Jahon | 21:41 / 26.10.2024
8987
3 daqiqa o‘qiladi

BRICS dollarni «g‘arq qilishga» qodir emas – Bloomberg

Dollarga moslashtirilgan global infratuzilma AQSh valutasining kamida yana bir necha o‘n yillar davomida hukmronligini ta’minlashi mumkin.

Foto: brics-russia2024.ru

Rossiya xalqaro savdoda dollarni chetlab o‘tish uchun BRICS guruhidan foydalanishga intilmoqda. Biroq, bu rejalar shunchaki xayol bo‘lib qolaveradi, deb yozdi Bloomberg.

Nashrning qayd etishicha, tashkilotchilar Qozondagi BRICS sammiti mehmonlariga o‘zi bilan naqd dollar yoki yevro olib kelishni maslahat bergan, chunki Rossiyadan tashqarida chiqarilgan VISA bank kartalari Rossiya hududida ishlamaydi.

«Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon jahon moliya tizimida hukmronlik qilayotgan valutadan ajralib chiqish qanchalik qiyinligini bundan ham yaxshiroq misol bilan tasavvur qilish qiyin», deb qayd etdi nashr mualliflari.

BRICS mamlakatlari birgalikda jahon iqtisodiyotining salmoqli qismini tashkil etsa-da, dollarga moslashtirilgan global infratuzilma AQSh valutasining kamida yana bir necha o‘n yillar hukmronligini ta’minlashi mumkin, deb yozdi Bloomberg.

Rossiya va Xitoy jahon savdosini dedollarizatsiya qilish g‘oyasini ilgari surishga harakat qilmoqda, ammo hozir buni amalga oshirishning haqiqiy mexanizmlari yo‘q. Bloomberg iqtisodchilari Aleks Isakov va Jyerar DiPippo fikricha, BRICS mamlakatlarida transchegaraviy to‘lovlarda dollarni chetlab o‘tishning uchta yo‘li bor: mahalliy valutalar, yangi raqamli valutalar yoki Xitoy yuanlari bilan savdo qilish. Ammo uchta variant ham juda shubhali.

«Mahalliy valutadagi hisob-kitoblar past likvidlik tufayli qimmatga tushadi. Raqamli valutalar juda o‘zgaruvchan va odatda asosiy savdo oqimlariga dosh berish uchun likvidlikka ega emas. Natijada yuan qoladi. Xitoy uni xalqaro miqyosda amal qilishini xohlaydi, lekin erkin suzib yurishiga qo‘yib bermaydi. Xitoy inqiroz sharoitida o‘z iqtisodiyotidan tashqarida cheksiz miqdorda yuan chiqarishni xohlaydimi yoki yo‘qmi degan savol ham hal qilinmagan», dedi iqtisodchilar.

Nashrning ta’kidlashicha, inqiroz davrida Qo‘shma Shtatlar o‘z ittifoqchilariga moliyaviy tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun dollar yetkazib beradi. Ammo Xitoy hatto Rossiyani yetarli yuan bilan ta’minlay olmaydi, dedi nashr mualliflari. Bu fikr hatto BRICS sammitida ham aytilmagan.

Mavzuga oid