O‘zbekiston | 13:57 / 29.10.2024
6266
3 daqiqa o‘qiladi

Skuter va samokatdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi

Prezident imzolagan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi: endi skuterlar, velosipedlar hamda samokatda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jarima yoziladi.

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, endilikda skuterlar, mopedlar va velosipedlarni, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi BHMning uchdan bir qismi miqdorida (125 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini, skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, qolaversa, individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashish BHMning ikkidan bir qismi miqdorida (187,5 ming so‘m) jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, skuter, moped, velosipedni, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxsning alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur qoidalar qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, ya’ni 28 noyabrdan amalga kiritiladi.

Ma’lumot uchun, kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalariga elektr dvigateli bilan ta’minlangan, kichik o‘lchamdagi, asosan shaxsiy yoki qisqa masofalarda transport sifatida qo‘llanadigan vositalar. Bularga elektr skuterlar, elektr velosipedlar, miniatyur elektr avtomobillar va giroskuterlar kiradi.

Individual harakatlanish vositalariga esa shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan, asosan bitta odamni tashishga qodir bo‘lgan transport turlari. Ularning ichiga velosipedlar, skeytbordlar, skuterlar, monokoleso, giroskuterlar, segveylar va hatto kichik elektromobillar kiradi.

Mavzuga oid