O‘zbekiston | 15:55 / 24.10.2024
2195
10 daqiqa o‘qiladi

“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi

Senatning navbatdagi va joriy chaqiriqdagi eng so‘nggi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Tanzila Norboyeva Senatning 2020-2024 yillardagi faoliyati xususida axborot berdi. Senat raisiga ko‘ra, o‘tgan 5 yilda 59 ta yalpi majlisda 700 dan ortiq masala, jumladan, 440 ga yaqin qonun muhokamaga olib chiqilgan.

Foto: senat.uz

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi, joriy chaqiriqdagi eng so‘nggi yalpi majlisi yakuniga yetdi. Unda Tanzila Norboyeva Senatning 2020-2024 yillardagi faoliyati xususida axborot berdi. Senat raisi o‘z axborotida parlamentning yuqori palatasi tomonidan o‘tgan 5 yilda qonunchilik, nazorat-tahlil faoliyati, parlamentlararo xalqaro hamkorlik va boshqa masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Tanzila Norboyevaga ko‘ra, 2020-2024 yillar davomida 59 ta yalpi majlisda 700 dan ortiq masala, jumladan, 440 ga yaqin qonun muhokamaga olib chiqilgan. 20 ta qonun ulardagi ayrim normalar inson huquqlarini ta’minlash hamda hududlar manfaatlarini o‘zida to‘liq ifoda etmagani, umuman olganda, ularni yanada takomillashtirish zarur bo‘lgani sabab rad etilgan.

“Ma’lumki, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqi berildi. Bu yangilik muammolarni bartaraf etish, aholini qiynab kelayotgan masalalarga qonuniy yechim topish borasidagi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirdi.

Biz mahalliy kengashlar bilan birgalikda aholining qonuniy talablarini o‘rganish va tegishli qonunchilik takliflarini shakllantirish bo‘yicha izchil ish olib bordik. Natijada 50 dan ortiq qonunlarga to‘liq asoslantirilgan takliflarni hukumatga taqdim etdik.

Qonunchilik palatasida qabul qilingan qonunlar Senatga kelib tushgach, ularning hududlar manfaatlariga qanchalik mos kelishini o‘rganish maqsadida mahalliy kengash deputatlari bilan birlamchi muhokamalarni muntazam tashkil etdik.

Qonun ijodkorligi sifatini oshirish maqsadida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ularni korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti joriy etildi. Senatorlarimiz har bir yalpi majlisdan so‘ng o‘z hududlarida bo‘lib, qabul qilingan yangi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida aholiga keng tushuntirish ishlarini olib bordi”, deya ta’kidladi Senat raisi.

Shuningdek, axborotda Senat o‘tgan yillar davomida nazorat-tahlil yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib borgani qayd etildi.

Jumladan, respublika va hududiy ijro organlarining qabul qilingan davlat dasturlari ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyatini o‘rganish hamda ularning to‘laqonli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Ushbu yo‘nalishda ishlarni tashkil etishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning bajarilishiga asosiy e’tiborimizni qaratdik. Prezident topshiriqlari bo‘yicha joylardagi ijro holati nazoratini zimmamizga oldik. Mazkur dasturlar ijrosi ustidan parlament nazoratini yanada samarali tashkil etish maqsadida bu boradagi ish uslubimizni tubdan o‘zgartirdik.

Senatorlar va Senat devonining tegishli mutaxassislari ma’lum bir hududda ushbu dasturlar ijrosi holatini chuqur o‘rganib, belgilangan vazifalarning bajarilmay qolishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqladi.

O‘z navbatida, ularning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan Senat kengashining sayyor majlislarida mas’ul vazirlik, idoralar vakillari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, mahalliy kengash deputatlari ishtirokida har bir viloyatda alohida muhokamalar tashkil etildi.

Har bir tuman (shahar) bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan alohida “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Ularda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borildi. Ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan yirik muammolar Senatning yalpi majlislarida mas’ul mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi, ularni hal etish yuzasidan Senat kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi”, dedi Tanzila Norboyeva.

Qayd qilinishicha, 2020 yildan boshlab har yili Senatning hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi 5 mingdan ziyod muammoli masalani hal qilishga umumiy hisobda 10 trln so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlangan.

Senat tomonidan mahalliy kengashlar tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, faoliyatiga doir ichki normativ hujjatlarini yangilash borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli, maqsadli va kompleks yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish, ularni jarayonga faol jalb etish maqsadida Senatda Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi tashkil etilgan.

Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida mahalliy kengashlarga huquqiy, axborot-tahlil hamda ilmiy-uslubiy jihatdan ko‘maklashish, ularning norma ijodkorligiga doir faoliyatini monitoring qilib borish va zarur tavsiyalarni ishlab chiqish kabi muhim vazifalar belgilab olingan. Shuningdek, mahalliy kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etilib, ularning faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilgan.

Tanzila Norboyeva parlamentlararo xalqaro hamkorlik orasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Guvohi bo‘lib turganimizdek, bugun dunyoning ayrim mintaqalarida yuzaga kelgan qaltis va murakkab bir vaziyatda mamlakatlar o‘rtasida, birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, muammolarning o‘zaro manfaatli yechimini topish, shuningdek, xalqaro hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirish va takomillashtirishda parlament diplomatiyasi har qachongidan ko‘ra muhim rol o‘ynamoqda.

Parlamentimiz o‘tgan davr mobaynida aynan mana shu yo‘nalishlar bo‘yicha milliy manfaatlarni va tashabbuslarni xalqaro miqyosda faol ilgari surish maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lidan bordi.

So‘nggi yillarda Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlamentlararo Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi bilan aloqalarimizni kengaytirdik va ushbu xalqaro tuzilmalar ishida faol ishtirok etib kelmoqdamiz.

Xalqaro munosabatlarda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Senatda 27 ta parlamentlararo do‘stlik guruhlari va komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston parlamenti faoliyatida to‘plangan ilg‘or tajribalarni inobatga olgan holda bir qator xalqaro tuzilmalar o‘zlarining nufuzli tadbirlarini aynan mamlakatimizda tashkil etish tashabbusini bildirdi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xotin-qizlar forumi”, “Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti”, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi va qator xalqaro konferensiyalar tashkil etildi”, deya ma’lum qildi Senat raisi.

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston tomoni taklifiga ko‘ra, Parlamentlararo Ittifoq o‘zining 150-yubiley Assambleyasini 2025 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

O‘tgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 16 ta milliy maqsad, 126 ta vazifa va 190 ta indikator doirasida olib borilayotgan ishlar holati hududlar va tarmoqlar kesimida o‘rganilib, mavjud holat yilning har choragida muhokama qilib borilgan. Komissiya majlislarida 40 dan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitilgan va bu boradagi muammolarni hal etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.

Qolaversa, O‘zbekiston dunyo tarixida birinchi bo‘lib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga parlamentlar e’tiborini qaratish, sohada parlament nazoratini kuchaytirish, bu borada parlamentlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan.

Tanzila Norboyeva Gender tenglikni ta’minlash va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtaldi.

Unga ko‘ra, mamlakatda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish bo‘yicha strategiya qabul qilingan hamda ushbu strategiya doirasida indikator va ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan. Har chorak yakunida esa ular ijrosi yuzasidan tahliliy-tanqidiy muhokamalar yo‘lga qo‘yilgan.

Quvonarlisi shundaki, bu yo‘lda mamlakatimiz erishayotgan natijalar va to‘plangan milliy tajriba Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” deb nomlangan indeksida alohida e’tirof etildi. Unga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatoridan joy olgani bizni mamnun qiladi”, dedi Norboyeva.

Senat raisiga ko‘ra, olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston so‘nggi 6 yilda Huquq ustuvorligi indeksida – 16, Korrupsiyani qabul qilish indeksida – 32, Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida – 18, Iqtisodiy erkinlik indeksida – 31, Logistika samaradorligi hamda Global innovatsiya indekslarida – 11 pog‘onaga yuqorilagan.

Tanzila Norboyeva axboroti so‘ngida hafta oxirida o‘tadigan saylovlarda xalq ishonchiga sazovor bo‘lib, katta mas’uliyatli vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan bo‘lajak deputat va senatorlar ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Mavzuga oid