Jahon | 19:21 / 27.10.2024
3851
3 daqiqa o‘qiladi

NASA Ilon Mask va Putinning muloqotlari yuzasidan tergov o‘tkazishga chaqirdi

NASA rahbari Bill Nelson SpaceX asoschisi va Rossiya prezidenti muntazam aloqada bo‘lib kelgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Amerika kosmik agentligi (NASA) rahbari Bill Nelson SpaceX asoschisi Ilon Mask hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi ehtimoliy muloqotlar bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirdi, deb xabar beradi CNN.

NASA rahbari Mask hamda Putin muntazam aloqada bo‘lib kelgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini ta’kidlagan.

«Agar Ilon Mask va Rossiya prezidenti o‘rtasida ko‘p sonli muloqotlar bo‘lib o‘tganiga oid xabarlar to‘g‘ri bo‘lsa, bu birinchi navbatda NASA, Mudofaa vazirligi, ayrim razvedka agentliklar uchun xavotirni yuzaga keltiradi deb o‘ylayman», — deydi Nelson.

AQShdagi ayrim amaldorlar o‘tgan yili Maskning Rossiya bilan aloqalari yuzasidan kontrrazvedkaga o‘z xavotirlarini bildirgan adi. Ammo Mask AQSh fuqarosi bo‘lgani uchun razvedka mazkur masalaga ehtiyotlik bilan yondashmoqda.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Maskning Putin bilan muloqotlariga oid xabarlarni ko‘rganini, ammo Oq uy «buni tasdiqlay olmasligini» ma’lum qildi.

Pentagon OAVda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirishdan bosh tortdi, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Mask va Putin faqat bir marotaba telefon orqali suhbatlashganini, shunda ham ular «kosmosni, hozirgi va kelajak texnologiyalarini» muhokama qilganini qayd etdi.

Avvalroq The Wall Street Journal (WSJ) AQSh, Yevropa va Rossiyadagi bir qancha amaldagi va sobiq amaldorlarga tayangan holda, milliarder va Donald Trampning tarafdori, amerikalik biznesmen Ilon Mask 2022 yil oxiridan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muntazam aloqada ekani aytilgan maqolani chop etgan edi.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Mask va Putin shaxsiy va biznes mavzularini, shuningdek, geosiyosiy ziddiyatlarni muhokama qilishadi. Gazetaning ta’kidlashicha, Maskning Kreml bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlarni, aftidan, hatto AQSh ma’muriyatida hamma ham bilmaydi. WSJ suhbatdoshlaridan biri AQSh rasmiylariga Mask va Putinning aloqalari yoqmasligini aytdi, biroq Oq uy tadbirkorga hech qanday e’tiroz bildirmagan.

Mavzuga oid