Yaponiya hukmron partiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotdi
Yaponiya hukumatida hokimiyatning qayta taqsimlanishi fonidagi noaniqlik iyena va fond bozorini zaiflashtirishi mumkin, deb yozadi Reuters.
Yaponiyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida bosh vazir Shigeru Ishiba boshchiligidagi "Komeyto" partiyasi va Liberal-demokratik partiyaning (LDP) hukmron koalitsiyasi ko‘pchilik o‘rinni qo‘ldan boy berdi. Bu haqda 27 oktyabr, yakshanba kuni NHK telekanali xabar berdi.
NHK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘pchilik ovozlar sanab chiqilgach, LDP va "Komeyto" parlamentdagi avvalgi 279 o‘rin o‘rniga bor-yo‘g‘i 209 o‘ringa ega bo‘ldi. O‘z navbatida, Yaponiyaning muxolifatdagi Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasi (KDP), dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentdagi vakilligini 98 o‘rindan 143 o‘ringa oshiradi.
Vakillar palatasida mutlaq ko‘pchilikni shakllantirish uchun 233 mandat kerak. Ko‘pchilikning yo‘qligi hukumat o‘zgarishini anglatmaydi, biroq hukmron koalitsiya yo‘qolishi bosh vazirga o‘z partiyasi siyosatini parlament orqali olib borishni qiyinlashtiradi va LDPni yangi siyosiy hamkorlar izlashga majbur qiladi. Dunyoning uchinchi yirik iqtisodiyoti hukumatida hokimiyatning qayta taqsimlanishi fonida noaniqlik iyena va fond bozorini zaiflashtirishi mumkin, deb yozadi Reuters.
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
Yaponiya 2024 yil noyabr oyida 50 yoshga to‘ladigan «Takahama» atom elektr stansiyasining birinchi energobloki ishlashini davom ettirishni ma’qulladi. Tegishli qaror Yaponiya yadroviy energetikani tartibga solish boshqarmasi tomonidan qabul qilindi.
Yaponiya regulyatorlarining qo‘shimcha sinovlari shuni ko‘rsatdiki, reaktor neytron bosimiga bardosh bera oladi va beton mustahkamligini saqlay oladi. Shunday qilib, Yadro energetikasini tartibga solish organi «Reaktorning ishlash muddatini uzaytirish uchun Kansai Electric Power (KEPCO)operatorining arizasini» rasman tasdiqladi.
Kyodo axborot agentligining xabar berishicha, №1 reaktor «mamlakatda 50 yildan ortiq vaqtdan beri ishlashga ruxsat olgan birinchi reaktor» hisoblanadi.
4 reaktorga ega «Takahama» atom elektr stansiyasi Fukui prefekturasi sohilida, Yapon dengizi qirg‘og‘ida joylashgan. Qonunga ko‘ra, Yaponiyadagi yadroviy reaktorlar maksimal 60 yil ishlashi mumkin.
Mavzuga oid
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
15:00 / 23.12.2024
Yaponiya savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi
18:22 / 22.12.2024