Yetti davlat UNRWA'ning Isroilda taqiqlanishiga qarshi chiqdi
Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Isroilning UNRWA faoliyatini taqiqlash rejalaridan xavotirda. Tashkilot ishi bo‘lmasa, insonparvarlik yordami ko‘rsatish juda qiyin bo‘ladi, deya ta’kidladi mamlakatlar.
Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya Isroil parlamentining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ishlari agentligi (UNRWA) ishini jiddiy cheklaydigan qonun loyihalaridan «chuqur xavotir bildirmoqda». Bu haqda 27 oktyabr, yakshanba kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan yetti davlat tashqi ishlar vazirliklarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
«UNRWA G‘azo sektori, Sharqiy Quddus, G‘arbiy sohil va butun mintaqadagi falastinlik qochqinlarga muhim va hayotni saqlab qoladigan insonparvarlik yordami va asosiy xizmatlarni taqdim etadi. Uning ishisiz bu yordam va xizmatlar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va G‘azoda yonilg‘i taqsimoti masalasi juda qiyinlashadi», deyiladi ma’lumotda.
Tashqi ishlar vazirlari Isroil hukumatini xalqaro majburiyatlarini bajarishga, UNRWA imtiyoz va immunitetlarini saqlab qolishga hamda barcha shakllarda to‘liq, tez, xavfsiz va cheklanmagan gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, juda zarur bo‘lgan asosiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga «qattiq chaqirdi».
UNRWA bosh komissari: G‘azo shimolidagi odamlar halok bo‘lishi mumkin
Blokada ostidagi G‘azo sektori shimolidagi falastinliklar halok bo‘lishi mumkin, deya yozdi BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazarini ijtimoiy tarmoqda. U eksklavda hech bo‘lmaganda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
U Isroil armiyasining qariyb uch haftadan beri davom etayotgan o‘qqa tutishi tufayli G‘azo shimolida qurbonlar soni kundan kunga ortib borayotganiga e’tibor qaratdi.
Hatto UNRWA xodimlari dori-darmon, oziq-ovqat va ichimlik suvini topishda qiynalmoqda, deb yozadi Lazarini.
UNRWA bosh komissari, shuningdek, Isroil halok bo‘lganlarning jasadlarini olib chiqishga va insonparvarlik harakatlariga to‘sqinlik qilayotganiga e’tibor qaratdi. «Yo‘llarda va vayronalar ostida qolgan jasadlardan o‘lim hidi hamma joyda sezilyapti», — deyiladi nashrda.
G‘azo sektori shimolidagi falastinliklar o‘zlarini tashlab ketilgandek, umidsiz va yolg‘iz his qilmoqda, deydi u. «G‘azo shimolidagi odamlar har lahzani o‘lim qo‘rquvi bilan o‘tkazyapti. G‘azo shimolidagi xodimlarimiz nomidan men hududni xavfsizroq joyga tark etishni xohlovchi oilalarga gumanitar yordam xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun bir necha soatga bo‘lsa ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman», — deb yozadi UNRWA rahbari.
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024