Jahon | 00:26 / 27.10.2024
6255
2 daqiqa o‘qiladi

JSST mpox bilan kasallanish 22 oy ichida rekord darajaga chiqqanini ma’lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sentabr oyida mpox bilan kasallanishga oid 2 763 ta holatni qayd etgan.

Foto: Report.az

Butun dunyoda 2024 yilning sentabr oyida 2,7 mingdan ortiq insonda mpox virusi (maymunchechak) aniqlandi, deb xabar beradi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

«Sentyabr oyida mpox bilan kasallanishga oid 2 763 ta holat to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Bu 2022 yilning noyabridan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, dunyoda kasallanish holati ortayotganidan dalolat beradi», — deyiladi JSST xabarida.

Statistikaga ko‘ra, avgust oyi bilan taqqoslaganda kasallanish holati 8 foizga oshgan. Eng ko‘p o‘sish holati Afrika hisobiga to‘g‘ri kelmoqda (35 foiz) — qit’ada sentabr oyida mpox virusi 1 756 kishida aniqlangan. Shu bilan birga, Yevropada kasallanish holati sentabr oyida 26 foizga (211 ta holat), Amerikada esa 32 foizga (426 ta holat) kamaygan.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning 1 yanvaridan joriy yilning 30 sentabrida qadar dunyoning 123 ta davlatida qariyb 110 ming kishida mpox aniqlangan, bemorlarning 236 nafari vafot etgan.

Ma’lumot uchun, mpox (maymunchechagi) virusi avgust oyi o‘rtalarida Afrika mintaqasida favqulodda holat deb e’lon qilingan edi. Eng ko‘p yuqish holatlari Kongo, Burundi va Nigeriyada aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida JSST mpox’ga qarshi ilk vaksinani tasdiqlagan edi.

Mavzuga oid