Iqtisodiyot | 14:06 / 26.10.2024
6503
3 daqiqa o‘qiladi

Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi

Raqobat qo‘mitasi bu bozorda Yandex Eats va Express24 servislarini ustun mavqega ega (monopol) deb topdi. Avvalroq bu ikki servis yagona platformada birlashishi e’lon qilingandi.

Illyustrativ surat

Raqobat qo‘mitasi “YandexGo UB” MChJ, “Yandex Eats” MChJ XK hamda “Express24 APP” MChJni ustun mavqega ega (monopol) raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etdi.

Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan, Yandex Go taksi agregatori xizmatlari bozorida, Yandex Eats va Express24 esa tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmatlari bozorida ustun mavqega ega deb topilgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, bunga “Yandex Eats” MChJ XK va “YandexGo UB” MChJlarning bu sohalarda ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomalari asos bo‘lgan.

“Qo‘mita “YandexGo UB” MChJ va “Yandex Eats” MChJ XKlar tomonidan yangi tartibga solish hujjatlari talablarini bajarilishini olqishlaydi”, – deyiladi monopoliyaga qarshi organ bayonotida.

Qo‘mita endilikda bu korxonalar tomonidan ustun mavqeyini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida majburiy tartibda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib borilishini ma’lum qildi.

Kecha, 25 oktyabr kuni Yandex Uzbekistan kompaniyasi Express24 servisi aktivlarining bir qismini sotib olishini e’lon qilgandi. Yandex Uzbekistan matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ushbu bitim iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati talablariga tushmasligi, shunday bo‘lsa-da, Raqobat qo‘mitasiga xabar berilganini bildirgandi. Qo‘mita buni tasdiqlagan.

“Mazkur bitimga monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish (rozilik olish) talablari tatbiq etilmaydi, chunki, korxonalarning aksiyalari (ulushlari) sotib olinmagan va qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish holatlari sodir etilmagan”, – deya qayd etgan qo‘mita.

Qo‘shimcha qilinishicha, amaldagi qonun hujjatlariga aktivlarni sotib olishda monopoliyaga qarshi organining oldindan roziligini olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qo‘mita tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi “YandexGo UB” MChJning taksi agregatori xizmatlari bozoridagi ustun mavqeyini o‘tgan yili 4 dekabrda e’tirof etgandi.

Mavzuga oid