«Arsenal» kutilmaganda yutqazdi, «Real»ga Mbappening shedevri va Modrichning dahosi yordam berdi. Kun o‘yinlari
Shanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «MYu» va «Aston Villa»da kambeklar
«Manchester Yunayted» – «Brentford» - 2:1
Gollar: 0:1 – 45+5 Pinnok, 1:1 – 47 Garnacho, 2:1 – 62 Hoylund.
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Evans, de Ligt, Diogu Dalot, Kazemiro (Ugarte, 88), Eriksen, Garnacho, Brunu Fernandesh, Reshford, Hoylund (Zirkze, 74).
«Brentford» – Flekken, Ayyer, Pinnok, Kollinz, van der Berg (Roerslev, 87), Yanelt (Yarmolyuk, 75), Nergor, Mbemo, Damsgor, Lyuis-Potter (Vissa, 66), Shade (Karvalyu, 74).
«Brentford» — ilk daqiqalarni dahshatli boshlashi bilan ajralib turadigan jamoa. «Asalarilar» qatorasiga uch turda birinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi, to‘rtinchi o‘yinda esa ikkinchi daqiqada gol urishdi. Ko‘pchilik qatorasiga beshinchi turda ham «Brentford»dan tezkor gol kutgandi, ammo «Old Trafford»dagilar bunga yo‘l qo‘yishmadi. Holbuki o‘yin aynan mehmonlarning hujumlari bilan boshlangandi, keyin esa mezbonlar tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi. «MYu» hujum chizig‘ida doimgidek Garnacho o‘z faolligi bilan ajralib turdi, uning yaqin masofaga yo‘llagan zarbasini Flekken qaytardi.
34-daqiqada «MYu»da penaltiga teng vaziyat bo‘lgandi. Eriksen darvoza qarshisiga to‘p bilan chiqib bordi va unga hech kim jiddiy qarshilik ko‘rsatmayotgandi. Bunday pozitsiyadan turib gol ura olmaslik gol urishdan qiyinroqdek ko‘ringandi, ammo daniyalik yarimhimoyachining zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi.
Birinchi bo‘limda unikal epizod yuzaga keldi. De Liht boshi bilan raqib futbolchisining tizzasiga zarba bergan holda fol ishlatdi. Bosh va tizza to‘qnashgan bunday holatlarning 99 foizida bosh bilan o‘ynagan futbolchi foydasiga qaror chiqariladi. Ammo bu holatda aksi kuzatildi — himoyachi raqib hujumini to‘xtatish uchun harakat qilgandi. Bu holatda himoyachining boshi yorildi, ammo u o‘yinni davom ettirishga qaror qildi.
Bu darhol bo‘lmasa-da, o‘yinga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. «Brentford» ilk daqiqalarda gol urmagan bo‘lsa ham, bo‘limning oxirgi daqiqalarida hisobni ochdi. Tanaffus arafasida de Lihtning boshi yana qonga belangan holatda edi va hakam reglamentga ko‘ra niderlandiyalik futbolchi tibbiy yordam uchun maydonni tark etishi kerakligini ko‘rsatdi. Aynan shu pallada «Brentford» burchak zarbasidan keyin hisobni ochdi. Pinnok Dalot ta’qibidan qochib ketib, bosh bilan zarba yo‘lladi, bu holatda Onanada imkon yo‘q edi.
🚨🎥 - De Ligt’s reaction to Brentford’s goal after the referee forced him off the pitch
— Frank🧠🇳🇱 (fan) (@TenHagEra) October 19, 2024
We’ve been missing players with this passion/attitude for YEARS.. pic.twitter.com/JGvTr72AUV
«MYu» ikkinchi bo‘lim boshida tezkor gol bilan javob qaytardi. Bu safar Garnacho havodagi to‘pga to‘xtatmay zarba berib, «Brentford» darvozabonini ojiz qoldirdi. Argentinalik futbolchiga «Yunayted»dagi 20-golini urishda Reshford assistentlik qildi. Shundan keyin mezbonlar o‘yinini chinakamiga kuchaytirishdi. Ikkinchi bo‘lim avvalidagi 20 daqiqalikda zarbalar bo‘yicha hisob — 7:0.
62-daqiqada esa «MYu» futbolchilari shedevr ijro etishdi. Avvaliga ten Hag shogirdlari raqib jarima maydoni tomonda pressing qilish evaziga to‘p tepib yuborishga majbur qilishdi, keyin esa darhol to‘pni egallab, hujum uyushtirildi. Bu hujum yakunida Brunu tomoni bilan jarima maydoni ichkarisiga pas berdi va Hoylund darvozabon bilan yakkama-yakka holatdan unumli foydalandi.
O‘yinda burilish yasagan mezbonlar muxlislarini xursand qilishda davom etishdi. Onana raqib jarima maydoni yaqinidagi Dalotga to‘pni yetkazib berib, golli uzatma muallifiga aylanishi ham mumkin edi. Ammo darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borgan portugaliyalik himoyachi uni alday olmadi. Umuman olganda, «MYu» ikkinchi bo‘limda raqibga imkon qoldirmadi va sentabr o‘rtalaridan buyon ilk bor g‘alabaga erishdi.
«Fulhem» – «Aston Villa» 1:3
Gollar: 1:0 – 5 Ximenes, 1:1 – 9 Rodjyers, 1:2 – 59 Uotkins, 1:3 – 69, avtogol Diop.
«Fulhem» – Leno, Robinson, Bassi, Andersen, Tete, Berge (Uilson, 80), Pereyra (Diop, 68), Smit-Rou (Kerni, 80), Ivobi, Traore (Nelson, 68), Himenes.
«Aston Villa» – Martines, Din, Pau Torres, Diyego Karlos, Kesh, Tilemans, Onana (Barkli, 75), Remzi (Buendia, 83), Beyli (Filodjin-Baydeys, 61), Rodjyers (Makginn, 83), Uotkins (Duran, 75).
Chetlatish: Andersen (64).
«Aston Villa» kuchli to‘rtlikda qolishda davom etmoqda, darvozabon Lenoning uzatmasidan keyin Himenes tezkor gol urishi birminghemliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi. O‘yindagi keyingi voqealar «Fulhem» uchun omadsizlik oqimiga aylandi. Barchasi Rodjyersning javob goli bilan boshlandi, bu vaziyatda rikoshet darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Keyin esa Andreas Pereyra penaltidan gol urolmadi. Emiliano Martines u tepgan to‘pni osonlik bilan egallab oldi.
59-daqiqadan esa «dachaliklar» uchun dahshatli o‘n daqiqalik boshlandi. Tilemans ketma-ket ikki bor burchakdan to‘p uzatdi, ikkinchi urinishda Uotkins qaytarib bermas zarba yo‘lladi. Bir necha daqiqa o‘tib mezbonlar himoyachisi Andersen qizil kartochka oldi. Himoya chizig‘idagi teshikni yopish uchun maydonga Diop tushirildi, ammo u yanada yomonroq o‘ynab, Dinning qanotdan bergan uzatmasini o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Unai Emeri jamoasi qariyb ikki oydan buyon yutqazmayapti — avgust oyi o‘rtalarida «Arsenal»ga o‘z uyida yutqazganidan beri (0:2).
«Bornmut» – «Arsenal» 2:0
Gollar: 1:0 – 70 Kristi, 2:0 – 79, penalti Klyuyvert.
«Bornmut» – Arrisabalaga, Kerkez, Senesi, Zabarniy, Arauxo (Smit, 46), Kuk, Skott (Klyuyvert, 63), Semenio, Taverne (Kristi, 63), Uattara (Sinisterra, 63), Evanilson (Unal, 82).
«Arsenal» – Rayya, Kalafiori, Gabriel, Saliba, Uayt, Rays, Parti, Trossar (Martinelli, 64), Merino (Nvaneri, 81), Sterling (Kiver, 37), Haverts.
Ogohlantirishlar: Semenio (63), Uayt (68).
Chetlatish: Saliba (30).
Ko‘rinishidan — «Arsenal»ning «Bornmut»dan mag‘lubiyati katta sensatsiya. Ammo mazmunan qaralsa, barchasi yetarlicha mantiqiy ekani ko‘rinadi. Edegor va Saka kabi asosiy yetakchilarisiz o‘ynashga majbur bo‘lgan «kanonirlar» 30-daqiqada kamchilik bo‘lib qolganidan keyin oldingi chiziqda hech narsa qila olmadi. Evanilson to‘xtatilganida arbitr avvaliga sariq kartochka ko‘rsatgandi, ammo VAR xonasidagi hakamlar ishorasidan keyin Salibaning harakatini — «so‘nggi umid foli» deb topdi.
Fransuz himoyachisi uchun bu top-5 ligalardagi 157 o‘yindagi ilk qizil bo‘lsa, Mikel Arteta jamoasi joriy mavsumning 8 turida uchta qizil kartochka olishga ulgurdi. Bu oldingi ikki mavsumdagidan (2) ko‘proq va bu o‘yinlarning barchasida ochko yo‘qotilgan.
Ko‘pchilik bo‘lib qolganidan keyin mezbonlar raqibni o‘z uslubida jazoladi va burchak jarima zarbasidan hisobni ochdi. To‘p yaqin ustun tomon yetkazib berildi va bu yerda turgan Klyuyvert bir teginishda to‘pni orqadan yugurib kelgan Kristining yo‘liga tashlab berdi va u kuchli zarba bilan hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan niderlandiyalik hujumchi ko‘p o‘tmay penaltini ham aniq ijro etib, o‘yin masalasini hal qildi. E’tiborli jihati, bu epizodda jamoa bir kishi kam bo‘lib qolgach, Sterling o‘rniga tushirilgan Kivyor ham ortga pas berishda xato qildi va yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Evanilson darvozabon tomonidan to‘xtatildi. Arteta darhol Kivyorni maydondan olib jazoladi, polshalik himoyachi katta ehtimol bilan qishki transferlar oynasi vaqtida jamoani tark etadi.
«Arsenal» 2024 yil boshidan buyon chempionatning safar o‘yinlarida ilk bor yutqazdi, qolaversa, bu mavsumda yo‘qotilgan ochkolar soni yettitaga yetdi. Bu esa hozircha yutqazmayotgan «Manchester Siti» uchun ajoyib sovg‘a deyish mumkin.
Ispaniya: Madrid buyuk rekord arafasida
«Selta» – «Real» 1:2
Gollar: 0:1 – 20 Mbappe, 1:1 – 51 Svedberg, 1:2 – 66 Vinisius Junior.
«Selta» – Guaita, Alonso, Starfelt, Mankilo (Xavi Rodriges, 72), Alvares, Sotelo, Beltran (Rodriges, 87), Mingesa, Svedberg (Gonsales, 72), Iglesias (Duvikas, 78), Bamba (Duran, 78).
«Real» – Kurtua, Ryudiger, Tchuameni, Militao, Vinisius Junior, Bellinghem, Fran Garsiya (Mendi, 70), Kamavinga (Rodrigo, 63), Valverde (Modrich, 63), Vaskes, Mbappe (Sebalyos, 82).
Vatanida Mbappeni shubhali sabab bilan milliy jamoa o‘yiniga borishdan bosh tortishda ayblashmoqda, chunki uning jarohati «Real» safida o‘ynash va Shvetsiyaga ta’tilga borib kelishga xalaqit bermadi. O‘z navbatida, Skandinav turnesidan keyin uni jinsiy zo‘ravonlikda ayblashmoqda, ammo Kilian asablari temirdan ekanini ko‘rsatmoqda. Vigoda u to‘pni raqibdan olib qo‘ygan Kamavinganing uzatmasidan keyin bir harakat bilan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va ikkinchi harakatda to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi. Bu haqiqiy shedevr va mahorat hamda sovuqqonlik namoyishi bo‘ldi, hisob 0:0 ekanida birga-bir vaziyatdan foydalana olmagan Svedbergga shu jihat yetishmagandi.
Ikkinchi bo‘limda ushbu shvetsiyalik hujumchi o‘z aybini yuvdi, Mingesa mehmonlar mudofaasidagi bo‘shliqni o‘z vaqtida ko‘rib, o‘sha joy orqali sherigini golli pas bilan ta’minladi.
Ammo himoyadagi xatoni madridliklar hujum chizig‘i vakillari saviyasi hisobiga yopib ketdi. Tajribali Modrich milliy jamoasi safida ikki o‘yin o‘tkazib kelgani tufayli zaxiradan maydonga tushdi va yana bir bor barchasini hal qildi, u ajoyib pas bilan jarohatdan tiklanayotgan Vinisius Juniorni qulay vaziyatga chiqarib yubordi. 39 yoshu 40 kunlik bo‘lgan Luka shu oqshom «Real» tarixidagi eng keksa futbolchiga aylandi.
Lekin o‘yinning qolgan qismida Kurtua ham o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. La ligadagi 200-o‘yinini o‘tkazgan Karlo Anchelotti esa Rodrigoga dam berishga qaror qilgandi (u zaxiradan tushdi), shu tufayli «Real» sxemasi o‘tgan mavsumdagi kabi yarimhimoyachilar kvarteti va forvardlar juftligini hosil qildi. Ammo bu barchasi ideal ekanini bildirmasdi. Himoya chizig‘i qo‘shimcha daqiqalarda ham xato qilishda davom etdi va faqat Duvikas qulay pozitsiyadan turib yaxshi zarba bera olmagani jamoa joniga ora kirdi. Mavsumdagi ilk klasikogacha «Real» sozlamalarni o‘zgartirishi kerak, aks holda «Barselona» 43 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib, rekord o‘rnatishga yo‘l qo‘ymasligi mumkin.
Italiya: «Milan» va «Yuve»da qiyin g‘alabalar
«Milan» – «Udineze» 1:0
Gollar: 1:0 – 13 Chukvueze
«Milan» – Menyan, Pavlovich, Tiav, Emerson, Terrachchano, Reynders, Fofana, Okafor (Musa, 46), Pulishich, Chukvueze (Tomori, 88), Morata (Abraham, 73).
«Udineze» – Okoyye, Ture, Biyol, Kabasele, Zemura, Ehizibue (Kamara, 61), Sarraga (Ekkelenkamp, 69), Karlstrem (Brenner, 81), Lovrich (Payyero, 70), Bravo (Devis, 60), Lukka.
Chetlatish: Reynders (29).
«Milan» uchun shanba kungi o‘yin chiroyli boshlangandi — s Okafor boshlagan kombinatsiyani Pulishich davom ettirdi va Chukvueze gol bilan yakunladi. Kristian qatorasiga yetti o‘yinda golli harakat bilan top-5 ligalarda bunga erishgan ilk amerikalik bo‘ldi. Ammo keyin mezbonlar uchun sinovli daqiqalar boshlandi, Reynders «so‘nggi umid foli» uchun maydondan chetlatilgach, milanliklar g‘alabali hisobni ushlab qolish uchun qahramonlik ko‘rsatishi talab etildi. Shu bilan birga, «rossonerilar» jarohat tufayli Abrahamdan ham ayrilishdi. O‘yin oxiri o‘ta asabiy kechdi, qo‘shimcha daqiqalarda «Udineze» darvozani ishg‘ol etdi va arbitr monitor qarshisida «zebralar» futbolchisi ofsaydda bo‘lganini aniqlashi uchun bir necha daqiqa ketdi.
«Yuventus» – «Latsio» 1:0
Gol: 1:0 – 85, avtogol Hila.
Yuventus – Di Gregorio, Kabal, Kalulu, Gatti (Danilo, 73), Savona (Vea, 54), Duglas Luis, Lokatelli (Fadjoli, 54), Tyuram (Adjich, 72), Yildiz, Vlahovich, Kambiyazo.
«Latsio» – Provedel, Nunu Tavaresh (Pellegrini, 78), Romanioli, Hila, Marushich, Rovella, Genduzi (Vesino, 67), Dzakkani (Kastrovilli, 67), Dia (Gabarron, 27), Isaksen (Pedro, 67), Kastelyanos.
Chetlatish: Romanioli (24).
«Latsio» ham birinchi bo‘limdayoq kamchilik bo‘lib qoldi, Romanioli bo‘lim o‘rtalarida «Yuventus» markaziy himoyachisi Kalulu darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketayotganida uni qo‘pollik bilan to‘xtatishdan boshqa chora topolmadi. Ammo turinliklar ancha vaqtgacha sondagi ustunlikdan foydalana olishmadi va birinchi bo‘limda yo‘llangan zarbalarning birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Tanaffusdan keyin ham Vlahovich va Duglas Luiz o‘z zarbalari bilan bu statistikani o‘zgartira olmadi. Serbiyalik hujumchining bir necha metr masofada turib yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi, braziliyalik yarimhimoyachi esa Veaning uzatmasidan keyin bosh bilan yo‘llagan to‘p ustundan bir necha santimetr naridan o‘tib ketdi. Oxir-oqibat, raqib o‘zi yordam berishi talab etildi — Kabalning qanotdan uzatmasidan keyin Hila o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Tiagu Motta jamoasi ochkolar soni bo‘yicha «Napoli» bilan tenglashdi, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli hozirda ikkinchi o‘rinda joylashgan. Yakshanba kuni neapolitanliklar va «Inter» javob yurishini amalga oshiradi.
Germaniya: «Bayyer» yana xarakter ko‘rsatdi, Keyn het-triklarni qalashtirmoqda
«Bayyer» – «Ayntraxt» F 2:1
Gollar: 0:1 – 16, penalti Marmush, 1:1 – 25 Andrix, 2:1 – 71 Bonifase.
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Tere (Virts, 64), Adli (Aleish Garsiya, 64), Grimaldo, Frimpong (Tella, 80), Chaka, Andrix, Bonifase (Shik, 80).
«Ayntraxt» F – Trapp, Nkunku (Uzun, 82), Teate, Kox, Kristensen, Getse (Baoyya, 71), Larsson (Daud, 79), Tuta (Sxiri, 79), Dina-Ebimbe (Shaibi, 71), Marmush, Ekitik.
Ogohlantirishlar: Tuta (28), Grimaldo (67), Inkapie (70).
«Bayyer» bir o‘q bilan ikki quyonni urib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. Juma kuni o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan «Borussiya» Dortmund hamda o‘zaro o‘yinda mag‘lub etilgan «Ayntraxt» ortda qoldirildi. Lekin o‘tgan turda «Bavariya» bilan durangga (3:3) erishgan «burgutlar» ilhomlangan, Marmush esa shunchaki ajoyib formada. Leverkuzenliklar to‘purari Bonifase penaltidan foydalana olmadi, misrlik hujumchi esa 11 metrlik jarima zarbasini benuqson ijro etdi.
Mavsumning asosiy to‘purari qatorasiga oltinchi o‘yinda maydonni golsiz tark etmayapti, klub rekordi uchun unga yana bitta aniq zarba kerak. Ammo bu gol frankfurtliklar uchun yagonaligicha qoldi, Andrih birinchi bo‘limning o‘zida Terre bilan kombinatsiyadan keyin hisobni tenglashtirdi, Bonifase esa ikkinchi bo‘limda aybini yuvdi va Habi Alonso jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi.
«Mayns» – RB «Leypsig» 0:2
Gollar: 0:1 – 20 Simons, 0:2 – 37 Orban.
«Mayns» – Tsentner, Lyaytsh (Vidmer, 87), Yyens, da Koshta, Li Je Son (Vayper, 74), Zib (Nebel, 59), Mvene, Amiri, Sano, Kasi (Vidovich, 87), Burkardt.
RB «Leypsig» – Gulachi, Lukeba, Orban, Klostermann, Sheshko (Xenrixs, 74), Simons, Nusa (Baumgartner, 74), Aydara (Kampl, 56), Vermeren (Elmaz, 74), Gertryuyda, Openda (Poulsen, 84).
Ogohlantirishlar: Aydara (53), Vermeren (60), Elmaz (89), Nebel (90+1).
«Bavariya» – «Shtutgart» 4:0
Gollar: 1:0 – 57 Keyn, 2:0 – 60 Keyn, 3:0 – 80 Keyn, 4:0 – 89 Koman.
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Je, Upamekano (Goretska, 82), Gerreyru (Laymer, 68), Pavlovich (Palinya, 8), Kimmih, Olise (Sane, 68), Gnabri (Koman, 68), Myuller, Keyn.
«Shtutgart» – Nyubel, Hendriks (Mittelshtedt, 66), Shabo, Ruo, Vagnoman (Cheyz, 86), Shtiller, Karazor, Rider, Leveling (Voltemade, 74), Undav (Ture, 74), Demirovich (Miyo, 66).
Ogohlantirishlar: Undav (53), Leveling (69).
Kechqurun esa birinchi o‘rin uchun sirtqi bahs boshlandi, o‘z o‘yinini ertaroq o‘tkazgan «Leypsig» g‘alaba qozonib, peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi. «Ho‘kizlar» jamoasi qatorasiga uchinchi g‘alabaga erishdi, Maynsdagi o‘yin taqdirini tanaffusgacha urilgan ikki gol hal qildi. Ulardan birinchisi mezbonlar darvozaboni uchun maksimal darajada sharmandali ko‘rinish oldi, chunki jarima maydoniga yorib kirgan Simonsning zarbasidan keyin to‘p darvozabon oyoqlari orasidan o‘tgan holda darvoza to‘riga borib tushdi. Mehmonlar sardori Orban esa odatdagidek standart vaziyatda o‘zini ko‘rsatib, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib ulgurdi.
«Bavariya» esa «Shtutgart»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida qiynaldi, bu o‘yin myunxenliklar uchun Pavlovichning jarohati bilan boshlandi. 9-daqiqadayoq uning o‘rniga Joau Palinyani tushirishga to‘g‘ri keldi. Ammo mehmonlarga bu yordam bermadi, ikkinchi bo‘limda Keyn katta sahnaga chiqdi. 10 zarba bilan o‘zi uchun rekord o‘rnatgan ingliz hujumchisi yubilyar Kimmihning uzatmasidan keyin yaqin burchakni aniq nishonga olib hisobni ochdi. Germaniyalik himoyachi shu kuni «Bavariya» safidagi 400-o‘yinida maydonga tushgandi. Harrining ikkinchi goli — qat’iyat va texnika uyg‘unligi bo‘ldi. Birinchi zarbasi to‘silganidan keyin ham u havoda to‘p uchun kurashib ustun keldi va uni baribir darvozaga yo‘lladi. Het-trikni esa oddiy holatda amalga oshirdi, bu vaziyatda to‘p himoyachi orqali Keynning oyoqlari ostiga kelib tushgandi. Bu uning uchun bundesligadagi oltinchi het-trik bo‘ldi, APLdagi faoliyatidagi jami uchtalik gollari sakkizta bo‘lgandi.
Fransiya: «PSJ»da yangi to‘lqin
«PSJ» – «Strasbur» 4:2
Gollar: 1:0 – 18 Mayulu, 2:0 – 47 Asensio, 2:1 – 58 Mara, 3:1 – 66 Barkolya, 4:1 – 90 Li Kan In, 4:2 – 90+2 Diong.
«PSJ» – Donnarumma, Beraldo, Pacho, Shkrinyar, Zair-Emeri, Joau Nevesh, Vitinya, Meyulyu (Fabian Ruis, 67), Barkolya (Mbayye, 82), Asensio (Li Kan In, 58), Due.
«Strasbur» – Petrovich, Sarr, Silla, Senaya (Sou, 46), Diyegu Moreyra, Santos, Mvanga (Lemareshal, 75), Nanasi (Diong, 87), Diarra, Bakva (Uattara, 80), Emega (Mara, 46).
«Monako» «Lill» bilan golsiz durang qayd etgach, «PSJ» ochkolar teng holida qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga birinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi. Jamoa yaqin vaqtlar ichida shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirishi kutilayotgan Luis Enrikega ajoyib sovg‘a tayyorlagandi. Parij klubidagilar murabbiy joriy etgan tizimga ishonishini ko‘rsatmoqda. Bu tizimda Sanni Mayulu kabi yangi yulduzlar yetishi chiqmoqda.
May oyida 18 yoshga to‘lgan ushbu yarimhimoyachi o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra «PSJ»ning eng yaxshi tarbiyalanuvchisi deb topilgandi. Shanba oqshomida esa u Barkolyaning nozik uzatmasidan keyin to‘pni yaqin burchakka mixlab, asosiy jamoadagi ilk golini nishonladi. Barkolya ham ikkinchi bo‘limda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, u mavsum startidagi sakkiz o‘yinda yetti bor raqib darvozabonlarni ranjitgan. XXI asrda bunday oraliqda faqat ikki fransuz — Benzema va Jinyak undan ko‘proq (8) gol urishgan. Parijliklar bu mavsumda «Park de Prens»dagi dastlabki to‘rt o‘yinda kamida uchtadan gol urdi, bunaqasi 2018 yildan buyon kuzatilmagandi.
Kun statistikasi
- «Tottenhem» o‘tgan mavsum boshidan buyon raqib hisobni ochgan o‘yinlarda 8 bor g‘alabaga erishdi. Bu mazkur davr oralig‘ida Angliyadagi istalgan klub bu borada erishgan natijadan ikki barobar yaxshiroq.
- «Galatasaroy» hujumchisi Osimhenga Turkiya chempionatida golli harakat qayd etishi (3+2) uchun o‘rtacha 47 daqiqa yetarli bo‘lmoqda.
- 98-daqiqa — «Lester» g‘alaba golini urgan eng kech daqiqa bo‘ldi, jamoa o‘z tarixida ilk bor ikki to‘p farqi bilan ortda borgan o‘yinida «Sauthempton» ustidan zafar quchdi (3:2).
- «Brayton» hujumchisi Uelbek APLdagi samarali ochkolari sonini 100 (72+28) taga yetkazdi.
- «Jirona» hujumchisi Stuani la ligada 300-o‘yinini o‘tkazdi. U Godin (368) va Damian Suares (324)dan keyin bu natijani qayd etgan uchinchi urugvaylik futbolchi.
- NeK himoyachisi Neytink Niderlandiya chempionatida 4444 kunik tanaffusdan keyin yana gol urdi, u bu orada 10 mavsumni Belgiya va Italiyada o‘tkazdi.
Mavzuga oid
12:33
Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024