Jahon | 22:54 / 19.10.2024
5617
2 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping Xitoy armiyasini urushga tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirdi - OAV

Xitoy raisi harbiylarni urushning yangi usullariga moslashishi kerakligini aytdi.

Foto: gov.cn

Xitoy rahbari Si Jinping o‘z armiyasini urushga tayyorlanishga chaqirdi. U 17 oktyabr kuni tegishli bayonot bilan chiqdi. Bu haqda Xitoyning CCTV davlat telekanali xabar berdi.

Si Xitoy armiyasining yaqinda Tayvan yaqinida keng ko‘lamli mashg‘ulotlarni yakunlagan Raketa qo‘shinlari qarorgohiga tashrifi chog‘ida urushga tayyorgarlik haqida gapirdi.

U harbiylar oldidagi nutqida «urushga tayyorgarlikni har tomonlama kuchaytirish va qo‘shinlarning ishonchli jangovar qobiliyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga» chaqirdi, xususan, Xitoy raisi urushning yangi usullariga moslashish kerakligini aytdi.

«Siyosiy yo‘l-yo‘riqlarga rioya qiling, missiya va mas’uliyatni kuchaytiring va tiyib turish darajasi bilan haqiqiy jangovar qobiliyatlarni yaxshilash uchun astoydil harakat qiling», dedi u.

14 oktyabr kuni Pekin Tayvanni o‘rab olish maqsadida qiruvchi samolyotlar, dronlar, harbiy kemalardan foydalanib, keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi. Ikki yildan ortiq vaqt ichida orol atrofida to‘rtinchi marta shunday mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xitoy Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb biladi va uni qo‘shib olish uchun harbiy imkoniyatdan foydalanishni istisno qilmaydi.

Mavzuga oid