Sport | 16:51 / 16.10.2024
25579
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning JCh-2026ga borish imkoniyati keskin oshdi – We Global Football

Osiyoda 2026 yilgi jahon chempionati hal qiluvchi saralash bosqich 4-tur o‘yinlaridan keyin We Global Football portali milliy jamoalarning okean ortidagi turnirga borish imkoniyati foizlarini yangiladi. O‘zbekistonning bu safargi mundialda ishtirok etish imkoniyati yuqori baholanmoqda.

Foto: UFA

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasining 4-turda Birlashgan Arab Amirliklari ustidan qozongan g‘alabasidan (1:0) keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyati 93,1 foizga ko‘tarilgan. Ya’ni, imkoniyat 10 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu borada mamlakatimiz milliy jamoasi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun da’vogarlar orasida Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyingi 4-o‘rindan joy olgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston milliy jamoasining 3-turda Eron bilan durang (0:0) qayd etganidan keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyati 75,9 foizdan 82,8 foizga ko‘tarilgan edi. 2-turda Qirg‘iziston ustidan erishilgan g‘alabadan (3:2) keyin O‘zbekistonning imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga ko‘tarilgandi, JCh-2026ga chiqa olmaslik imkoniyati esa 1 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirilgan edi.

A guruhidan Eronning JCh-2026ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish imkoniyati eng yuqori baholangan – 99,6%. Forslarning imkoniyati avvalgi turdan keyin bir yarim foizga – 98%dan 99,6%ga o‘sgan.

O‘zbekistonning 5-turdagi raqibi Qatar 4-turda Erondan uchralgan mag‘lubiyatidan (1:4) keyin imkoniyatini ancha pasaytirib, da’vogarlar top-10ligini tark etdi.

Osiyo milliy jamoalarining 4-turdan keyin JCh-2026ga borish imkoniyatlari (We Global Football talqini):

1. Yaponiya – 99.99% (3-turdan keyin – 99.9 % edi)

2. Eron – 99.6% (98.0 %)

3. Janubiy Koreya – 99.5% (97.5 %)

4. O‘zbekiston – 93.1% (82.8 %)

5. Avstraliya – 75.1% (57.8 %)

6. Iroq – 53.4% (61.5 %)

7. Iordaniya – 41.6% (29.0 %)

8. Saudiya Arabistoni – 16.7% (31.2 %)

9. Bahrayn – 7.9% (10.6 %)

10. Ummon – 5.4% (9.4 %).

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston navbatdagi turlarda 14 noyabr kuni Dohada Qatar mehmoni bo‘lsa, 19 noyabrda Laosda Shimoliy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. Hozirda davolanish muolajalarini olayotgan jamoamizning sloveniyalik bosh murabbiyi Srechko Katanets ushbu bahslarda ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 uchun Osiyoga 8,5 o‘rin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-o‘rindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

O‘zbekiston A guruhida Eron bilan bir xil – 10 ochkodan jamg‘arib, qo‘shhokimlik qilmoqda. Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikaning 16ta shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid