O‘zbekiston | 19:42 / 29.10.2024
28892
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘g‘il bolaga qiz bola kiyimini kiydirib, sahna ko‘rinishi tashkillashtirgan tarbiyachi ishdan olindi

Ushbu holatdan bolaning otasi xabar topgan va farzandining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam so‘rab, Bolalar ombudsmaniga murojaat yo‘llagan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida sahna ko‘rinishini tashkillashtirgan tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Foto: Kun.uz

Yunusobod tumanida o‘g‘il bola tarbiyalanuvchiga qiz bola kiyimini kiydirib, sahna ko‘rinishi tashkillashtirgan bog‘cha tarbiyachisi ishdan olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmaniga Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi I.K. murojaat qilgan.

Ota o‘z murojaatida voyaga yetmagan o‘g‘li Ya.K. (2016 yilda tug‘ilgan) Mirobod tumanidagi MTTlardan birining tarbiyalanuvchisi ekanini, 2022 yilda tarbiyachi o‘g‘liga qizlar kiyimini kiydirib, lab va yuzlarini bo‘yab, ayollar raqsini ijro ettirganini, bu orqali o‘g‘lining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganini ma’lum qilgan. Murojaatchi bunday sahna ko‘rinishlari haqida ota sifatida uni ogohlantirishmaganini va ruxsatini olishmaganini bildirgan holda bolasining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam so‘ragan.

Holat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Ya.K. qatnashgan tadbirda sahna ko‘rinishini tashkillashtirgan tarbiyachi X.Q. ekani va bolaga oid bu sahna xususiyatlari yuzasidan otadan ruxsat olmagani aniqlangan. Tarbiyachiga nisbatan Mehnat kodeksining 157-moddasi (mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish) bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Mavzuga oid