayotgan qonunsizlik va talonchilik bilan birgalikda G‘azodagi ahvol tez sur’atlarda yomonlashishiga hissa qo‘shmoqda», — deyilgan maktubda.

Unda shuningdek, AQShning Amerika yordamini yetkazishga to‘sqinlik qiluvchi mamlakatlarga harbiy yordam ko‘rsatishni taqiqlovchi qonunlari haqida eslatilgan.

AQSh davlat departamenti maktub haqiqiyligini tasdiqlagan va hujjat — «xususiy diplomatik xabarligi», idora uni jamoatchilik uchun e’lon qilmoqchi emasligini ma’lum qilgan.

Dushanba kuni Isroil mudofaa vazirligi BMT Jahon oziq-ovqat dasturi yordami ortilgan 30 ta yuk mashinasi «Erez» nazorat-o‘tkazish punkti orqali G‘azo shimoliga o‘tgani haqida xabar bergandi.

Blinken va Ostin yo‘llagan maktubda, Isroil kuniga kamida 350 ta yuk mashinasi o‘tishiga ruxsat berishga, G‘azoga olib kiruvchi beshinchi o‘tish joyini ochishga va operativ zarurat bo‘lmagan hollarda falastinliklarni evakuatsiya qilishga buyruq bermaslikka chaqirilgan.

Isroillik mulozimlardan biri Axios nashriga «maktub qabul qilib olingani hamda Isroil maxsus xizmatlari xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilayotgani»ni aytgan.

«Isroil bu masalaga jiddiy qaraydi va maktubda ifodalangan xavotirlarni amerikalik hamkasblar bilan muhokama qilmoqchi», — degan u.

Isroil hukumati avvalroq G‘azo sektoriga insonparvarlik yuklari yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmayotganini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, BMT hudud shimoliga ikki hafta davomida oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilmaganini bildirgan. Tashkilot eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari tugab borayotganidan ogohlantirgan.

Mavzuga oid