Jahon | 21:11 / 21.10.2024
2314
4 daqiqa o‘qiladi

«GRU» va «FSB» hakerlari Gruziya hukumati hamda kompaniyalarini kuzatib kelgan - Bloomberg

Rossiyalik hakerlar Gruziya Tashqi ishlar, Moliya vazirliklari hamda hukumatning boshqa idoralari, Gruziya Milliy banki, energetika va telekommunikatsiya kompaniyalari, neft terminallari, telekanallariga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Foto: Bloomberg

Rossiya Razvedka bosh boshqarmasi («GRU») va Federal xavfsizlik xizmatiga («FSB») aloqador hakerlar bir necha yil davomida Gruziya hokimiyat organlari va yirik kompaniyalarini kuzatib, muhim infratuzilmalar faoliyatiga aralashib kelgan. Bu haqda Bloomberg agentligining surishtiruvida so‘z boradi.

Keng ko‘lamli josuslik va hakerlik hujumlari bilan bog‘liq kampaniya hujjatlar hamda texnik hisobotlarga, shuningdek, o‘z ismi sir tutilishini so‘ragan yevropalik amaldorlarning bayonotlariga asoslangan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, josuslik kampaniyasi Tashqi ishlar, Moliya vazirliklari hamda hukumatdagi boshqa idoralar, Gruziya Milliy banki (markaziy bank), energetika va telekommunikatsiya kompaniyalari, neft terminallari, telekanallariga taalluqli. Aksariyat hakerlik hujumlari 2020 yilgi parlament saylovlaridan bir necha yil oldin amalga oshirilgan, ammo Bloomberg manbalarining aytishicha, Rossiya bu kabi operatsiyalarni so‘nggi vaqtlarda ham boshlagan.

Agentlik suhbatdoshlari davom etayotgan tergovga xalaqit bermaslik uchun tafsilotlarni oshkor etishdan bosh tortgan. Ayrim hujjatlarda qator kompaniyalarning nomi tahrirlangan, amaldorlar ularning nomini ochishni istamagan.

Surishtiruvga ko‘ra, «FSB» bir necha oy davomida TIV xodimlarining, jumladan, Gruziyaning turli mamlakatlardagi elchixonalari elektron pochtalarini kuzatgan. TIVga qarshi operatsiya Turla hakerlik guruhi tomonidan amalga oshirilgan — u «FSB»ning Ryazanda joylashgan 16-Markazi tarkibiga kiradi. Bundan tashqari, hakerlar Gruziyaning Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Rossiya, Janubiy Koreya, Ozarboyjon, Kipr va Kanadadagi elchixonalari kompyuterlariga hujum qilgan. Bloombergʼning ta’kidlashicha, Turla a’zolari «josuslik bilan qat’iy ish rejimida, dushanbadan jumagacha shug‘ullangan. 2020 yil noyabr-dekabr oylarida hakerlik guruhi 114 marotaba TIV tarmog‘iga kirib, 2,1 gigabaytlik ma’lumotlarni o‘g‘irlagan.

Rossiya «GRU»si Gruziya Markaziy saylov komissiyasining serverlarini buzib kirgan. Shuningdek, Rossiya harbiy razvedkasi hujumiga «Imedi» va Maestro» telekanallari (2019 yilda) hamda «Gruziya temiryo‘llari» duch kelgan. Rossiyalik hakerlar, shuningdek, Gruziya Milliy bankidagi qator elektron pochtalarni buzib kirib, maxfiy yozishmalarni o‘qigan.

Bloomberg tomonidan o‘rganilgan hujjatlarda keltirilishicha, Gruziya agarda «nomaqbul yo‘nalishda» harakatlanishni boshlasa, Rossiya hukumati mamlakatning energetika va kommunal tashkilotlari faoliyatiga aralashishi mumkin bo‘lgan. Rossiyalik hakerlar «Telasi» energetika kompaniyasi xodimlarining xatlarini o‘qigan va kompaniya ichki videokameralari orqali xodimlar faoliyatini kuzatgan.

Boshqa bir holatda Razvedka bosh boshqarmasi elektr nimstansiyalarini o‘chirish va Gruziyaning ayrim hududlariga elektr energiyasini uzatishni to‘xtatish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, kiberjinoyatchilar Batumi neft terminali tarmog‘i faoliyatida nuqsonni aniqlagan va 2019 yil oktyabrda ko‘plab tizimlarni, xususan, videokameralarni buzib kirgan. Bundan tashqari, nomi oshkor etilmagan ikkita neftni qayta ishlash zavodi ham hujumga uchragan. Hakerlar nishoniga Skytel internet-provayderi ham duch kelgan. Mazkur holatda hujjatlarda ta’kidlanishicha, hakerlar Skytel telekommunikatsiyasini butkul o‘chirib qo‘ya olgan.

Gruziya Tashqi ishlar vazirligi «tegishli ekspertiza o‘tkazilmagunga qadar ayrim hodisalarni baholash yoki kvalifikatsiya qilish imkoniyatiga ega emasligini» bildirgan, Moliya vazirligi esa kiberjinoyatchilikni tergov qilish vazirlik vakolatiga kirmasligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid